Yil boshidan buyon salkam 5,5 ming odam tadbirkorlikka o‘qitildi

14:34 20 Iyul 2018 Jamiyat
317 0
Illyustrativ foto

Joriy yilning birinchi yarmida hududlarda jami 308 ta bepul o‘quv kurslariga 5496 nafar tadbirkorlik subyekti vakillari hamda aholi jalb etilgan. Shundan 4758 nafariga sertifikatlar berilgan. Bu haqda poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, Tadbirkorlik asoslarini o‘qitish respublika markazi va boshqa tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan konferensiyada aytib o‘tildi.

Qayd qilinishicha, ushbu tinglovchilarning 467 nafari tadbirkorlik faoliyatini yangidan boshlagan bo‘lsa, 221 nafari faoliyatini kengaytirishga erishgan. Olti oy mobaynida markaz tinglovchilari tomonidan tadbirkorlik uchun tijorat banklaridan 5,8 milliard so‘m miqdorida kreditlar olingan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda “Norma” professional rivojlanish markazi va boshqa hamkorlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari uchun tadbirkorlarni masofaviy o‘qitish va malakasini oshirish bo‘yicha mutlaqo yangi vosita — www.direktor.uz hamda korxona va tashkilotlar buxgalterlari uchun www.1uz.uz portallari ishlab chiqildi. Konferensiyada ushbu internet saytlarining taqdimoti o‘tkazildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?