Yirik miqdordagi noqonuniy import bilan shugʻullanayotgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi

18:13 05 Oktyabr 2020 Jamiyat
299 0

Joriy yilning 4-oktyabr kuni, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish va oʻz xavfsizlik boʻlimlari tomonidan “Chuqursoy” bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Davlat byudjetiga bojxona toʻlovlarini toʻlamaslik maqsadida yirik miqdordagi import tovarlarni past stavkali tovarlarga almashtirish bilan shugʻullanib kelgan,puxta oʻylangan jinoiy sxemaga asoslangan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi. Bu haqda DBQ axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, oldindan tuzilgan rejaga koʻra tashkilot nomiga xorijdan import qilingan yuqori stavkali generator, suv purkagich, changyutgich, kiryuvgich kabi qimmatbaho xoʻjalik uskunalari va qurilish anjomlari “vaqtincha saqlash” bojxona rejimiga rasmiylashtirilib, oʻz omborida yuqoridagi tovarlar oʻrniga jinoiy guruh aʼzolari tomonidan soxta yoʻl-yuk kuzatuv hujjatlarida koʻrsatilgan qulf, elektrod, tokqaychi va arra kabi 16 turdagi tovarlarga almashtirilayotgan vaqtda toʻxtatib qolindi.

Buni qarangki, yuk egalari ushbu jinoyatni amalga oshirish uchun jinoiy guruhga 20 nafar shaxsni yollab, har birining vazifalarini taqsimlashgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra yoʻl-yuk hujjatlarida koʻrsatilmagan va ashyoviy dalil sifatida olingan 31 turdagi 4214 dona tovarning umumiy qiymati 5 milliard soʻmni tashkil etishi maʼlum boʻldi.

Jinoiy guruhning gʻaraz maqsadlari amalga oshganda edi, davlatimiz gʻaznasiga bor-yoʻgʻi 1 milliard soʻm miqdorida bojxona toʻlovlari undirilib, 4 milliard 500 million soʻmlikdan ortiq zarar yetkazilar edi.

Mazkur aniqlangan qonunbuzarlik holati yuzasidan hozirda bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Korxonaning tashqi iqtisodiy faoliyati esa bojxona auditidan oʻtkaziladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?