Izchil islohotlar — iqtisodiy barqarorlik garovi

10:43 03 Iyul 2020 Iqtisodiyot
269 0

Bugun dunyoda deyarli barcha davlatlar koronavirus pandemiyasi natijasida vujudga kelgan inqirozning salbiy oqibatlarini boshidan kechirayotgan bir vaqtda Jahon banki Oʻzbekistonning iqtisodiyoti 2020-yilda 1,5 foiz, 2021-yilda esa 6,6 foiz oʻsishini bashorat qilishi, albatta, juda yuksak eʼtirofdir. Jahon banki singari yetakchi xalqaro moliya institutining Oʻzbekiston iqtisodiyoti istiqbollari toʻgʻrisidagi bu bashorati, avvalo, mamlakatimizda soʻnggi yillarda Prezidentimiz boshchiligida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida chuqur tahlillarga va tizimli yondashuvga asoslangan islohotlarning samarasidir.

Shuningdek, soʻnggi yillarda mamlakatimizdagi keng qamrovli va izchil islohotlarning aniq manzilli va oqilona yondashuv asosida uzoq muddatga moʻljallangani xalqaro hamjamiyatning yuksak eʼtirofiga sazovor boʻldi. Nazarimda, Jahon bankining Oʻzbekiston iqtisodiyoti oʻsishiga bergan bunday yuqori bahosiga bir qator muhim omillar asos boʻlib xizmat qilgan. Eng avvalo, bu inqiroz davrida jamiyat manfaatlarini qamrab oluvchi qarorlarning oʻz vaqtida qabul qilinishi, ularni amalda tatbiq etishda barcha resurslarni safarbar qilish imkonini beruvchi samarali davlat boshqaruv tizimi shakllanganidir. Bu borada amerikalik yetakchi olim iqtisod boʻyicha Nobel mukofoti sovrindori Jozef Stiglis koronavirus inqirozi globallashuv jarayonlari va xalqaro tashkilotlarning rivojlangan boʻlishiga qaramay, iqtisodiy va siyosiy muammolarni hal etishda asosiy vazifani davlat bajarishi kerak, deb taʼkidlagani oʻrinlidir.

Mamlakatimizda qonun ustuvorligini kuchaytirish, davlat hokimiyati organlarida zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish, davlat xizmatiga yuqori malakali kadrlarni jalb etish boʻyicha olib borilgan islohotlar inqiroz davrida, jumladan, koronavirusga qarshi kurashishda yana bir bor oʻz samaradorligini koʻrsatdi. Shuningdek, soʻnggi yillarda innovatsion bilimga tayangan inson omilini qamrab oluvchi kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish boʻyicha jadal siyosat inqirozning salbiy oqibatlarini bartaraf etishda muhim garov vazifasini oʻtamoqda.

Ikkinchi muhim omil — mamlakatimizning koʻp tarmoqli va raqobatbardosh iqtisodiyotga egaligi. Aynan iqtisodiyotimizdagi tub oʻzgarishlar pandemiya inqirozining aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatishga sabab boʻldi. Qolaversa, iqtisodiy drayver hisoblangan transport, energetika va turizm sohalari isloh qilinishi, kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratilishi pandemiya davrida iqtisodiyotimizning barqaror oʻsishini taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.

Xususiy mulk daxlsizligini taʼminlashning huquqiy asoslari mustahkamlanishi esa bugun xorijiy sarmoyadorlar ishonchi yana-da ortishiga, inqiroz davrida ham Oʻzbekistonning investitsion jozibadorligi saqlanib qolishiga sabab boʻlmoqda.

Uchinchidan, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlashda, eng avvalo, islohotlarning xalq tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi bosh iqtisodchisi Gita Gopinatning fikricha, pandemiya inqirozining boshqa inqirozlardan farqi sogʻliqni saqlash sohasidagi noaniqlik, koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqilishi muddati mavhumligi, jamiyatda ertangi kunga nisbatan ishonch kamayishi, iqtisodiy faollik pasayishi va isteʼmol talabi tushib ketishiga sabab boʻlmoqda. Bunday vaziyatda davlat, jamiyat va biznes oʻrtasida inqirozga qarshi qabul qilinayotgan chora-tadbirlar samaradorligini tushuntirishga qaratilgan, yuqori ishonchga asoslangan strategik muloqot oʻrnatish iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda olib borilayotgan xalq bilan muloqot siyosati, ijtimoiy sherikchilik tamoyillariga asoslangan davlat, biznes va jamiyat oʻrtasidagi hamkorlik natijasida bugun yurtimizda birdamlik va oʻzaro ishonch munosabatlari oʻrnatilgan. Bu, oʻz navbatida, xalqimizning davlat islohotlari, eng avvalo, inson manfaatlariga xizmat qilishiga ishonchi yana-da ortishiga sabab boʻlmoqda. Jamiyatda bunday ishonch muhiti shakllanishi har qanday inqiroz davrida aholining iqtisodiy faolligi va isteʼmol talabi yuqori boʻlishiga xizmat qiladi.

Toʻrtinchidan, Prezidentimiz boshchiligida soʻnggi yillarda olib borilayotgan ochiq, doʻstona, pragmatik va oʻzaro manfaatlarga asoslangan faol tashqi siyosat natijasida bugun Oʻzbekiston oʻzini xalqaro maydonda masʼuliyatli va ishonchli hamkor sifatida namoyon qilmoqda. Yuqoridagilar bilan bir qatorda, mamlakatimizdagi jadal islohotlarni inobatga olgan holda xalqaro moliyaviy tashkilotlar va yirik hamkorlarning Oʻzbekiston bilan uzoq muddatli hamkorlikka qiziqishi ortib bormoqda. Xususan, Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish federal vazirligi tomonidan inqiroz davrida ishlab chiqilgan va xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy munosabatlarni optimallashtirishga qaratilgan muhim hujjat — 2030-yilgacha moʻljallangan strategiyada Germaniya Markaziy Osiyo mintaqasida oʻzining yetakchi iqtisodiy hamkori sifatida Oʻzbekistonni belgilagan.

Xulosa qilib aytganda, inqiroz davrida va undan keyin iqtisodiyotimiz barqaror rivojlanishining eng muhim kafolati — bu Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan keng qamrovli islohotlarga asoslangan, eng asosiysi, xalqimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan va xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilayotgan, chuqur oʻylangan va uzoq muddatli strategiyaning izchil va uzluksiz amalga oshirilayotganidir.

Baxtiyor MUSTAFOYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar

institutining markaz rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?