Yil boshidan buyon Oʻzbekistonda YAIM miqdori 30 mlrd dollardan oshdi

12:27 18 Oktyabr 2018 Iqtisodiyot
777 0

2018 yilning yanvar – sentyabrida Oʻzbekiston Respublikasi YAIM hajmi joriy narxlarda 244 trln 343,7 mlrd. soʻmni (30 sentyabrdagi kurs boʻyicha 30,2 mlrd dollar) tashkil etdi va oʻtgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 5,2%ga oʻsdi. Bu haqda Davlat statistika qoʻmitasi maʼlum qildi.

Unga koʻra, YAIM deflyatori indeksi 2017 yilning yanvar – sentyabridagi narxlarga nisbatan 131,6 foizni tashkil etgan.

Aholi jon boshiga hisoblangan YAIM 7 mln 433 ming soʻmni (920 dollar) tashkil etdi va bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3,5%ga yuqoridir.

Iqtisodiy oʻsish surʼati iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida kuzatilgan ijobiy dinamika bilan bogʻliqdir. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida yaratilgan yalpi qoʻshilgan qiymat (keyingi oʻrinlarda YAQQ) hajmi YAIM umumiy hajmining 86,3%ini tashkil etdi va 5,3%ga oʻsdi (YAIM mutlaq oʻsishiga taʼsiri 4,6 foiz punktni tashkil etdi).

Mahsulotlarga sof soliqlarning YAIM tarkibidagi ulushi 13,7%ni tashkil etdi va 4,5 % darajasida oʻsish qayd etildi (YAIM mutlaq oʻsishiga taʼsiri 0,6 f.p.).

YAIM oʻsish surʼatiga xizmatlar sohasi eng katta taʼsir koʻrsatdi (2,5 f.p.) va bu soha oʻtgan yilning yanvar-sentyabriga nisbatan 6,0%ga oʻsdi. Shundan, savdo xizmatlari (avtotransport vositalarini taʼmirlashni qoʻshgan holda) 3,9%ga, yashash va ovqatlanish boʻyicha xizmatlar 5,6%ga, tashish va saqlash 3,9%ga, axborot va aloqa 17,0%ga va boshqa xizmatlar 6,4%ga oʻsdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?