Yil boshidan beri 376 marta yoʻl harakati qoidasi buzgan haydovchi bitta ham jarimani toʻlamagan

03:03 19 Dekabr 2018 Dunyo
861 0

Illyustrativ foto

Tojikiston ichki ishlar vazirligi davlat avtoinspeksiyasi tomonidan oʻtayotgan yilda Dushanbeda yoʻl qoidalarini buzish boʻyicha “rekordchilar” nomi eʼlon qilindi.

Unga koʻra oʻtayotgan yilda “Forland” rusumli avtomobil egasi 376 marta yoʻl harakati qoidalarini buzgan va biror marta ham jarimasini toʻlamagan. Ushbu avtoulov poytaxtdagi I. Somoniy tumanining kommunal xizmatlar koʻrsatish boʻyicha davlat muassasasi balansida boʻlgan.

Dushanbelik N. Mavzudov esa fuqarolar orasida bu borada “yetakchi” boʻldi. U oʻzining “Opel Astra”sida 178 marta qoida buzib, umuman jarima toʻlamagan.

Ushbu qoidabuzarliklarning barchasi shaharga oʻrnatilgan videokuzatuv kameralari orqali qayd etilgan.

Ayni paytda Dushanbeda ham “Xavfsiz shahar” loyihasi joriy etilgan. U Xitoyning Huawei kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 22 mln. AQSH dollariga teng boʻlib, shundan 20,9 millioni SHHT doirasida Xitoy tomonidan uzoq muddatga imtiyozli asosda berilgan.

Ushbu mamlakat moliya vazirligining xabar berishicha, kredit yoʻl harakati qoidalarini buzganlardan undirilgan jarimalar evaziga qaytariladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?