Yiliga 24 million juft paypoq ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona

15:01 17 Avgust 2020 Iqtisodiyot
229 0

Koronavirus pandemiyasi davrida iqtisodiy oʻsish va investitsiyaviy faollikni ragʻbatlantirish, ishlab chiqarish surʼatlarini tiklash, aholi bandligini oshirish, daromadlarini koʻpaytirish va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega.

Maʼlumki, soʻngi paytlarda bu borada Hukumatimiz tomonidan erkin iqtisodiy va sanoat zonalarini rivojlantirish uchun xorijiy hamda mahalliy investitsiyalarni jalb etish imkonini beradigan soliq, bojxona imtiyozlari va yengilliklarining keng tizimini yaratish borasida aniq maqsadga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

Bugun esa tadbirkorlarimizga yaratilgan bu imkoniyatlar oʻz samarasini bermoqda. Buni “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat olib borayotgan eksportyor korxonalardan biri “AGRO DRY FRUITS” MCHJ korxonasi faoliyati misolida koʻrishimiz mumkin.

Korxona pandemiya davrida karantin qoidalariga rioya etgan holda 280 nafar xodimni ish bilan taʼminlab, 24 soat davomida oʻz faoliyatini olib bormoqda. Korxona tomonidan sifatli hamda yozgi va qishki mavsumga mos har xil turdagi paypoqlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Korxona yiliga 24 million juft paypoq ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Hozirda mahsulotlarning 30 foizi eksportga yoʻnaltirilgan boʻlib, mahsulotlar ichki bozordan tashqari qoʻshni davlatlarga eksport qilinmoqda.

Agar tahlillarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, korxona 2019-yil davomida 95,38 ming AQSH dollari qiymatidagi mahsulotni xorijga eksport qilgan. Pandemiya sharoitiga qaramasdan joriy yilning oʻtgan davri davomida korxona tomonidan 456 ming AQSH dollarlik mahsulot xorijga eksport qilingan.

Korxona eksport hajmini yana-da oshirish maqsadida Rossiya bozorlaridan oʻz xaridorlarini topishni maqsad qilgan. Buning uchun esa barcha imkoniyatlar mavjud. Korxona kelajakda trikotaj mahsulotlarini ham ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.

Oldinlari korxonaga mahsulot ishlab chiqarish uchun 70 foiz xom ashyo Xitoydan keltirilgan boʻlsa, endilikda ushbu xom ashyo oʻzimizda tayyorlanib, import oʻrnini bosadigan paxta tolali ip kalavalardan foydalangan holda korxona paypoqlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, korxonaning import va eksport tovarlarini soddalashtirilgan tartibda, qisqa muddatlarda “Urgut” erkin iqtisodiy zona bojxona punkti xodimlari bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazib kelishmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev,
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?