Yiliga 90 ming tonna sabzavot va boshqa mahsulotlar yetishtiriladigan Kasbi tumanida birorta qayta ishlash korxonasi yoʻq

18:22 21 Iyun 2019 Iqtisodiyot
393 0

Bu Janubiy Koreyaning “KG Networks GIS” kompaniyasi ishbilarmonlarini qiziqtirib qoldi. Sarmoya kiritib, qayta ishlash loyihalarini ishga tushirish va biznesni yoʻlga qoʻyish uchun yaxshigina maydon. Yana bir qulayligi, hududda raqobatchining oʻzi yoʻq.

Yaqinda xorijlik investorlar ishtirokida Kasbi tumanida oʻtgan xalqaro biznes forumida kompaniya bosh direktori Kim Chjon Sok ushbu hududda meva-sabzavotlarni qayta ishlash va sifatli saqlash yoʻnalishidagi loyihalarga investitsiya kiritishni moʻljallayotganini aytdi. Uning taʼkidlashicha, ushbu kompaniya keng tarmoqli boʻlib, dunyoning koʻplab mamlakatlarida suv, elektr taʼminoti, togʻ-kon sanoati, qayta ishlash, qurilish, taʼlim, sogʻliqni saqlash va hokazo loyihalarga investitsiya kiritadi va bevosita hamkorlik qiladi. Keyingi yillarda kompaniya Osiyo davlatlarida qishloq xoʻjaligi sohasiga ham investitsiya kiritmoqda.

Taʼkidlash kerakki, forumda Koreyadan tashqari Rossiya, Turkiya, Hindiston, Polsha kabi 7 ta davlatdan kelgan 20 ga yaqin investorlar ham ishtirok etdi. Unda qayd etilganidek, tumanda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, qulay investitsiya muhitini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar oʻz natijadorligini koʻrsatmoqda.

Natija sifatida Singapurning toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritishni moʻljallayotgan MCHJ shaklidagi “Indorama Agro” xorijiy korxonasini olish mumkin. Paxta yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha 115,2 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritishga tavakkal qilgan mazkur korxona tomonidan joriy yilning yanvar-may oylarida loyihaning dastlabki bosqichi uchun 34 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya kiritilib, 1000 ta yangi ish oʻrni yaratishga erishildi. Shuningdek, yana bir korxona -“Myung Sung Placon LTD”kompaniyasi bilan 5 gektar yerda gidroponika usulida issiqxona qurish ishlari boshlab yuborildi.

Joriy yilda tumanda Rossiyaning OOO “Altay Ray” kampaniyasi bilan “Altay Ray”masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxonasi tashkil etilib, qoʻshma korxonada 2 million AQSH dollari miqdoridagi xorij investitsiyasi hisobiga don mahsulotlarini qayta ishlash va parrandachilikni yoʻlga qoʻyish loyihasini amalga oshirish moʻljallangan.

Forum davomida koʻplab loyihalar bilan tanishgan Hindistonning “NTPC Limited”kompaniyasi vakillari Oʻzbekistonda energetika sohasiga investitsiya kiritish va hamkorlik qilish rejasini Kasbi tumanidan boshlashlarini bildirishdi. Kompaniya menejeri Alok Kumarning aytishicha kompaniya sifatli va zamonaviy elektrostansiyalar qurishda uzoq yillik tajribaga ega boʻlib, asosan Osiyoda joylashgan davlatlarda energetika, gaz qazib olish va yetkazib berish yoʻnalishlariga investitsiya kiritadi va hamkorlikda ishlaydi.

Forum doirasida hunarmandchilik mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi.


A. Muhammadiyev, “Xalq soʻzi“.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?