Yil boshidan buyon 277ta qotillik qayd qilindi, ularning salkam yarmi qarindoshlar o‘rtasida sodir etilgan

10:20 14 Avgust 2018 Jamiyat
321 0
Illyustrativ foto

2018 yilning dastlabki yetti oyida O‘zbekistonda 277ta qotillik jinoyati qayd qilingan. Bu haqda Oliy Majlisi palatalari Kengashlarining kengaytirilgan qo‘shma majlisida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Xalq so‘zi“ muxbiri Qobil Xidirov.

Qayd qilinishicha, qotillik jinoyati aksariyat hollarda oila-turmush va qo‘ni-qo‘shnichilik bilan bog‘liq muammolar oqibatida yuz bermoqda.

Joriy yilning 7 oyida 277 ta qotillik jinoyatining 116 tasi yoki 42 foizi qarindoshlar, 25 tasi yoki 9 foizi qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida sodir etilgan. Mazkur jinoyatlarning 95 tasi yoki 34,2 foizi er-xotin, aka-uka, ota-o‘g‘il o‘rtasida ro‘y bergan.

Majlisda keltirilishicha, Chirchiq shahrida yashovchi Irgashev uyida otasi bilan spirtli ichimlik iste’mol qilib, o‘rtalarida kelib chiqqan janjal oqibatida o‘z otasini bo‘g‘ib o‘ldirgan.

Ba’zi hududlarda jinoyat-qidiruv yo‘nalishidagi ayrim jinoyat turlarining soni ortgan. Jumladan Andijon, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona, Jizzax viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida qasddan odam o‘ldirish, Andijon, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida og‘ir tan jarohati yetkazish, Jizzaxda bosqinchilik, Namangan, Jizzax va Qoraqalpog‘iston Respublikasida transport vositalarini olib qochish jinoyatlari ko‘paygan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?