Ijobiy tajribalardan foydalaniladi

12:11 11 Aprel 2018 Siyosat
433 0

Parlament quyi palatasida majburiy tibbiy sug‘urta sohasida Koreya Respublikasi tajribasiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi tadqiqot markazi o‘rtasida joriy yil fevral oyida imzolangan o‘zaro hamkorlik memorandumining ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi tadqiqot markazi direktori I Ne Yong boshchiligidagi delegatsiya, yurtimizning yetakchi sug‘urta kompaniyalari, Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari qatnashdi.

Ta’kidlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga 2017 yil noyabr oyida amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar strategik hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga xizmat qilayotir.

Seminarda Koreya Respublikasining majburiy tibbiy sug‘urta tizimi amaliyoti hamda qonunchiligining o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida taqdimot o‘tkazildi.

Qayd etish lozim, mazkur mamlakat milliy tibbiy sug‘urta tizimi va tibbiyotning rivojlanishi bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinni egallaydi. O‘z navbatida, deputatlar ushbu tajribani chuqur o‘rganish muhimligini aytib o‘tdilar.

Tadbir yakunida yurtimizda majburiy tibbiy sug‘urta tizimini takomillashtirish bo‘yicha taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqildi. Bu borada Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi tadqiqot markazi bilan qator ilmiy tadqiqotlar va loyihalar o‘tkazishga kelishib olindi.

Ziyoda ASHUROVA.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?