Yil boshidan buyon inflyatsiya darajasi 8,1 foizga yetdi

10:53 02 Oktyabr 2018 Iqtisodiyot
833 0
Illyustrativ foto

Joriy yilning sentyabr oyida isteʼmol bozorida tovarlar va xizmatlar narxi oʻrtacha 1,8 %ga koʻtarildi. Umumiy hisobda 9 oy davomida isteʼmol sektorida inflyatsiya darajasi 8,1 %ni tashkil etdi. Bu haqda davlat statistika qoʻmitasi xabar berdi.

Oy davomida umumiy narxlar darajasining oʻsishiga tovarlar 1,9 %, xizmatlar esa 1,2 %ga taʼsir koʻrsatdi. 2017 yil oxiriga nisbatan tovarlar narxi oʻrtacha 7,4 %ga, xizmatlar 10,1 %ga qimmatlashdi.

Yillik inflyatsiya tahlili shuni koʻrsatmoqdaki (joriy oyda oʻtgan yilning mos oyiga nisbatan), joriy yilning yanvaridan avgust oyiga qadar inflyatsiya darajasi bosqichma-bosqich pasayish tendensiyasiga ega boʻlgan. Sentyabr oyida yillik inflyatsiya darajasi oʻsish suratiga qaramay, joriy yilning yanvar-iyul oylariga nisbatan yuqori boʻlmadi.

Joriy yilning sentyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari 3,3 %, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,3 %, xizmatlar 1,2% ga qimmatlashdi. Yil boshidan narx oʻzgarishlari tahliliga koʻra 2018 yilning 9 oyi davomida guruhlar doirasida xizmatlar va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan sezilarli darajada oshganligini koʻrish mumkin.

Kengaytirilgan har bir guruhning oy davomida umumiy isteʼmol narxlari indeksiga taʼsiri shuni koʻrsatmoqdaki, joriy yilning sentyabr oyidagi oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari oʻsishi umumiy inflyatsiyaga 1,4 foiz darajasida (keyingi oʻrinlarda f.d.) taʼsir koʻrsatgan boʻlsa, bu vaqtda nooziq-ovqat mahsulotlar va xizmatlar ulushi faqatgina 0,4 f.d. miqdorini tashkil etgan.

2018 yilning 9 oyi mobaynida inflyatsiya darajasiga taʼsir koʻrsatuvchi asosiy omillar orasida ayrim tovarlar narxlarining tartibga solinishi, kreditlash hajmining ortishi natijasida iqtisodiy jabhalarda investitsion va isteʼmol talablarining kengayishi, inflyatsion taxminlarning oʻzgarishi, narxning mavsumiy oʻzgarishi, shuningdek, milliy valyuta qiymatidagi oʻzgarishlarni sanab oʻtish mumkin.

Yuqorida taʼkidlanganidek, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oy davomida oʻrtacha 3,3 %ga oʻsgani umumiy INI darajasining 1,4 f.d.ga ortishiga olib keldi. 2017 yilning dekabr oyiga nisbatan narxlarning 6,0 %ga oshganligi umumiy koʻrsatkichning 2,6 f.d.da koʻtarilishiga zamin yaratdi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 13 sentyabrdagi “Mamlakatimiz aholisini va iqtisodiyot tarmoqlarini raqobat va bozor mexanizmlarini joriy etish asosida don, un va non bilan ishonchli taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 731-son Qarori asosida 1-navli unning ulgurji-savdo narxi (1400 soʻm) oshirilishi bilan bir qatorda aholi uchun nonning erkin bozor narxi boʻyicha sotish tartibi belgilab oʻtildi. Umumiy hisobda, 2018 yilning yanvar-sentyabr oylarida 1-navli undan tayyorlangan non narxi oʻrtacha 64,0 %ga, oliy navli undan 47,2 %ga va 1-navli un (jumladan import unlar) narxlari 10,5 %ga qimmatlashdi. Ushbu mahsulotlar narxlarning koʻtarilishi joriy yilning 9 oyi davomidagi umumiy inflyatsiya koʻrsatkichining 1,0 f.d.da oshishiga olib keldi.

Guruch narxi oʻtgan yilning oxiriga nisbatan 44,8 %ga qimmatlashdi va bu oʻz navbatida 2018 yilning yanvar-sentyabr oyidagi umumiy INIning 0,8 f.d.da oshishiga sabab boʻldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?