Yil boshidan buyon 25 mlrd so‘mdan ortiq davlat byudjeti pullari noto‘g‘ri hisoblangan yoki noqonuniy o‘zlashtirilgan

14:58 15 Avgust 2018 Iqtisodiyot
461 0
Foto: parliament.gov.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatiga kiruvchi bir qator masalalar deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi, deya xabar bermoqda “Xalq so‘zi” muxbiri.

Yig‘ilishni fraksiya a’zolari dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2018 yil birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha ijrosi to‘g‘risidagi masalani muhokama qilishdan boshladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining joriy yil birinchi choragidagi ijrosi 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni va rivojlanish davlat dasturlarini amalga oshirish, mamlakatda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijasida iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur’atlari va makroiqtisodiy barqarorlik ta’minlangan. Mamlakatimizning rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish Davlat byudjeti parametrlarida belgilangan yo‘nalishlar doirasida o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilgan.

Hisobot davrida Davlat byudjeti daromadlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 47,7 foizga o‘sib, belgilangan reja ortig‘i bilan 117,2 foizga bajarildi. Byudjet daromadlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 21,7 foizni tashkil qildi.

2018 yilning birinchi yarim yilligi davomida ko‘chmas mulk obyektlarini va yer maydonlarini yalpi xatlovdan o‘tkazish natijasida soliq bazasi kengayib, resurs to‘lovlari va mulk solig‘i bo‘yicha Davlat byudjetiga 5 617,5 milliard so‘m yoki rejaga nisbatan 120,2 foiz tushgan.

O‘tgan davr mobaynida Davlat byudjeti mablag‘larining maqsadli ishlatilishida va ularning samaradorligini ta’minlashda xatoliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Bu borada o‘tkazilgan davlat moliyaviy nazorat tadbirlari natijasida 2275 ta byudjet tashkilotlarining 1887 tasida 21 mlrd 706,8 mln so‘m miqdorida moliyaviy xatoliklar, 4 mlrd 692,5 mln so‘m miqdorida pul mablag‘lari va moddiy boyliklarning kamomadi va o‘zlashtirishlar aniqlangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?