“Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi eʼlon qilindi

00:11 04 Iyun 2020 Jamiyat
330 0

foto by: Google

“Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi tashkiliy qoʻmitasi bu yilgi tanlov on-layn tartibda oʻtkazilishini maʼlum qildi.

1. Umumiy qoidalar

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi milliy ommaviy axborot vositalarida faoliyat koʻrsatayotgan jurnalistlarning kasbiy mahoratini oshirish, ijodiy salohiyatini yuksaltirish, mamlakatimiz ijtimoiy hayotidagi, islohotlar jarayonidagi ishtirokini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish maqsadida 27-iyun – “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni”ga bagʻishlangan anʼanaviy “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovini pandemiya bois yuzaga kelgan karantin sharoitida Muvaqqat nizom asosida, on-layn tartibida oʻtkazishga qaror qiladi.

Tanlovga taqdim etiladigan jurnalistik ishlar – bosma ommaviy axborot vositalarida va internet nashrlarida chop etilgan maqolalar, efirga uzatilgan telekoʻrsatuv va radio eshittirishlarda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar va demokratik yangilanishlar jarayoni, jumladan koronavirus pandemiyasi va favqulodda holatlarda jamiyatimizda odamlarimiz tomonidan namoyon etilayotgan fidoyilik, oʻzaro hurmat, mehr-oqibat va bagʻrikenglik kabi olijanob fazilatlar tobora mustahkamlanib borayotgani, Vatan taqdiri va istiqboliga daxldorlik tuygʻusi maʼnaviy hayotimizning uzviy qismiga aylanib borayotgani oʻz aksini topgan boʻlishi lozim.

2. Tanlovni oʻtkazish tartibi

“Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi ommaviy axborot vositalarining barcha yoʻnalishlari – televideniye, radio, matbuot, fotojurnalistika, internet jurnalistika boʻyicha oʻtkaziladi va tanlov natijasida 27 nafar jurnalist taqdirlanadi.

Hududiy ommaviy axborot vositalari nomzodlari televideniye, radio, bosma nashrlar, fotojurnalistika va internet yoʻnalishi boʻyicha Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining hududiy boʻlimlari boshqaruvi bayonnomasiga koʻra har yoʻnalish boʻyicha bittadan tanlanadi va ularning hujjatlari Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga 20-iyunga qadar joʻnatiladi.

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi boshqaruvi qaroriga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi va har bir viloyatdan bir nafardan jami 13 nafar gʻolib aniqlanadi.

Markaziy ommaviy axborot vositalari boʻyicha (jami 14 nafar) – Oʻzbekiston Milliy teleradio kompaniyasi (4 nafar), Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (2 nafar), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (1 nafar), Dunyo axborot agentligi (1 nafar) gʻoliblarni oʻzi aniqlab beradi. Respublika miqyosidagi bosma (4 nafar) va internet (2 nafar) nashrlari boʻyicha gʻoliblar ular 1 nafardan tavsiya etgan nomzodlar orasidan Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi boshqaruvi qaroriga koʻra aniqlanadi. Boshqaruv qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.

3. Tanlov shartlari

“Yilning eng faol jurnalisti” gʻolibini tanlashda jurnalistning ijodiy faolligi barobarida ijtimoiy hayotdagi faolligi ham eʼtiborga olinadi. Bunda jurnalistning oʻtgan yilning 1-iyunidan joriy yilning 1-iyunigacha boʻlgan davrdagi ijodiy va ijtimoiy faolligi nazarda tutiladi.

Ommaviy axborot vositalari oʻz nomzodlari haqida toʻliq maʼlumotli hujjatning (muhr bosilgan va skaner qilingan) elektron shaklini topshiradilar.

Hujjatlar quyidagilardan iborat:

muallifning pasporti nusxasi;

muallif va uning professional faoliyati toʻgʻrisida maʼlumotnoma (obyektivka);

muallifning ijodiy va ijtimoiy faoliyati toʻgʻrisida ommaviy axborot vositasi rahbarining tavsiyanomasi;

muallifning manzili va aloqa telefonlari.

Hujjatlar 2020-yilning 20-iyunigacha qabul qilinadi.

Gʻoliblarni taqdirlash

Tanlov gʻoliblari noutbuk kompyuteri va diplomlar bilan taqdirlanadi.

Tanlov gʻoliblari 27-iyun – “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” arafasida eʼlon qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?