Yil boshidan buyon Ichki ishlar organlariga salkam 80 mingta murojaat kelib tushgan

15:11 29 Noyabr 2019 Jamiyat
128 0

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Ichki ishlar organlarining fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash faoliyati toʻgʻrisida” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati tomonidan tashkil etilgan anjumanda vazirlik Murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi rahbariyati va boshqa masʼul xodimlar, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etdi.

Vazirlikda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash yoʻnalishida joriy yilning oʻtgan davrida bir qator amaliy tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, vazirlik tarkibiy va hududiy boʻlinmalariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari orqali jami 79 775 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlib, ularning 76 foizi qanoatlantirildi va 19 021 nafar shaxsning huquqlari tiklanishi taʼminlandi.

Aholining mavjud dolzarb muammolarini oʻrganish maqsadida, mamlakatimizning eng olis, chekka, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi past boʻlgan, togʻli hamda chegara hududlarida joylashgan aholi punktlarida tizim masʼullari tomonidan 136 marotaba ommaviy sayyor qabullar oʻtkazildi, ularda fuqarolarimizdan jami 7 296 ta turli mazmundagi murojaatlar kelib tushdi. Ularning 2786 tasi ijobiy hal etildi, 2600 tasi boʻyicha malakali huquqiy tushuntirishlar berildi, 162 tasi qonuniy asoslarga koʻra rad etildi, 1279 tasi esa qonuniy xal etish choralarini koʻrish uchun tegishliligi boʻyicha boshqa vazirlik va idoralarga yuborildi.

Tadbir davomida OAV vakillarining savollariga javoblar qaytarildi.

“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?