Ijtimoiy sinergiya: endi hammasi oʻzimizga bogʻliq

11:05 16 Yanvar 2019 Jamiyat
343 0

Illyustrativ foto

Ijtimoiy sinergiya: endi hammasi oʻzimizga bogʻliq

Hurriyat — inson uchun eng oliy qadriyat. Mustaqillikka erishgan, ammo raiyat qullikda yashashda davom etgan butun boshli davlatlar uzoqqa bormay yana oʻz erkini boy berganiga tarix bir necha bor guvoh boʻlgan. Davlat ozod boʻlgani bilan hokimiyat tepasidagilar davlatning asl egasi boʻlmish raiyatga nisbatan qullarga qilinadigan munosabatni oʻzgartirmagan. Buyuk ishlar xalq nomi bilan qilingan, ammo buyuk jinoyatlarga ham aynan xalq nomidan “fatvo berilgan”. Bu haqda biz maqolaning yakunida toʻxtalamiz.

Insoniyat taraqqiyotining bugungi nuqtasi

Bugun insoniyat taraqqiyotining mutlaqo yangicha davrida yashayapmiz. Yillar davomida shakllangan qadriyatlar, dogmaga aylangan tushunchalar oʻzgarib bormoqda. Bugun rivojlanish choʻqqisida boʻlgan davlatlar anʼanaviy shablonlarga boʻysunmaydigan, nostandart fikr­lovchilarga keng yoʻl berish orqali mana shunday taraqqiyotga erishganini koʻrish mumkin. Ayni paytda dunyo milliarderlari roʻyxatida Stiv Jobs, Mark Sukerberg, Bill Geyts, Maykl Dell, Amansio Ortega, Fransua Pino, Ralf Loren kabi shaxslar turgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Chunki ular tengdoshlari singari diplom orqasidan quvishmadi, “Garvard yoki Oksford bitiruvchisi” degan nom uchungina oʻqishmadi. Hamma yurgan yoʻldan yurgilari kelmay oʻz yoʻllarini yaratishdi. Toʻgʻri, bunga ming bir mashaqqat bilan ­erishishdi. Ana shu mashaqqatlar ularni shaxs sifatida shakllantirdi.

Yer yuzida kechayotgan jarayonlar tahlil qilinsa, dunyoda qonuniyatlar oʻzgarayotganini, taraqqiyotga erishishning yangi qadriyatlari, yangi shartlari ­shakllanayotganini koʻrish mumkin.
Bu esa insoniyat taraqqiyotining kelajagiga teranroq nazar solish, oʻrganish va xulosa chiqarishni taqozo etadi.

Davlat va raiyatning ertasi haqida qaygʻurar ekanmiz, qandaydir bir-ikki yilnigina emas, balki davlatchilik nuqtai nazaridan kamida ellik — yuz yillik istiqbolni belgilab olish maqsadga muvofiq. Bugun dunyoda nihoyatda jadal surʼatlar bilan rivojlanayotgan Xitoy Xalq Respublikasining oʻz taraqqiyot yoʻliga besh yuz yillik reja asosida chiqqani ham koʻp narsani anglatadi.

Mavjud nuqtamiz

Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylanishi bilanoq mamlakatni taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqish uchun jamiyat tafakkurida transformatsiya zarurligini kun tartibiga olib chiqdi. Chunki har qanday islohotlar ijtimoiy hayotga tatbiq etilishi, shu yurtda yashayotgan har bir odamgacha yetib borishi uchun jamiyatning tafakkuri ­darajasi muhim omil sanaladi.

