Ijtimoiy tarmoqdagi xabar oʻrganildi

09:39 14 Yanvar 2020 Jamiyat
285 0

Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasi joriy yil 13-yanvar kuni ijtimoiy tarmoqda berilgan prokuratura vakillarining “Huquq” va “Xalq soʻzi” gazetalariga majburiy ravishda obuna qilinayotgani haqidagi xabarni oʻrganib chiqib, izoh berdi.

Unda qayd etilishicha, har bir prokuratura organlari xodimlari, avvalambor, oʻz faoliyatining targʻibotchisi boʻlgani holda, Bosh prokuratura muassisligidagi “Huquq” gazetasining ham oʻquvchisi hisoblanadi.

Yaxshi bilamizki, “Huquq” gazetasi — jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi yangiliklar, qonunchilikdagi oʻzgarishlar, soha faoliyatida qabul qilinayotgan normativ huquqiy hujjatlar mazmuni, shuningdek, prokuratura organlarining faoliyati va amalga oshirilayotgan ishlar hamda boshqa yangiliklardan xabardor qilib turuvchi asosiy nashrlardan biri sanaladi.

Oʻz navbatida, “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari ham ijtimoiy-siyosiy va qonunchilikdagi yangiliklar, yurtimiz hayoti va jahonda sodir boʻlayotgan yangiliklardan birinchilardan boʻlib kunlik axborot yetkazuvchi matbuot nashrlaridan biridir.

Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan xodimlarning ushbu nashrlarga ixtiyoriy ravishda obuna boʻlishi yuzasidan tegishli tavsiya berilgan.

Tavsiyada asosiy eʼtibor – aholi va isteʼmolchilar bilan kunlik muloqotda boʻlish jarayonida, jamiyat hayotidagi yangiliklar va qonunchilikdagi oʻzgarishlardan xabardor boʻlishi hamda huquqiy bilimlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Jumladan, Byuroning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan “Huquq” gazetasi mavjud ehtiyojlar inobatga olinib, 1169 nafar xodimning obuna boʻlishi tashkil etildi.

Xuddi shunday, “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalariga boʻlgan 400 dan ortiq xodimlarning ehtiyoji inobatga olinib, roʻyxat shakllantirilgan.

Amalda esa bugungi kun holatida 533 nafar xodim “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalariga oʻz xohishi bilan obuna boʻlgan.

Obunani tashkil etishda boshqarmaning mavjud xodimlar soni emas, balki ehtiyoj inobatga olingan.

Xodimlarning ehtiyoji va hohishiga qarab, 1 ta gazeta nashriga yillik, yarim yillik va oylik obuna boʻlishi yoki boʻlmasa, 2-3 nafar xodimning 1 ta gazeta nashriga obuna boʻlishiga ham imkoniyat yaratilgan.

Tashkil etish ishlarida majburiy yoki boshqacha tarzda obuna boʻlish hollariga yoʻl qoʻyilmagan.

Prokuratura, MIB organlari oʻz xodimlariga qonunchilikdagi yangiliklar bilan chuqur oʻrganib borish, respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida doimo xabardor boʻlish, qolaversa, muntazam ravishda oʻz ustida izlanish, ayni shu jarayonda gazetalarni mutolaa qilib turishni tavsiya etadi. Zero, yuqorida tilga olingan nashrlar nafaqat prokuratura organlari xodimlarining, balki, har bir yurtdoshimizning dunyoqarashi va bilimini oshirishga xizmat qiladi.

MIB Toshkent shahar boshqarmasi majburiy obunaga yoʻl qoʻymaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?