Yil boshidan buyon Oʻzbekistonda salkam 1400ta xorijiy korxona roʻyxatdan oʻtdi

13:48 20 Sentyabr 2018 Iqtisodiyot
885 0
Illyustrativ foto

2018 yilning yanvar-avgust oyida Oʻzbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi roʻyxatdan oʻtgan yangi korxonalarning soni 1396 tani tashkil qildi. Bu haqda Davlat statistika qoʻmitasi “Xalq soʻzi“ga maʼlum qildi.

Unda qayd qilinishicha, bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 912 taga koʻpaygan.

Bunda, Rossiya Federatsiyasi rezidentlari kapitali ishtirokida – 262 ta, Turkiya Respublikasi – 228 ta, Xitoy Xalq Respublikasi — 203 ta, Qozogʻiston Respublikasi – 151 ta, va Koreya Respublikasi – 113 ta yangi korxonalar roʻyxatdan oʻtgan. Shuningdek, 2018 yil davomida Afgʻoniston Islom Respublikasi,Hindiston Respublikasi, Germaniya Federativ Respublikasi, Ukraina, Ozarbayjon Respublikasi va boshqa davlatlar rezidentlari ham qoʻshma faoliyatga qiziqish bildirgan.

2018 yil 1 sentyabr holatiga Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 6708 tani tashkil etmoqda. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1402 taga koʻpayganini yoki 26,4 % ga oʻsganini anglatadi. Xorijiy kapital ishtirokidagi faoliyat koʻrsatayotgan korxonalardan 3636 tasi qoʻshma korxonalar boʻlsa, 3072 tasi esa xorijiy korxonalar hisoblanadi.

Xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarning asosiy qismi Toshkent shahar 4275 ta (63,7 %), Toshkent viloyati 751 ta (11,2 %) va Samarqand viloyatlari 361 ta (5,4 %) hissalariga toʻgʻri keladi. Eng kam xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan korxonalar Xorazm viloyati 59 ta (0,9 %), Qashqadaryo viloyati 68 ta (1,0 %), Navoiy viloyati 83 ta (1,2 %) va Qoraqalpogʻiston Respublikasi 99 ta (1,5 %) hissalariga toʻgʻri keladi.

Xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarning eng koʻpi sanoatda 2749 ta (41,0 %), savdoda 1418 ta (21,1 %) hamda boshqa faoliyat turlarida esa 1147 ta (17,1 %) tashkil qilingan. Eng kamlari esa sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishda 89 ta (1,3 %), axborot va aloqada 176 ta (2,6 %), tashish va saqlashda 196 ta (2,9 %) qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaligi 258 ta (3,8 %), yashash va ovqatlanish boʻyicha xizmatlarda 282 ta (4,2 %) va qurilishda 393 ta (5,9 %) tashkil qilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?