Prezident Mirziyoyev hokimiyatni ogʻir meros bilan qabul qilib olganini yurtdoshlarimiz yaxshi bilishadi, albatta. Davlat siyosati ijtimoiy reallikdan ancha uzoqlashgan, hokimiyat tepasidagilar xalqni unutib qoʻygan, oddiy aholi oʻz bilganicha qora qozonini qaynatib kelgani hech kimga sir emas. Buni Prezidentning virtual qabulxonasi ochilgan vaqtda murojaatlar yogʻilib ketgani, qisqa vaqt ichida davlat rahbari nomiga bir necha million ariza va shikoyatlar kelgani ham tasdiqlaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevni xalq mehriga sazovor qilgan harakat, nazarimda, muammolarning mavjudligi qoʻrqmasdan tan olinishi, soʻngra ularga birma-bir yechim topilishi boʻldi. Ammo shu bilangina maqsadga erishib boʻlmasdi, albatta. Uzoq manzilni koʻzlab yoʻlga chiqqan odam bitta qadam bilanoq marraga yetib bora olmasligini Prezident siz va bizdan koʻra yaxshi biladi. Shu sababli davlatchilikni mustahkamlash, uning xalqaro maydondagi imijini yaxshilash, eng ­muhimi, xalqparvar siyosat yuritish uchun navbatdagi qadamlar tashlandi.

Shu oʻrinda bir mulohaza. Chorak asrlik mafkuraviy-siyosiy turgʻunlikda yashab oʻrganib qolgan aksariyat odamlar Mirziyoyev hokimiyatining ilk davrlaridagi siyosiy bayonot va chaqiriqlarni “Ha, endi hokimiyat tuzilmalarida bir yangilik, yana bir oʻzgarish boʻlarkan-da, buning bizga daxli yoʻq”, deya qabul qilishgan edi. Goʻyoki ular boshqa olamda ­yashashayapti-yu, oʻzgarishlar umuman boshqa joyda roʻy berayotgandek. Taassufki, xalq bunda haqli edi...

Chunki yuqori minbardan turib har qancha jon koyitilmasin, shakl oʻzgargani bilan mohiyat oʻzgarmasdi. Mamlakat ­miq­yosidagi islohotlar viloyat va tumanlardagi ijtimoiy hayot turgʻunligini oʻzgartirmas edi.

Shu oʻrinda nozik bir oʻziga xos nuqta bor. Bunday holatning sabablaridan eng muhimi — oʻtgan 25 yil davomida soʻzda ijro hokimiyati rahbari boʻlgan Bosh ­vazir instituti amalda oʻz konstitutsiviy funksiyalarini toʻlaqonli bajara olmagan. Chunki bunga yoʻl qoʻyilmagan. Ijro hokimiyati rahbariga hukumatning iqtisodiy siyosat yuritishiga bosh-qosh boʻlishiga (aslida bu uning qonuniy huquqi va majburiyati) ruxsat berilmagan edi.

Iqtisodiy islohotlarning Bosh vazir emas, amalda uning oʻrinbosari orqali boshqarilishi, iqtisodiy siyosatni real ijtimoiy-iqtisodiy holat emas, Bosh vazir oʻrinbosari va uning guruhi manfaatlari belgilab berishi davlat boshqaruvida muvozanatning izdan chiqishiga sabab boʻlgan edi.

Mustaqillikka erishish va yigirma besh yil davomida uni saqlay olish, albatta, buyuk ish. Ammo erishilgan muvaffaqiyat davom ettirilmasa, vaqt oʻtishi bilan bir joyda depsinib turib qolish muvaffaqiyatsizlikka aylanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev buni teran anglab yetgandi. Shuning uchun ham muammolardan koʻz yummaslik va haqiqiy holatni tan olish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi. Ikki yildirki, bu yoʻldan ogʻishilgani yoʻq.

Soʻnggi ikki yil transformatsiyaga tayyorgarlik davri boʻldi

Oʻtgan ikki yil odamlar hayoti va ongida ulkan oʻzgarishlar davri boʻldi. Demokratik nomga ega, ammo avtokratik qadriyatlarga asoslangan ijtimoiy hayot liberalizm kislorodidan toʻyinib nafas ola boshladi. Tabiiyki, bu jarayon bir maromda va hech bir muammosiz kechmadi.

