Yilda to‘rt marta hosil olishning siri nimada? 

17:26 11 May 2018 Iqtisodiyot
531 0
Foto: olx.uz

Gidroponika — sabzavot yetishtirish bo‘yicha eng samarali usullardan biri. Ushbu usulda yetishtirilayotgan o‘simliklar hosildorligi va kasalliklarga chidamliligi bilan alohida ajralib turadi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, agarda mazkur texnologiyadan to‘g‘ri foydalanilsa, an’anaviy issiqxonalarga nisbatan 2 — 2,5 barobar yuqori hosil berishi mumkin. 

Quvasoydagi “Isfayram qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli namunaviy issiqxonani qurish jarayonida, avvalo, quyoshning harakatlanishiga ahamiyat berildi. 

Joriy yilning boshida qurib bitkazilgan ushbu issiqxona karkas tipidagi yarim aylana metall konstruksiyali bo‘lib, polietilen plyonka bilan qoplangan.

Bir gektar maydonni o‘z ichiga olgan mazkur issiqxona yozning jazirama oylarida o‘simliklarni quyoshning o‘tli harorati ta’siridan himoya qiluvchi, qishda esa issiqlikni saqlovchi pardalar, maxsus himoya to‘rlari bilan o‘ralgan. 

Qolaversa, havo namligini tartibga soluvchi tumanlatgich uskunasi, shamollatish tizimi, sovitishga mo‘ljallangan kompressor, havo harorati, namlik va issiqlikni o‘lchaydigan asboblar, mo‘’tadillashtiradigan radiatorlar ham mavjudligi hosilning yuqori bo‘lishda katta rol o‘ynamoqda. Qozonxonadagi maxsus tugmachalar bosilsa, kifoya. Suv va mineral o‘g‘itlar har soatda me’yorida ko‘chat tubigacha yetib boradi.
Bugungi kunda bu yerda pomidorning “Donotino” naviga mansub 21 ming ko‘chat Janubiy Koreya texnologiyalari asosida parvarishlanmoqda. Pomidorlar hosilini Rossiya davlatiga eksport qilish ko‘zda tutilgan.

— Janubiy Koreyadan 300 ming AQSh dollarilik texnologiya keltirilgan bo‘lsa, 1 milliard so‘mi gidroponika issiqxonasi qurilishiga sarflandi, — deydi korxona rahbari Alisher Fozilov. — Pomidorlarning pishib yetilish davri 20 — 30 kunga qisqarishi, hosil berish davri esa 50 — 60 kunga uzayishi bu usulning afzalliklarini ko‘rsatadi. Bir yilda to‘rt marta hosil olish mumkin.

Bunday samarali usulda hosilni ko‘paytirish maqsadida “Isfayram qurilish” MChJ tomonidan qo‘shimcha bir gektar yer maydoni tayyorlandi. Yaqin kunlarda Farg‘onada gidroponika issiqxonasi yana bittaga ko‘payadi. Bu esa qo‘shimcha ish o‘rni yaratildi, aholi turmush darajasi yanada oshdi, deganidir.

Elyorjon EHSONOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?