Ijtimoiy himoya yoʻnalishidagi boshqaruvni takomillashtirish zarurati yuzaga kelgan

17:14 25 May 2020 Jamiyat
466 0

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan 2017 – 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida aholini ijtimoiy himoya qilish vazifalari izchil hal etilmoqda.

Birgina 2017 – 2020-yillarda aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishlariga oid Prezidentimizning ijtimoiy yordam masalalari boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilangan 40 dan ziyod farmon va qarori qabul qilindi.

Mazkur hujjatlar asosida nogironlar jamoat birlashmalarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish, aholining mehnat bandligini taʼminlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish va ularning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, oila institutini mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shahar va qishloq aholi punktlarida kam taʼminlangan aholi qatlamlariga arzon turar joylar qurish orqali ularning yashash sharoitlarini yaxshilanyapti.

Ayniqsa, joriy yilda aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, 2017 – 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojalntirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida joriy yilda ijtimoiy siyosatning yangi ustuvor yoʻnalishlari belgilab berilgan. Ularning ajralib turadigan xususiyati – bu mamlakatda tegishli vazfalarni BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bilan bogʻliq holda hal etishdir.

Davlat dasturida joriy yilda ijtimoiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishi boʻlgan Kambagʻallikni qisqartirish Dasturini ishlab chiqish bilan birga, Aholini ijtimoiy himoya qilish Konsepsiyasini yaratish va qabul qilish vazifasi ham belgilangan.

Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlari ushbu ustuvor vazifalarga mos keladi. Ushbu masalalarda partiyaning siyosiy pozitsiyasi mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning ijtimoiy samaradorligini izchil oshirishga koʻmaklashishdir.

Oʻzbekiston XDP ning dasturiy ustuvor vazifalarini amalga oshirish maqsadida partiyaning parlament fraksiyasi tomonidan tegishli ekspert guruhlari tashkil etildi. Jumladan, Aholini ijtimoiy himoya qilish Konsepsiyasi loyihasiga takliflar tayyorlash boʻyicha ham ana shunday guruh tashkil etildi.

Ishchi guruhi tomonidan oʻtkazilgan meʼyoriy-huquqiy bazani jamoatchilik ekspertizasi shuni koʻrsatdiki, aholining ehtiyojmand guruhlarini davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash samaradorligini oshirishga toʻsqinlik qiluvchi muammolardan biri – bu ushbu sohani davlat tomonidan tartibga soluvchi va bu borada tegishli muvofiqlashtirish vakolatlariga ega boʻlgan yagona organning mavjud emasligidir.

Masalan, nogironlarni ijtimoiy himoya qilish masalalari 10 dan ortiq vazirlik va idoralar vakolatiga kiritilgan. Aniqrogʻi: nogironlikni belgilash va nogironlarni tibbiy-ijtimoiy qoʻllab quvvatlash masalalari Sogʻliqni saqlash vazirligi vakolatiga, nogironlarni ishga joylashtirish – Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, maxsus maktab-internatlar faoliyatini tashkillashtirish – Xalq taʼlimi vazirligi, nogironlarning transport xizmatlardan foydalanishi Transport vazirligi vakolatiga kiradi. Kam taʼminlangan oilalar, pensionerlar va aholining boshqa ehtiyojmand qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish masalasida ham xuddi shunday holat kuzatiladi. Ayni damda yuqorida sanab oʻtilgan davlat organlarining hech biri aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi vazifalarni bajarmaydi.

Shu bilan birga, ishchi guruhi tomonidan tegishli xorijiy tajriba oʻrganishlari shuni koʻrsatdiki, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan hujjatlariga koʻra, aholini ijtimoiy himoya qilish muayyan mamlakatda toʻgʻridan-toʻgʻri davlat tomonidan yoki uning nazorati ostida kafolatlangan darajani aniq bir davlatda oʻrnatilgan minimal standartlar (meʼyorlar)ga muvofiq keladigan iqtisodiy va huquqiy, tashkilish, tibbiy va boshqa tadbirlarning yagona tizimi sifatida qaraladi.

Ayni damda Amerika, Yevropa, MDHning aksariyat davlatlarida ehtiyojmand aholi qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish boʻyicha turli davlat va nodavlat tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirishga yoʻnaltirilgan davlat siyosatiga katta eʼtibor qaratiladi. Masalan, AQSHda tegishli muvofiqlashtirish vazifalari Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vazirligiga, Buyuk Britaniyada Mehnat va pensiyalar vazirligiga, Fransiyada Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy himoya vazirligiga, Shvetsiyada Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vazirligiga yuklatilgan. Shuningdek, Germaniyada Mehnat va ijtimoiy munosabatlar Federal vazirligi, Italiyada Mehnat va ijtimoiy siyosat vazirligi, Rossiya, Belarusiya, Qozogʻistonda Mehnat va ijtimoiy himoya vazirliklari ham xuddi shu vazifalar bilan shugʻullanadi.

Xalq demokratik partiyasining Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi ushbu yoʻnalishdagi oʻz ishini davom ettiradi va bu sohada davlat boshqaruvini takomillashtirish toʻgʻrisida takliflar kiritishni rejalashtirmoqda.

Xorijning ijobiy tajribasi boʻyicha yuqorida keltirilgan misollarni hisobga olganda, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligini Bandlik, mehnat munosabatlari va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi sifatida yoki Sogʻliqni saqlash vazirligini Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy siyosat vazirligi sifatida qaytadan tashkillashtirish mumkin. Vazirlikka ehtiyojmand aholi qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish sohasidagi muvofiqlashtirish vakolatlarini berish orqali dolzarb masala ijobiy hal etilishi mumkin.

Prezidentimizning Oliy Majlisga yoʻllangan Murojaatnomasida bildirilgan Aholini ijtimoiy himoya qilish Konsepsiyasini ishlab chiqish va qabul qilish, ehtiyojmand aholi qatlamlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yaxlit va samarali tizim yaratish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalari bu masalani chuqur muhokama qilib, fikr va takliflar asosida samarali yechimga kelinishini taqozo etadi.

Ulugʻbek VAFOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?