“Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” nomiga kimlar munosib?

10:55 02 Iyul 2019 Jamiyat
317 0

Namangan shahrida maktabgacha taʼlim tizimida oʻtkazilayotgan“Yilning eng yaxshi tarbiyachisi-2019” respublika kasbiy koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi nihoyasiga yetdi.

Maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyachilarining kasb mahoratini takomillashtirish, ularning ilgʻor pedagogik texnologiyalar, xususan, innovatsion usullardan samarali foydalanish boʻyicha tajribalarini ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan tanlovning saralash bosqichlarida 543 nafar mutaxassis ishtirok etdi.Ayni jarayonlarda gʻolib chiqqan 36 nafar mutaxassis mamlakat bosqichi yoʻllanmasini qoʻlga kiritish boʻyicha bahsga kirishdi.

Qatnashchilarning internet bilan ishlash, pedagogik mahorat, kasbiy tok shou yoʻnalishi boʻyicha shartlardagi ishtirokini talabchanlik bilan baholagan hakamlar hayʼati poytaxtda Namangan viloyati sharafini himoya qiladigan tarbiyachilar nomini aniqlab berdi. Yakuniy xulosaga koʻra,Chust tumanidan Umida Mirzajonova “Eng yaxshi metodist tarbiyachi”, Yangiqoʻrgʻonlik Gulnoza Abdurahmonova “Eng yaxshi ijodkor tarbiyachi”, Toʻraqoʻrgʻon tumani vakilasi Madina Abdulhayeva “Innovatsion axborot texnologiyalarini qoʻllay oladigan eng yaxshi tarbiyachi”nominatsiyalari boʻyicha gʻolib, deb topildilar.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?