Erkinlikni qabul qila olmaslik, yaʼni erkinlik qadriyatlariga koʻnikolmaslikdan tortib, erkinlikni boshboshdoqlik deb qabul qilishgacha, eskicha qarashlardan voz kechishni istamaslikdan, yangicha ishlash va yashashga koʻnikolmaslikkacha boʻlgan holatlar koʻp uchradi. Bularning hammasi bosib oʻtilishi lozim boʻlgan jarayonlar edi.

2016 — 2018 yillar davomida davlat bosh­qaruvi tizimi, iqtisodiy siyosat, ijtimoiy himoya siyosati kabi barcha sohalarda yangicha yondashuv joriy etilar ekan, qanday muammolar borligi yuzaga chiqdi.

Garchi koʻpchilik Oʻzbekistonda boshlangan islohotlarni liberalizm deya baho­layotgan boʻlsa-da, men bu fikrga unchalik qoʻshilmayman. Sababi — Prezident ­Mirziyoyev islohotlari, ularni amalga oshirish mexanizmi tahlil qilinsa, u liberalizmdan koʻra koʻproq neoliberalizm tamo­yillariga muvofiqligini koʻrish mumkin.

Mana shunday yanglish qarash natijasida ijro hokimiyati Prezident islohotlarini hayotga joriy etishda ortda qolmoqda, deb hisoblayman. Chunki ijro hokimiyati funksionalizm tamoyillari asosida faoliyat yuritmoqda. Vaholanki, neoliberalizm ­siyosatini amalga oshirish uchun ijro tizimi neofunksionalizm tamoyili asosida ishlashi kerak.

Shu oʻrinda muhim bir nuqtaga eʼtibor qaratishingizni istardim. Soʻnggi ikki yil davomidagi Prezident islohotlari bir qator skeptik tahlilchilar tomonidan samarasiz va tartibsiz islohotlar, deya baholandi. Ularning skeptizmi Prezident­ning 2017 yildagi parlamentga ilk Murojaatnomasidan soʻng ancha kamayib qoldi. Sababi esa qisqa vaqt ichida qoʻrqmasdan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar aslida uzoqni koʻzlagan yagona strategiyaning tarkibiy qismi ekani ayon boʻlib ulgurgan edi.

Mirziyoyevning Parlamentga 2018 yildagi Murojaatnomasidan soʻng esa hammasi oydinlashdi. Koʻpchilik tanqidchilar oʻylaganidek, Prezident tavakkaliga emas, aniq strategik rejaga koʻra ish koʻrayotgani, yaʼni 2016 — 2018 yillar davomidagi islohotlar aslida jamiyat va davlat taraqqiyotning yangi bos­qichda transformatsiyaga oʻtishi uchun tayyorgarlik yillari boʻlgani oydinlashdi. Bu esa Oʻzbekiston Prezidenti strategik istiqbol rejasiga ega ekanini isbotladi. Bu reja keyingi yuz yillik yoki kamida ellik yillikni qamrab olganiga shubha qilmayman. Asosiysi, bularning barchasi Prezident oʻzi ­saylangan muddat uchun emas, davlat ­rahbari sifatida oʻn yillar oldinni koʻzlab ish ­tutayotganini, buyuk davlatchilik anʼanalari xayolda emas, amalda qayta tikla­nayotganini koʻrsatadi.

Global siyosiy transformatsiyani boshlab bergan tarixiy Murojaatnoma

Prezident Mirziyoyev siyosiy boshqaruv, jamiyat va davlatning ijtimoiy munosabatlarida sinergiya jarayonini boshlashga imkoniyat yaratdi. Sinergiya, oʻz mohiyatiga koʻra, oʻz-oʻzini tashkil etishni anglatadi. Yanada soddaroq qilib aytadigan boʻlsak, sinergiya muammoni joyida hal qilishdir.

Masalan, mahallada kichik bir muammo paydo boʻldi. Bu muammoni hal qilish uchun mahalla raisi masʼuliyatni oʻz boʻyniga olib, qaror qabul qiladi va muammoni hal etadi. Yaʼni oʻz faoliyatini yuritishda oʻzi qaror qabul qiladi va shunga koʻra ish koʻradi.

