Yil boshidan buyon Samarqandda salkam 53 ming xodimning ishi rasmiylashtirildi va byudjetga soliq tushumi 3,4 mlrd soʻmga oshdi

14:46 30 Iyul 2019 Iqtisodiyot
179 0

Samarqand viloyati davlat soliq xizmati organlari tomonidan jismoniy shaxslarning daromad soligʻi toʻlovchilarni toʻliq qamrab olish va soliq solish bazasini kengaytirish maqsadida norasmiy ishlayotgan xodimlarni qonuniylashtirish (legallashtirish) borasida joriy yilning oʻtgan davrida 12 079 korxona tomonidan 52 665 nafar ishchi-xodim tegishli buyruqlar asosida rasmiylashtirildi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi bergan xabarga koʻra, buning natijasida byudjetga qoʻshimcha 3,4 milliard soʻm soliq hisoblandi.

Xoʻsh, legallashtirilgan ishchi-xodimlar qaysi yoʻnalishlardagi korxonalar hissasiga toʻgʻri kelmoqda? Jumladan, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarida 4 239, ishlab chiqarishga ixtisoslashgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda 7 727, qurilish korxonalarida 5 086 nafar xodim rasmiylashtirildi. Bundan tashqari, qishloq xoʻjaligi va boshqa korxonalarda 35 613 nafar ishchi-xodim rasmiylashtirilganini qayd etish lozim.

Samarqand shahridagi qurilish sohasida faoliyat olib boruvchi “Anvar Zamon Nur” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻz hisobotlarida 12 nafar ishchini koʻrsatib kelgan. Mazkur korxona qoʻshimcha yana 22 nafar ishchini roʻyxatdan oʻtkazdi. “Radjabov Farid Stroy” masʼuliyati cheklangan jamiyati esa qoʻshimcha 16 nafar ishchini rasmiylashtirdi. Bundan tashqari, transport xizmati koʻrsatuvchi “Yasmira” masʼuliyati cheklangan jamiyatida 12 nafar ishchi roʻyxatga oldirildi.

Eng muhimi, ushbu jarayonda byudjetga qoʻshimcha mablagʻ undirilishi barobarida ishchi-xodimning kelgusidagi kafolatlangan pensiyasini olishi taʼminlanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?