Yilning eng namunali Kengashi aniqlandi

17:12 17 Dekabr 2018 Siyosat
525 0

Arxiv foto

Senatning mahalliy vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi tomonidan xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlari oʻrtasida “Yilning eng namunali Kengashi” tanlovi eʼlon qilingan edi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati xabariga koʻra, tanlov doirasida ishchi guruhlar tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan “namunali” deb topish uchun taqdim etilgan nomzod Kengashlar faoliyatiga oid hujjatlar va baholash natijalari oʻrganib chiqildi.

Komissiya ishchi guruhi tomonidan respublikamizning har bir hududidan 3 tadan jami 42 ta tuman (shahar) Kengashining hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining bir yillik faoliyatiga oid maʼlumotlar oʻrganildi. Mahalliy Kengashlar faoliyatini oʻrganishda Kengash, doimiy komissiya, partiya guruhi va deputatlar faoliyati bir qator mezonlar boʻyicha 5 ballgacha baholandi.

Ushbu mezonlar qatorida mahalliy Kengash binosining hamda Kengash moddiy-texnik taʼminotining holati, u faoliyat yuritishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar, uning tegishli qonun hujjatlari bilan qay darajada taʼminlanganligi holati,mahalliy Kengashda ish yuritishning nomenklatura asosida yoʻlga qoʻyilganligi, mahalliy Kengash ish rejasi ijrosining holati kabilarni sanab oʻtish mumkin. Shuningdek, oʻrganishlar davomida davlat va hududiy dasturlar, hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga oid “yoʻl xaritalari”, byudjetning ijro etilishi ustidan deputatlik nazorati amalga oshirilishining holati ham hisobga olindi.

Tanlov yakunlariga koʻra, quyidagi mahalliy Kengashlar namunali tuman (shahar) Kengashi deb topildi:

Qoraqalpogʻiston Respublikasida - Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi,

Andijon viloyatida - xalq deputatlari Qoʻrgʻontepa tuman Kengashi,

Buxoro viloyatida - xalq deputatlari Vobkent tuman Kengashi,

Jizzax viloyatida - xalq deputatlari Arnasoy tuman Kengashi,

Navoiy viloyatida - xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashi,

Namangan viloyatida - xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi,

Samarqand viloyatida - xalq deputatlari Jomboy tuman Kengashi,

Sirdaryo viloyatida -xalq deputatlari Boyovut tuman Kengashi,

Surxondaryo viloyatida - xalq deputatlari Denov tuman Kengashi,

Toshkent viloyatida - xalq deputatlari Olmaliq shahar Kengashi,

Fargʻona viloyatida - xalq deputatlari Fargʻona shahar Kengashi,

Xorazm viloyatida - xalq deputatlari Hazorasp tuman Kengashi,

Qashqadaryo viloyatida - xalq deputatlari Qarshi tuman Kengashi,

Toshkent shahrida - xalq deputatlari Olmazor tuman Kengashi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?