“Ittifoq taʼlim granti” loyihasida 227 nafar talabaga 800 mln soʻm mablagʻ ajratildi

16:47 14 Dekabr 2018 Jamiyat
610 0

Toshkent shahridagi Yoshlar markazida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan “Ittifoq taʼlim granti” loyihasining 55 nafar sovrindorlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda boquvchisini yoʻqotgan, imkoniyati cheklangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga maxsus sertifikatlar va esdalik sovgʻalari topshirildi.

— Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini oʻz vaqtida himoya qilish mamlakatdagi oʻzgarish va yuksalish jarayonini orqaga qaytishiga yoʻl bermaydigan ijtimoiy tayanchdir. Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatining shakllanishida ham yoshlarni ijtimoiy himoya qilish muhim vazifalarimizdan biri, — deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bosh mutaxassisi Hayot Qosimov. — “Ittifoq taʼlim granti” loyihasiana shu vazifalarning ijrosi va yoshlarning jamiyatda munosib oʻrnini topishi, oʻz ustida ishlab kuchli mutaxassis boʻlib yetishishiga koʻmaklashmoqda.

“Ittifoq taʼlim granti” loyihasi orqali 227 nafar sovrindor talabalarning 50 foiz toʻlov–shartnoma mablagʻlari tahsil olayotgan oliy taʼlim muassasalariga oʻtkazib beriladi. Mazkur loyiha uchun jami 800 mln. soʻm miqdorda mablagʻ ajratildi.

“Ittifoq taʼlim granti” loyihasi sovrindorlarini aniqlashda asosiy eʼtibor talabaning ayni vaqtdagi ijtimoiy-moddiy ahvoli, jamoatchilik ishlarida faolligi va erishgan yutuqlariga qaratildi.

— Guliston davlat pedagogika universiteti biologiya yoʻnalishining 1-bosqich talabasiman.Bolalar tarbiyasi, maktabgacha taʼlim muassasasi va undagi islohotlarni katta qiziqish bilan kuzatib boraman. Bu qiziqish keyinchalik shu soha boʻyicha kasb tanlash istagini uygʻotdi. 2018 yilda mazkur yoʻnalish boʻyicha oʻqishga hujjat topshirdim. Ammo, shartnoma asosida oʻqishga qabul qilindim. Shartnoma pulini toʻlashga esa imkoniyatimiz yetarli emas edi. Shu orada “Ittifoq taʼlim granti” loyihasi haqida xabar topdim va tashkilotga hujjatlarimni topshirdim. Natijada bugun oʻqishni davom ettirish imkoniyatiga ega boʻldim.Bu ragʻbatga javoban kelgusida nutqi va eshitishida nuqsoni bor bolalar uchun maxsus maktabgacha taʼlim muassasasini ochish orqali taraqqiyotimiz rivojiga munosib hissa qoʻshishni oldimga maqsad qildim. Yoshlarga har tomonlama tayanch boʻlayotgan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqidan cheksiz minnatdorman, – deydi sovrindor Shahnozabonu Komilova.

Tadbir davomida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan loyiha doirasida yoshlar orasidagi ijtimoiy muammolarni hal etishdagi koʻmagi uchun “Oʻzpaxtasanoat”, “Oʻzavtosanoat”, “Oʻzdonmahsulot” kabi aksiyadorlik jamiyatlari va “Orient Finans Bank”, “Asia Alliance Bank” banklariga tashakkurnomalar va esdalik sovgʻalari taqdim etildi.

Shahnoza Nurullayeva.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?