Italiyadan Oʻzbekistonga ilk bora zaʼfaron piyozboshilari  joʻnatildi

09:13 23 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
394 0

Italiyaning Breshia shahridan 5 million dona zaʼfaron piyozboshlari ortilgan yuk mashinalari Oʻzbekistonga yoʻl oldi. 

Mamlakatimizning Italiyadagi elchixonasining xabariga koʻra, 64,5 tonna yuk ortilgan bir necha yuk mashinalaridan iborat avtokarvon Yevroosiyoning 7 davlati: Sloveniya, Vengriya, Polsha, Belarus, Rossiya va Qozogʻiston hududlari orqali 6 ming 800 kilometr masofani bosib oʻtib Oʻzbekistonga yetib keladi.

Bu noyob oʻsimlikning aʼlo navli piyozboshlari asrlar davomida Italiya seleksioner olimlari tomonidan yaratilgan. Ularni Baxmal adirlarida qimmatbaho zaʼfaron yetishtirish maqsadida ekish rejalashtirilgan.

Ushbu saʼy-harakatlar Jizzax viloyatida zaʼfaron va boshqa dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, sanoat usulida qayta ishlash hamda uni Italiya va boshqa Yevropa mamlakatlariga eksport qilish loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 10-apreldagi “Yovvoyi holda oʻsuvchi dorivor oʻsimliklarni muhofaza qilish, madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ushbu sohada hamkorlik uchun sharoit yaratdi.

Natijada Oʻzbekistonning “BMB Trade Group” kompaniyasi bilan Italiyaning “Opera SRL” kompaniyasi oʻrtasida zaʼfaron yetishtirish va uni eksport qilish loyihasini amalga oshirish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Hozirgi paytda ushbu investitsiya loyihasining umumiy qiymati 34,4 million yevroni tashkil etadi. Kiritilgan investitsiyalarning aksariyat qismi zaʼfaron piyozboshi ulushiga toʻgʻri keladi. Loyiha doirasida mahalliy aholi uchun 200 ga yaqin doimiy va 7 mingta mavsumiy ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari loyiha doirasida mamlakatimizga Italiyadan malakali agronom va yuqori malakali texnologlar jalb qilingan boʻlib, yaqin kelajakda zamonaviy sertifikatsiya laboratoriyalarini yaratish koʻzda tutilgan.

Piyozboshilarni Oʻzbekistonga yuborish chogʻida “Opera SRL” kompaniyasi prezidenti Paolo de Anjelis “Dunyo” AA muxbiriga intervyu berdi:

– Ushbu tadbir Italiya bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar tarixida muhim voqeadir. Chunki Italiyada yetishtirilgan zaʼfaron piyozlari birinchi marta oʻz tarixiy vatanini tark etmoqda.

Oʻzbekiston – Italiya loyihasi doirasida Breshia shahridan 5 million dona dorivor oʻsimlik piyozi joʻnatilmoqda. Yaqin kunlarda qolgan 75 million donasini ham yuborish rejalashtirilgan.

Bundan bir yil oldin Oʻzbekistonning Italiyadagi elchixonasi koʻmagida “BMB Trade Group” va “Opera SRL” kompaniyalari zaʼfaron yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish loyihasini boshlagan edi. Yaratilgan qulay investitsiya muhiti, Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari tufayli bugun Oʻzbekistonda biznes yuritish uchun yangi va keng imkoniyatlar ochilmoqda.

Jizzax viloyati xokimligi tomonidan “BMB Trade Group” va “Opera SRL” kompaniyalariga qisqa vaqtda Baxmal tumanidan 400 gektar yer ajratildi. Bundan tashqari loyihani amalga oshirishda Tashqi ishlar, Investitsiyalar va tashqi savdo va Qishloq xoʻjaligi vazirliklari tomonidan koʻrsatilayotgan koʻmakni his qilyapmiz.

“BMB Trade Group” investitsiya va konsalting kompaniyasi bilan birgalikda Oʻzbekistonni jahon bozorida yetakchi ishtirokchi sifatida koʻrsatishga imkon beradigan eng yirik zaʼfaron plantatsiyalaridan birini yaratmoqchimiz.

Bundan tashqari, “BMB Trade Group” bilan birgalikda zaʼfaron klasterida kulinariya, farmatsevtika va boshqa sohalarda yuqori talabga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun qoʻshimcha ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishni rejalashtiryapmiz.

Taʼkidlash joizki, Italiyaning 5 mingdan ziyod dorixonalariga mahsulot yetkazib beruvchi “GESFARM” kompaniyasi bilan allaqachon 12 million yevroga teng zaʼfaron yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzolandi.

 

 



Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?