Mavjud holatimizda esa, mahalla rais­lari koʻpincha “Nima qilaylik?”, deya imdod kutib, tuman hokimi oʻrinbosariga yoki tuman hokimiga chiqadi. Mazkur holatda u biron-bir masala boʻyicha qaror qabul qilishda masʼuliyatdan qoʻrqadi. Qolaversa, bunday “oʻzboshimchalik” ortidan mahalliy hokimiyat idoralaridagi vallomatlarning gʻazabiga duchor boʻlishdan ­hayiqadi. Chunki hokim yoki uning oʻrinbosari ular bilan maslahatlashmagan, oʻzbilarmon raisni tazyiq ostida ishdan oldirishi hech gap emas-da.

Shakllantirilgan tizimga koʻra, bu tarz­da ishdan olingan kadr boshqa joydan ham ish topa olmagan. Sababi “quloqsiz” deya tamgʻa bosilgan odamni hech kim ishga olmagan yoki ishga olinishiga yoʻl qoʻyilmagan. Shuning uchun ham boshqaruv tizimida tashabbuskor va masʼuliyatni boʻyniga oladigan “quloqsiz”lardan koʻra, hamma narsaga xoʻp deydigan, shaxsiy masʼuliyat bilan qaror qabul qilmaydigan, hamma narsani soʻrab qiladigan, aytilmasa hech ish qilmaydigan “quloqli” kadrlar qadrlanadi. Bu — mahalliy ijro hokimiyati uchun oʻz shaxsiy daxlsizligini taʼminlash uchun, aslida noprofessionalligini yashirish uchun eng qulay yoʻl.

Daxlsizlik deganda ham xalq, ham ­davlatning zarbasiga duchor boʻlmaslik nazarda tutilmoqda. Tasavvur qiling: mahallaning guzarga ehtiyoji bor. Mahalla raisi tuman hokimiga pul soʻrab chiqadi. ­Tuman hokimi viloyat hokimiga. Viloyat hokimi — tegishli vazirlikka, vazirlik esa, oʻz ­navbatida, Vazirlar Mahkamasiga. Respublikaning bir burchagidagi mahallaning oddiy muammosini hal qilish uchun masala Vazirlar Mahkamasiga olib chiqilishi ­kerak. Buning uchun qancha vaqt va qogʻoz ­kerak?! Asab-chi?

Mahallaga biror davlat xizmatidan ­tekshiruv kelsa yoki xalq soʻrasa, mahalla raisiga ham, tuman hokimiga ham, viloyat hokimiga ham bahona tayyor: “Hujjatlarni tayyorlab joʻnatganmiz, tepadan “Dobro” ­kutyapmiz!”.

Biror odam: “Seni tumanga yoki viloyatga hokim qilib qoʻygan davlat oʻsha joyning muammosini hal qilishga aqli, qaror qabul qilishga jurʼati yetadi, deb qoʻymaganmi?” deb aytolmas edi. Mahalliy byudjetni tasarruf etishda mahalliy hokimiyatlarning umuman haqqi boʻlmagani ham mazkur muammoning bosh sabablaridan biri boʻlganini aytib oʻtish adolatdan boʻladi, nazarimda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev aynan shuning uchun mahalliy byudjetlarda yigʻilgan soliqlarning katta qismi hokimliklarning oʻzida qolishini yoʻlga qoʻygan edi. Yaʼni ijtimoiy sinergiya uchun zarur sharoit yaratgan edi.

Prezidentning 2018 yil oxiridagi parlamentga Murojaatnomasidagi tuman deputatlari Kengashi faoliyatini tubdan oʻzgartirishga qaratilgan takliflari jamiyatda chin maʼnoda sinergiya jarayoni boshlanishi uchun katta start boʻldi. Tuman hokimi endi bevosita tuman Kengashi tavsiyasiga koʻra tayinlanadi.

Yaʼni tuman hokimi kim boʻlishini, uning ishini nazorat qilishni bevosita xalq tomonidan saylangan deputatlar hal qiladi. Ijro hokimiyatining muhim mexanizmi boʻlgan vazirlik instituti vakillarini tayinlashni ham endi Siz va biz saylagan Oliy Majlis deputatlari hal qiladi.

