Yiliga yana mingdan ziyod murakkab kardioxirurgik amaliyotlar o’tkaziladi

17:14 06 Aprel 2018 Jamiyat
743 0
Foto: SSV

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida zamonaviy andozalar darajasida barpo etilgan va eng so’nggi tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan uch qavatli yangi bino foydalanishga topshirildi. 

Prezidentimizning 2017 yil 20 iyunda qabul qilingan “O’zbekiston Respublikasi aholisiga 2017 — 2021 yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko’rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori bu borada muhim huquqiy asos bo’lmoqda. 

Foto: SSV

Ushbu qaror asosida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining faoliyati tubdan takomillashayotir. Ayni paytda markazda 11 maxsus kardiologik bo’lim faoliyat ko’rsatmoqda. Ushbu bo’limlarda arterial gipertoniya, o’tkir miokard infarkti, yurak-ishemik kasalligi, yurak aritmiyalari, yurak etishmovchiligi kabi xastaliklar samarali davolanyapti. Markazda kuniga 250 qatnovga mo’ljallangan zamonaviy maslahat-tashxis poliklinikasi faoliyat yuritadi. Bu erda bemorlarga malakali shifokorlar, oliy toifali kardiologlar tibbiy xizmat ko’rsatmoqda. Maslahat-tashxis poliklinikasida veloergometriya, EKGni sutka davomida yozib olish, EXOkardiografiya, Veloergometriya kabi zamonaviy tekshirish usullaridan va bioximyoviy tahlillardan foydalanilib, chuqur tibbiy tekshiruvlar o’tkaziladi. Shuningdek, markazda 200 o’rinli shifoxona faoliyat yurityapti.

Zamonaviy andozalar asosida barpo etilgan yangi binoning foydalanishga topshirilishi kardiologiya sohasida ko’rsatilayotgan tibbiy yordamni yanada takomillashtirishga zamin hozirladi. Xususan, bemorlarni klinik va funktsional tekshiruvdan o’tkazish uchun xalqaro andozalarga to’la javob beradigan zamonaviy tizim yaratildi. Endilikda bemorlar bitta binoning ichida barcha tekshiruvlardan o’tish imkoniga ega bo’ldi. Ya’ni, funktsional diagnostika bo’limida EKG, EXOKG, VEM, Tredmil test, XMEKG kabi tekshiruvlar, shuningdek, rentgen, genetik tahlil o’tkazish, ambulator tekshiruvlar xonasi va ma’muriy xonalar tashkil etildi.

Foto: SSV

Ikkinchi qavatda esa 20 o’ringa mo’ljallangan interventsion aritmologiya bo’limi, barcha qulayliklarga ega zamonaviy rentgen operatsion blok tashkil etilgan. Uchinchi qavatda 20 o’rinli interventsion kardiologiya va rentgen endovaskulyar jarrohlik bo’limi joylashgan bo’lib, ushbu operatsiya xonalarida jahon tibbiyotida qo’llanilayotgan interventsion jarrohlik amaliyotlarining barchasini o’tkazish imkoniyati mavjud.
Mazkur yangi bino qurilishi uchun davlatimiz tomonidan 20 milliard so’mdan ziyod mablag’ sarflandi. Binoga o’rnatilgan xorijdan keltirilgan “CIAT” ventilyatsiya sistemasi haroratni qishin-yozin bir xilda saqlash va doimiy toza havo bilan ta’minlash imkonini beradi. 

Foto: SSV

Germaniyaning KFW banki tomonidan Respublika tibbiyot muassasalarini jihozlash uchun ajratilgan kredit mablag’laridan 3,5 million evro hisobiga Rentgen endovaskulyar jarrohlik bo’limiga Gollandiyaning “Philips Allura Xper FD20” firmasining zamonaviy universal angiografiya uskunasi, elektrofiziologik tekshiruvlar uchun “BARD” sistemasi, harakatlanuvchi angiografiya uskunasi, radiochastotali generator va boshqa yuqori texnologiyali uslublarga asoslangan zamonaviy apparatlar o’rnatildi.

Binoda, shuningdek, Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining kardiologiya kafedrasi o’quv xonalari, majlislar zali, kutubxona, kardiologiya muzeyi, ma’rifat va targ’ibot xonalari ham tashkil etildi. Bu ilm-fan va tibbiyot yutuqlarini takomillashtirish va amaliyotga tatbiq etishda katta imkoniyatdir. 

