Yil boshidan buyon iqtisodiy sudlar orqali daʼvogarlarning 2,3 trln soʻm mablagʻi undirib berildi. 83ta sud qarori bekor qilindi

17:11 17 Aprel 2019 Jamiyat
428 0

Illyustrativ foto

2019 yilning birinchi choragi mobaynida iqtisodiy sudlar tomonidan 46 001 ta ish koʻrib chiqilib, hal etildi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati ”Xalq soʻzi”ga maʼlum qildi.

Qayd qilinishicha, shunda daʼvogarlar foydasiga 2,3 trln. soʻm undirish haqida sud qarorlari qabul qilingan. Koʻrilgan ishlar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 56,7 foizga kamaygan.

Oʻtgan davrda eng koʻp iqtisodiy ishlar Toshkent shahar, Qashqadaryo, Surxondaryo va Andijon viloyatlari iqtisodiy sudlari tomonidan koʻrib, hal etilgan.

Taraflarga qulayliklar yaratish hamda sud taʼsirchanligini oshirish maqsadida nizo tartibida koʻrilgan ishlarning salmoqli qismi, yaʼni 28 742 tasi bevosita joylarda, yaʼni sayyor sud majlislarida koʻrib chiqilgan.

Iqtisodiy sudlar tomonidan hal etilgan ishlarning 1 065 tasi videokonferensaloqa rejimida koʻrib chiqilgan boʻlib, natijada taraflarning 714,1 mln. soʻm miqdoridagi mablagʻlari tejab qolindi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilishga oid 7 405 ta iqtisodiy ish koʻrib chiqildi hamda ular foydasiga 247,6 mlrd. soʻm miqdorida mablagʻ undirib berildi.

Hisobot davrida iqtisodiy sudlarda koʻrilgan ishlarning asosiy qismini kontraktatsiya, mahsulot yetkazib berish va kommunal xizmat koʻrsatish shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar boʻyicha ishlar tashkil etdi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan nazorat tartibida 144 ta shikoyat va protestlar koʻrib chiqildi. Quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 83 ta qaror bekor qilindi va 29 ta sud qarorlari oʻzgartirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?