Yil boshidan buyon inflyatsiya darajasi 9,5 foizga yetdi

11:40 01 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
560 0

Joriy yilning oktyabr oyida mamlakatning isteʼmol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi oʻrtacha 1,3 %ga koʻtarildi. Umumiy hisobda 10 oy davomida isteʼmol sektorida inflyatsiya darajasi 9,5 %ni tashkil etdi.

Davlat statistika qoʻmitasi bergan maʼlumotlarga koʻra, 2017 yilning oxiriga nisbatan tovarlar narxi oʻrtacha 9,1 %ga oshib, xizmatlar esa 10,7 %ga qimmatlashgan.

Joriy yilning oktyabr oyiga kelib, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oy davomidagi oʻsish surʼati ushbu davrdagi nooziq-ovqat mahsulotlar va xizmatlar narxlari darajasidan birmuncha yuqoriroq boʻldi. Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 2,3 %ga oshgan vaqtda, xizmatlar hamda nooziq ovqat mahsulotlar narxlari umumiy narxlarning koʻtarilishida faqatgina 0,5 %ga taʼsir etdi. Yil boshidan mazkur guruhlar kesimidagi narxlarning oʻzgarishi tahliliga koʻra yuqoridagi vaziyatning aksini koʻrishimiz mumkin, yaʼni, narxlarning oshishi borasidagi yetakchilik – xizmatlar sohasiga tegishlidir (10,7 %).

2018 yilning har bir oyidagi narxlarning oʻzgarishi taʼsiri tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, yanvar oyidagi inflyatsion bosim oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining sezilarli darajada oshishi bilan bevosita bogʻliq. Fevral va mart oylaridagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarining koʻtarilishi deyarli teng nisbatda kuzatilgan boʻlib, xizmatlar sohasidagi narxlar oʻzgarishi tendensiyasidan ustun keldi.

Aprel va may oylarida maʼmuriy jihatdan tartibga solinadigan tariflar narxlarining koʻtarilishi sababli taʼsir darajasi boʻyicha diqqat-eʼtibor xizmatlar sohasiga qaratildi. Iyun va iyul oylarida isteʼmol bozorlarining yangi yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan toʻyinganligi, shuningdek, parranda goʻshti mahsulotlari va tuxum narxlarining arzonlashganligi natijasida nafaqat oziq ovqat mahsulotlari narxlarining arzonlashishiga, balki, umumiy isteʼmol narxlari indeksi darajasining pasayishiga zamin yaratdi.

Oziq-ovqat mahsulotlarining isteʼmol narxlari indeksi yuqorida taʼkidlanganidek, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oy davomida oʻrtacha 2,3 %ga oʻsgani umumiy INI darajasining 1,0 f.d.ga ortishiga olib keldi. 2017 yilning dekabr oyiga nisbatan narxlarning 8,5 %ga oshganligi esa umumiy koʻrsatkichning 3,7 f.d.da koʻtarilishiga sabab boʻldi. Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari yanvar (oy davomida 3,5 %), sentyabr (3,3 %) va oktyabr oylarida (2,3 %) sezilarli darajada qimmatlashdi. Iyun va iyul oylarida umumiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari darajasining pasayishi tom maʼnoda bozorlarning yangi meva-sabzavot hosillari bilan toʻyinganligi, shuningdek, parranda goʻshti va tuxum kabi mahsulotlar narxlarining sezilarli darajada arzonlashganligi bilan tavsiflanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?