Davlat va jamiyatning ijtimoiy munosabatlarida sinergiya jarayoni boshlandi. Prezident soʻnggi uch yuz yilda millatimizni tarqoq, xorlikka mahkum etgan, qon-qonimizga singib ketgan “Menga nima, mening fikrim hech narsani hal qilmaydi” kabi qarashlardan, bir soʻz bilan aytganda, ijtimoiy beparvolikdan xalos etish uchun imkon yaratdi.

Maqolaning kirish qismidagi soʻzlarimizga yana bir bor eʼtibor bering. Sizningcha, kuzatuvlarni nega bunday boshladim? Tarixda oʻzini mustaqil, deb eʼlon qilsa-da, oʻz xalqiga erkini qaytarmagan davlatlar tanazzulga uchragan, hukmron tabaqa vakillarining “Xalq hali erkinlikka tayyor emas, shu bois unga ixtiyorni berib boʻlmaydi!” kabi qarashlari hamisha haqiqiy demokratiyaning tanazzuliga olib kelgan.

Kelajakka umid uygʻotayotgan mujdalardan biri shuki, Prezident Shavkat ­Mirziyoyev buning aksini qilmoqda, nimagaki qoʻl urmasin, xalqqa ishonmoqda, unga tayanmoqda.

Bugun hali mahalliy ijro hokimiyatida “Xalqqa erkinlik berib boʻlmaydi, odamlarimiz bunga tayyor emas!” deya oʻz toʻraligini saqlamoqchi boʻlib yurganlar qachon oʻzgarishi, oʻz nomidan siyosat yuritilishiga koʻnikib qolgan omma — huquqning masʼuliyat ekanini nechogʻli tez anglab yetishi ham maʼlum emas. Ammo maʼlum boʻlgani shuki, Shavkat Miromonovich millat lideri sifatida xalq nomidan siyosat yuritishga emas, xalqi bilan birga ­siyosat yuritishga qaror qildi. ­Shaxsiy siyosiy xavfsizligini emas, xalqini oʻylamoqda.

Prezident nimani istamoqda?

Prezident odamlarimiz odatlanib qolgan “Amerika kuchlimi yoki Rossiyami?” degan savollar oʻrnini “Biz kuchli boʻlishimiz uchun nima qilishimiz kerak?!” degan mushohadalar egallashini istamoqda. Prezident har bir vatandoshimiz ongida “Oʻzbekistonni rivojlantirish uchun fuqaro sifatida men oʻz ishimni ideal ravishda bajarishim kerak!”, degan fikr shakllanishini istamoqda.

Prezident odamlarimiz boqimandalik kayfiyatidan qutilishini, har bir oʻzbekistonlik “Hayotim yaxshi boʻlishi uchun hammadan koʻra oʻzim harakat qilishim, izlanishim, oʻz ustimda koʻproq ­ishlashim kerak!”, degan qarash bilan yashashga oʻrganishini istayapti.

Prezident tuman hokimi bundan keyin viloyat hokimining yugurdagi emas, chin maʼnoda mahalliy davlat boshqaruvi organi rahbari boʻlishini, viloyat hokimidan Vazirlar Mahkamasining koʻrsatmasini kutib turadigan ijrochigina emas, oʻz viloyati uchun yonib ishlaydigan qoʻrqmas, tashabbuskor boʻlishni talab qilmoqda hamda buning uchun sharoit yaratib bermoqda.

Bugun Prezident jamiyatimizda ijtimoiy sinergiya jarayoni boshlanishi uchun imkoniyat yaratdi. Bu juda katta siyosiy tavakkalchilik ekanini yuqorida taʼkidlab oʻtdim. Endi hammasi jamiyatimiz tafakkuridagi roʻy berishi kerak boʻlgan transformatsiyaga bogʻliq. Yaʼni hammasi oʻzimizga bogʻliq.

Said-Abdulaziz YUSUPOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?