Jang san’ati xalqaro festivalidan xabardormisiz?

18:48 27 Iyul 2018 Sport
570 0

O‘zbek jang san’ati federatsiyasi vakillari Jahon jang san’ati uyushmasining faol a’zosi sifatida nufuzli xalqaro musobaqalarda faxrli o‘rinlarni egallab kelayotgani ko‘pchilikka ma’lum.

Farg‘onada Jahon jang san’ati bo‘yicha Birinchi Xalqaro festival bo‘lib o‘tmoqda. Unda dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan 150 dan ziyod sportchi va 500 dan ortiq mehmonlar ishtirok etishmoqda. Marg‘ilon shahrida tantanali kutib olingan festival ishtirokchilari viloyatning diqqatga sazovor joylari bilan tanishdilar.

YUNЕSKO homiyligi ostida Butunjahon jang san’atlari (World Martial Arts Union) 17-Bosh assambleyasi yig‘ilishida 26 ta jahon jang san’atlari uyushmasiga a’zo-davlatlarning vakillari qatnashdilar.

Kun tartibining keyingi bosqichida amal qilish muddati tugagan 4 ta vitse-prezident o‘rniga yangilarini saylash uchun saylov o‘tkazildi. Filippin, Keniya, Indoneziya va Janubiy Koreyadan vakillar saylandi. Shu bilan ertalabki sessiya tugadi.

Kunning ikkinchi yarmida assambleya yig‘ilishining davomi bo‘lib o‘tdi. Savol-javob va muzokaralarga o‘rin berildi. Shuningdek, “Jang san’ati va ipak yo‘lidagi madaniyat” mavzusida akademik seminar bo‘lib o‘tdi. Unda kirish qismidan so‘ng jahon jang san’ati tarixi, ipak yo‘li va jang san’ati,urushlar va madaniyat almashinuvi, YUNЕSKO va nomoddiy madaniy meros kabi masalalar bo‘yicha ma’lumot berildi.

— O‘zbekistonga birinchi kelishim, — dedi AQSH vakili Namsu Xyong. — Juda mehmondo‘st, madaniyatli, zamonaviy mamlakat ekan. 1997 yildan beri o‘zbek jang san’ati bilan tanishman. U juda o‘ziga xos va samarador jang turidir. Amerikaga jang san’ati bo‘yicha o‘qitishga borganimda u yerda o‘qitish o‘rniga apachilarning jang san’atini o‘rgana boshladim. U o‘zbek jang san’atiga o‘xshab ketadi.

Festival doirasida tadbirlar davom etmoqda.
Gulbahor SAIDG‘ANIYEVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?