Yil boshidan buyon ishga kiritib qo‘yish bo‘yicha 128ta korrupsiya jinoyati aniqlandi

15:40 24 Iyul 2018 Jamiyat
423 0
Illyustrativ foto

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida turli tashkilot va idoralarga ishga qabul qilish jarayonlaridagi korrupsiya holatlari yuzasidan 128 ta jinoyat fosh etilgan.

Shundan 47 tasi tibbiyot sohasida, 27 tasi huquq tartibot idoralariga ishga olib kirish holatlari bo‘yicha, 24 tasi ishlab chiqarish tarmoqlarida, 17 tasi ta’lim sohasida va 5 tasi boshqa sohalarda sodir etilgan bo‘lsa, 8 ta holatda fuqarolarni noqonuniy chet elga ishga jo‘natish va joylashtirish bilan bog‘liq jinoyatlarni tashkil etgan.

Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, Andijon, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlarida 17 tadan, Buxoro viloyatida 14 ta, Navoiy viloyatida 13 ta, Toshkent shahrida 12 ta, Toshkent viloyatida 8 ta, Namangan viloyatida 7 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Samarqand viloyatida 5 tadan, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida 4 tadan, Surxondaryo viloyatida 3 ta hamda Jizzax viloyatida 2 ta holat qayd etilgan.

Tilga olinayotgan poraxo‘rlar va ularning gumashtalari jamiyatning o‘ta bir nozik halqasiga bolta urmaganlarida edi, bu mavzuga yana qaytilmagan bo‘lar edi. Ammo...

Andijon viloyati Shahrixon tumanida istiqomat qiluvchi Hamidulla Is’hoqov huquq-tartibot idoralariga ariza bilan murojaat qilgan fuqaroning o‘g‘lini ichki ishlar tizimiga ishga kiritaman, deya 2 ming, qarindoshi Arabovni Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga ishga joylashtiraman, deb yana 2 ming AQSH dollari so‘raydi. “Hojatbaror” bu shovvoz Shahrixon tumanidagi supermarketda 4 ming dollarni olayotganda jinoyat ustida qo‘lga tushdi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda O‘ktam Hayitov ismli fuqaro o‘z yurtdoshi Otabek Tursunovga “Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga ishga joylashtirib qo‘yaman”, deya 1000 AQSH dollari talab qiladi. Shu yilning 11 yanvar kuni uning ham yetib borar manzili G‘ijduvondagi “Bek” kafesi bo‘ldi. Achinarlisi, Hayitovning o‘zi iqror bo‘lishicha, u 6,5 million so‘m pulni hech kimga bermoqchi bo‘lmagan hamda kuppa-kunduzi ishga kirmoqchi bo‘lgan o‘z yurtdoshini tunagan.

— Men ishga qo‘ymoqchi emasdim, — deydi O‘ktam Hayitov. — Ishga joylashtira olmasdim baribir. Chunki u yerda hech qanaqa tanishim yo‘q. Men faqat pul olish uchun shu narsani o‘ylab topdim.

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Prokuratura huzuridagi departamentning hamkorlikdagi tadbiri natijasida 3 farzandning onasi, oliy ma’lumotli To‘yeva Mahliyo Iskandarovna Otaxonov Anvar Jumamuratovichning ishonchiga kirib, 3 yarim ming AQSH dollari evaziga uni tanishlari orqali O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi qorovul qo‘shinlari safiga shartnoma asosida haqiqiy harbiy xizmatga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qiladi.

Natijada kimyoviy ishlov berilgan 3500 AQSH dollarini olgan vaqtda ushlanib, tegishli tartibda hujjatlashtiriladi. Mahliyo To‘yeva aslida bu pulni o‘zining tanishi bo‘lgan Xo‘jjiyev Nizomjon Jo‘raqulovichga berishi kerak bo‘lganini aytadi. Operatsiya davom ettiriladi. Xuddi shu usul bilan esa Nizomjon Xo‘jjiyev ham 2018 yil 18 yanvar kuni kimyoviy ishlov berilgan bir dasta “ko‘ki”ga qo‘l urib, qarmoqqa tushadi.

Navbatdagi poraxo‘r “qahramon” — pedagog, boz ustiga, maktab direktori ekanligi kishini tashvishga soladi. Andishali tomoni pora sifatida olingan pul miqdori yuqorida keltirilganlari oldida tariqcha ham emas — ikki yuz AQSH dollari. Lekin poraning katta-kichigi bo‘lmaydi. Har qancha bo‘lmasin, u — pora.

Mazkur holat ta’limdek ulug‘ dargoh ichida, o‘sha maktabni pirxona bilib, o‘qib yurgan murg‘akkina go‘daklar ko‘z o‘ngida sodir bo‘lganini qanday izohlash mumkin?

Qorako‘l tumanidagi 24-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Karomat Muxtorov fuqaro Sattor Ergashevdan kelini Z. Nigmatullayevani maktabga farrosh qilib ishga olish evaziga 200 AQSH dollarini talab qiladi. Ish joyida 100 dollar va 400 ming so‘mni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Galdagi misollar Qashqadaryo viloyati misolida. Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga qarashli maxsus va tibbiy yordam avtoxo‘jaligi direktori Anvar Rajabov fuqaro Toshbadalovdan jiyanini ishga qabul qilish uchun roppa-rosa 1000 AQSH dollari so‘ragan. Yana antiqa usulda, pulni qorovulga tashlab ketish kerakligi aytilganiga nima deysiz?!

Qarshi shahrida yashovchi Bahodir Yusupov fuqaro Roziqovdan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga ishga qabul vaji bilan 500 “ko‘ki”dan olayotgan paytda ushlandi. Nafs balosi ularning ko‘zini ko‘r qilib, halol ishlash o‘rniga poraxo‘rlikka berildi, afsuski, endi vaqtni orqaga qaytarib bo‘lmaydi.

“Qilmish — qidirmish” deganlaridek, ushbu illatni o‘ziga kasb qilib olgan ayrim nopok insonlarning barchasi qonun oldida javob beradi. Zero, jinoyatga jazo muqarrar.

Rahim SHЕRQULOV tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?