Yilning eng yaxshi ishbilarmonlariga Prezident sovgʻasi topshirildi

15:20 17 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
886 0

Toshkent shahridagi muhtasham “Navroʻz” restoranida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar oʻrtasida oʻtkazilgan “Tashabbus — 2018” respublika koʻrik-tanlovi gʻoliblarini aniqlash hamda ularni tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Unda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston RespublikasiSavdo-sanoat palatasi raisi A. Ikramov, Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi J. Ortiqxoʻjayev va boshqalar taʼkidlaganidek, iqtisodiyotni erkinlashtirish, tadbirkorlik harakatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, bir soʻz bilan aytganda, qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor vazifasi etib belgilangan. Natijada kichik biznes subyektlari soni yil sayin koʻpayib, ulrning yalpi ichki mahsulotni shakllantirish, ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan toʻldirish, xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, eksport salohiyatini yuksaltirishdagi hissasi ortmoqda. Anʼnaviy ravishda oʻtkazib kelinayotgan “Tashabbus” koʻrik-tanlovi esa iqtisodiy taraqqiyotimizga munosib hissa qoʻshayotgan ana shunday ilgʻor tadbirkorlar, omilkor fermerlar, qoʻligul hunarmandlar mehnatini eʼtirof etish, tajribalarini ommalashtirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

“Tashabbus — 2018” asosiy tashkilotchi hisoblangan Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “Hunarmand” uyushmasi, Yoshlar ittifoqi tomonidan tegishli vazirlik hamda idoralar koʻmagida yangicha formatda tashkil etildi. Ikki oy davom etgan biznes marofonda mamlakatimizning barcha tuman va shaharlaridan 6 mingdan ortiq ishbilarmonlar ishtirok etdi. Quyi bosqichlarda saralanib, yakuniy bosqichga yetib kelgan 915 nafar kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti, fermer va hunarmand Prezident sovrini uchun oʻzaro bellashdilar.

Ochigʻini aytish kerak, bir piyola choy ustida, toʻkin dasturxon atrofida jam boʻlgan tanlov ishtirokchilari orasidan gʻoliblar nomini aniqlash oson kechmadi. Axir, respublikamizning turli hududlaridan kelgan tadbirkorlarning barchasi, hech shubhasiz, oʻz ishining ustasi sanaladi. Ular nomi tilga olinganida yigʻilganlar davomli qarsaklar bilan olqishganining boisi ham shunda.

Dastlab koʻrik-tanlovning “Eng yaxshi tadbirkor ayol”, “Yilning eng yaxshi innovatsion loyihasi”, “Yoshlarga eng koʻp ish joyi yaratgan tadbirkor”, “Eng yaxshi oilaviy biznes sohibi”, “Yilning eng yaxshi mahsuloti”, “Eng yaxshi eksportchi”, “Eng masʼuliyatli ijtimoiy sherik”, “Eng yaxshi koʻrgazma namoyishi uchun” singari qoʻshimcha nominatsiyalari boʻyicha sovrindorlar aniqlandi. Ularga maxsus diplom va qimmatbaho sovgʻalar berildi.

Shundan soʻng eng hayajonli damlar boshlandi. Chunki navbat beshta asosiy — “Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, “Xizmat koʻrsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori”, “Yilning eng yaxshi fermeri”, “Yilning eng yaxshi hunarmandi” yoʻnalishlari boʻyicha gʻoliblar nomi eʼlon qilishga yetib kelgandi-da! Ushbu yoʻnalishlarda uchinchi va ikkinchi oʻrin egalari munosib taqdirlach, oliy oʻrin sohiblari sahnaga chorlandi.

Shunday qilib, “Namangan momiq sochiqlari” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Gʻiyosiddin Boboxonov “Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, “Fargʻona tibbiy diagnostika” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Abdumalik Ergashev “Xizmat koʻrsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, Toshkent shahridagi “Azr-Textile Group” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Azizjon Zoirov “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori”, Xorazm viloyatidagi “Yoʻldosh Majid” fermer xoʻjaligi rahbari Yoʻldosh Iskandarov “Yilning eng yaxshi fermeri”,samarqandlik mohir yogʻoch oʻymakori Mansur Asadov “Yilning eng yaxshi hunarmandi” deb topildi.

Barcha yoʻnalish birinchi oʻrin sohiblariga “Tashabbus — 2018” statuetkasi, oltin medal, maxsus diplom hamda Prezident sovgʻasi — “Spark” avtomobilining kaliti topshirildi.

“Bildirilgan yuksak ishonchni mehnat yutuqlarimiz bilan oqlaymiz. Masalan, hozirgi paytda korxonamiz tarkibida beshta fabrika tashkil etilgan boʻlib, ularda 1800 kishi mehnat qilmoqda. 2020 yilgacha esa ishlab chiqarish quvvatlarini yanada koʻpaytirib, ishchilar sonini 10 ming nafarga yetkazish ustida aniq loyihalar ustida ishlayapmiz. Uni muvaffaqiyatli roʻyobga chiqarishimizda bugungi eʼtirof va ragʻbat biz uchun bamisoli qanot boʻladi”, — deydi “Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori” nominatsiyasi gʻolibi Gʻiyosiddin Boboxonov.

Sanʼat ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi tadbirga bayramona fayz bagʻishladi.
Said RAHMONOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?