Iyun oyida mahsulot va xizmatlar narxi 2,7 foizga pasaydi

18:37 03 Iyul 2018 Iqtisodiyot
1156 0

2018 yilning iyun oyida O‘zbekiston iste’mol bozoridagi mahsulotlar va xizmatlar narxlarining o‘rtacha darajasi 2,7 foizga pasaydi. Bu haqda Markaziy bank axborotida ma’lum qilingan.

Tashkilot bergan izohga ko‘ra, pasayish eng avvalo mavsumiy jarayonda oziq-ovqat mahsulotlarining an’anaviy arzonlashuvi bilan bog‘liq.

Agar meva va sabzavot mahsulotlari narxlari hisobga olinmasa, narxlar o‘rtacha 0,8 foizga oshgani ko‘rinadi. Ammo pomidor (66,7 foiz), bodring (52,6 foiz), kartoshka (45,7 foiz) va olma (35,8 foiz) arzonlashuvi narxlarning umumiy darajasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.

Mavsumiylik ta’sir etmaydigan qator oziq-ovqat mahsulotlari narxida esa o‘sish kuzatildi. Mosh 14,8 foiz, guruch — 13,7 foiz, grechka — 9 foiz, mineral suv — 8,2 foiz, shakar — 2,4 foiz, qo‘y go‘shti — 2,1 foiz va mol go‘shti — 1,7 foizga qimmatlashdi.

Go‘sht, guruch va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari importining ortishi ular narxining barqarorlashuviga olib kelishi mumkin.

So‘mning ayriboshlash kursining mustahkamlanishi va chegaradosh respublikalar bilan tashqi savdoning liberallashayotgani nooziq-ovqat mahsulotlar narxining barqaror bo‘lishini (pasayish — 0,7 foizga) ta’minlamoqda

Iyunda xizmatlarning 1,4 foizga qimmatlashuvi asosan stomatologik xizmatlarning 13,1 foizga, shahar transportida yo‘l kiraning 11,6 foizga va yuklarni avtomobilda tashish xizmatlarining 3 foizga qimmatlashuvi bilan bog‘lanmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?