Yiliga 8000 tagacha travmatologik operatsiyalar oʻtkazish imkonini beruvchi yangi majmua foydalanishga topshirildi

16:10 10 Aprel 2019 Jamiyat
410 0

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining zamonaviy andozalar darajasida barpo etilgan va eng soʻnggi tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan yetti qavatli yangi majmuasi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Ayni paytda markazda konsultativ poliklinika, tez yordam boʻlimi, 240 oʻringa moʻljallangan 8 ta statsionar va 6 ta paraklinik boʻlim faoliyat koʻrsatmoqda. Yiliga 85 mingdan ortiq bemorga yuqori malakali davolash-konsultativ xizmati koʻrsatib kelayotgan markaz klinikasida 6 mingdan ziyod noyob amaliyotlar ham bajarilmoqda.

Barcha qulayliklarga ega yangi majmuaning foydalanishga topshirilishi travmatologiya sohasida koʻrsatilayotgan tibbiy yordamni yanada takomillashtirishga zamin hozirladi. Markazdagi mavjud oʻrinlar soni 300 taga yetdi. Binoda telemeditsina, elektron hujjatlashtirish, yurishni tekshiruvchi laboratoriya (GateLab), magnit-rezonansli tomografiya, intraoperatsion mikroskopiya, intraoperatsion neyromonitoring kabi yangi diagnostika usullari joriy etiladi. Shu bilan birga, bu yerda yelka, oshiq va mayda boʻgʻimlarni endoprotezlash, umurtqa disk churralarini yopiq usulda olib tashlash, umurtqa disklarini lazer bilan kuydirish, umurtqada endoskopik operatsiyalar, yelka boʻgʻimida artroskopik operatsiyalar, tugʻma skoliozni operativ davolash singari zamonaviy davolash texnologiyalarini qoʻllash imkoniyatlari ham paydo boʻladi. Soʻngi bir yilda markazning 30 nafar xodimi xorijdagi nufuzli klinikalarda malaka oshirib qaytdi.

Majmuaning birinchi qavatida shikastlangan bemorlarga shoshilinch travmatologik yordam koʻrsatish boʻlimi, ikkinchi qavatida konsultativ poliklinika, uchinchi qavatida diagnostika laboratoriyalari, toʻrtinchi va beshinchi qavatida travmatologiya va shikastlar asorati boʻlimlari, oltinchi qavatida reanimatsiya boʻlimi hamda yettinchi qavatida operatsiya boʻlimi joylashgan. Unda tibbiyoti rivojlangan nufuzli xorijiy davlatlardagi zamonaviy klinikalarda mavjud boʻlgan tibbiy asbob-uskunalar oʻrnatildi va kompyuterlashgan xizmat tizimi barpo etildi.

Markazda operatsiyalar sonini yiliga 8000 taga, ulardan yangi texnologiyali operatsiyalarni 6400 taga oshirish rejalashtirilmoqda. Yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufayli tibbiyot turizmini ham rivojlantirilib, 1500 nafardan ortiq bemorga yordam berish imkoni paydo boʻladi. Soʻnggi yutuqlarga asoslangan operatsion blok va texnologiyalar AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Rossiya davlatlarining nufuzli tibbiyot markaz va klinikalari bilan aloqalar oʻrnatilishini taʼminlaydi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A. Abduvahitov, Bosh vazir oʻrinbosari A. Abduhakimov va Sogʻliqni saqlash vaziri A. Shadmanov ishtirok etdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?