Sergey Buykevich: Oʻzbekiston jahon ot sporti rivojiga munosib hissa qoʻshmoqda

15:07 09 Sentyabr 2018 Sport
271 0
Foto: Hasan Paydoyev, “Xalq soʻzi”.

Oʻzbekiston mezbonlik qilayotgan Ot sportining toʻsiqlardan sakrash (konkur) turi boʻyicha Jahon kubogining final bosqichi qizgʻin pallaga kirdi. Bugun jahonning barcha mintaqasidan kelgan eng mohir sportchilar orasidan saralangan oʻn nafar finalda gʻoliblik uchun bellashadilar.

Mazkur nufuzli musobaqa bosh hakami, Xalqaro ot sporti federatsiyasi vakili Sergey Buykevich “Xalq soʻzi“ uchun eksklyuziv intervyu berdi.

- 2018 yilgi eng yirik musobaqalardan biri Oʻzbekistonda oʻtkazilyapti. Unga koʻrilgan tayyorgarlik ishlari, yaratilgan shart-sharoitlarni qanday baholaysiz?

- Avvalo, shuni alohida taʼkidlash kerakki, Jahon kubogi Osiyo hamda MDH mamlakatlari orasida birinchi boʻlib Oʻzbekistonda oʻtkazilmoqda. Musobaqaga esa qisqa davr ichida juda puxta tayyorgarlik koʻrilgan. Nafaqat chavandozlar va otlar uchun, balki soha mutaxassislari, hakamlar, shuningdek, ushbu sport ishqibozlari uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Shu bois musobaqa yuksak saviyada oʻta qizgʻin oʻtmoqda.

Keyingi paytda Oʻzbekistonda yilqichilik va ot sporti jadal rivojlanib borayotgani haqida koʻp eshityapmiz. Bunga yurtingizga kelib, yaqindan guvoh boʻldik. Zero, bugungi musobaqa ham jahon ot sporti rivojiga munosib hissa boʻlib qoʻshildi.

- Shubhasiz, Jahon kubogiga dunyoning eng kuchli sportchilar tashrif buyurishgan. Ammo ishtirokiga yuqori baho berilgan ayrim chavandozlar finalga chiqolmay qolishdi. Buning sababi nimada? Balki otlar bilan “til topisha“ olinmagandir...

- Musobaqa oʻz nomi bilan musobaqa. Unda, albatta, gʻolib ham, magʻlub ham boʻladi. Dunyoning barcha mintaqasidan kelgan sportchilarning bari puxta tayyorgarlikka ega. Bu dastlabki kunning oʻzida koʻzga yaqqol tashlanib qoldi. Otlarning tayyorgarligi esa alohida suhbatga mavzu boʻladi. Chunki nafaqat final uchun tanlangan yigirmata tulpor, balki zaxiradagi otlarning holati har tomonlama maqbul. Toʻgʻri, musobaqalarning birinchi kunida bitta ot jarohati tufayli chetlatildi. Buni tabiiy hol sifatida qabul qilish kerak. Demoqchi boʻlganim, chavandozlarning natijalariga otlarning ishtiroki salbiy taʼsir koʻrsatgani yoʻq. Otlarning tayyorgarligi, ularnig holati boʻyicha hech qanday eʼtiroz boʻlgani yoʻq. Ochigʻi, bu kam kuzatiladigan holatdir. Chavandozlar ham, veterinarlar ham eng sara tulporlar tanlangani eʼtirof etishmoqda. Bunig uchun Tashkiliy qoʻmitaga alohida minnatdorlik bildiramiz.

Foto: Hasan Paydoyev, “Xalq soʻzi”.

- Bosh hakam sifatida hakamlar guruhidan koʻnglingiz toʻlyaptimi?

- Albatta! Sababi, mazkur musobaqada Yaponiya, Qozogʻiston, BAA singari dunyoning koʻplab mamlakatlaridan eng taniqli, yuqori tajribaga ega hakamlar jalb etilgan. Ularning har biri oʻz ishining ustalari emasmi, hech qanday bahsli holat yuzga kelgani yoʻq.

Ammo eng masʼuliyatli vazifa hali oldinda. Bir ozdan soʻng final musobaqalari boshlanadi. Chavandozlar singari biz, hakamlar ham kuchli hayajondamiz. Barchaga omad tilaymiz!

Ishtirokchilar Jahon kubogining Toshkent bahslaridan yuqori natijalar, boy taassurotlar bilan ketishiga ishonchim komil.
“Xalq soʻzi“ muxbiri
Said RAHMONOV suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?