Foto: SSV

— Yurak-qon tomir xastaliklarining oldini olish, erta aniqlash va samarali davolash jahon tibbiyotining dolzarb vazifasidir, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, akademik Ravshanbek QURBONOV. — Ushbu binoning foydalanishga topshirilishi bu borada oldimizda turgan eng muhim vazifalarni amalga oshirishimizda katta imkoniyat bo’ldi. Endilikda yangi binoda yurak qon-tomir kasalliklari profilaktikasi, diagnostikasi va davolash amaliyotlarini tizimli asosda amalga oshirish barobarida, yiliga 1000 dan ortiq bemorda koronarografiya va stentlash amaliyotini o’tkazish mumkin. Bunday usul bilan yurak qon-tomir kasalliklarining eng og’ir turi hisoblangan miokard infarktining oldi olinadi. Ushbu ilg’or texnologiyalarning tibbiyotimizga kirib kelishi tufayli keyingi 10 yil ichida miokardning o’tkir infarktidan sodir bo’layotgan gospital o’lim holatlari 9-10 foizgacha kamaydi. 

Foto: SSV

Tibbiyotning bunday yutuqlarini hududlardagi tibbiyot muassasalariga ham joriy etish eng muhim vazifamizdir. Hozirdayoq bu borada muhim qadamlar qo’yila boshlandi. Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filialida, shuningdek, Xorazm, Farg’ona, Buxoro, Samarqand, Navoiy viloyati va Qoraqalpog’iston respublikasidagi tibbiyot muassasalarida koronarografiya va stentlash amaliyotining joriy etilgani xududlar aholisi uchun katta qulaylik bo’ldi. 

Yana bir yuqori texnologik usul – yurakning murakkab aritmiyalarida qo’llanadigan radiochastotali ablatsiya (RChA) va yurak blokadalarida elektrokardiostimulyatsiya (EKS) usullari ham markazda samarali amalga oshirilmoqda. Hozirda radiochastotali ablatsiya usuli – kardiologik bemorlarni davolashda qo’llanadigan xalqaro standartlarga mos keluvchi yuqori texnologik usul hisoblanadi. Bunda, ko’krak qafasini ochmasdan, ya’ni «qonsiz» yo’l bilan – maxsus moslamalar yordamida yurakka etib borib, uning notekis urishi (aritmiya) ba’zi turlarini radioto’lkinlar vositasida bartaraf etiladi. Shuni qayd qilish kerakki, bunday operatsiyalar Markaziy Osiyoda ilk bor ushbu markazda o’tkazilgan va bugungacha ko’plab bemorlar shu usul vositasida darddan butunlay xalos bo’ldi.

Foto: SSV

Kardiologiya sohasida bu boradagi imkoniyatlarni yanada kengaytirishda xalqaro hamkorlikning o’rni beqiyos. Markaz olimlari bu borada Rossiya, Janubiy Koreya, Shveytsariya, Polsha kabi xorijiy davlatlarning nufuzli tibbiy-ilmiy markazlari va klinikalari bilan yaqin hamkorlikni yo’lga qo’ygan. Bunday hamkorlik natijasida jahon tibbiyotining ko’plab yangiliklari o’zlashtirilmoqda. Bemorda bir vaqtning o’zida aorta koronar shuntlash (AKSh) va yurak klapanlarini protezlash, AKSh va bo’yin tomirlari aterosklerozini bartaraf etish kabi operatsiyalar bunga misoldir. 

Tan olish kerakki, bunday murakkab operatsiyalar dunyoning sanoqli davlatlarida amalga oshiriladi. Ushbu ilmiy yangiliklarni hududlardagi tibbiyot muassasalari amaliyotiga ham tatbiq etish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda markazning olimlari va malakali mutaxassislari joylarga borib mahalliy shifokorlar ishtirokida ko’rgazmali operatsiyalar, mahorat darslari tashkil etmoqda. Shuningdek, ixtisoslashgan tibbiy yordamga muhtoj bemorlar chuqurlashtirilgan ko’rikdan o’tkazilib, zarur muolajalar amalga oshirilyapti.

Foto: SSV

Yangi zamonaviy binoning ishga tushishi bilan Markazda olib borilayotgan bunday chora-tadbirlar, diagnostika va davolash ishlarining sifati va samaradorligi yanada oshadi. Interventsion kardiologiya yutuqlaridan foydalanish yangi bosqichga ko’tariladi Sog’liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabarida.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?