Italiyadan Baxmalga 5 million bosh zaʼfaron keltirildi

16:11 09 Oktyabr 2020 Iqtisodiyot
423 0

Jizzax viloyati Baxmal tumanining purviqor togʻlari, qir-adirlari, Oyqor togʻining pastki etaklarida ayni kunlarda oltin kuzning soʻnggi kunlari hukm surmoqda. Bu hududlarda bir-necha kunlardan keyin yomgʻirlar mavsumi boshlanib, atrof qalin qorlar bilan qoplanadi. Shu sababli, “BMB-OPERA ZAFFERANO” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi Oʻzbekiston — Italiya qoʻshma korxonasi masʼullari va xodimlari, tuman faollari hamkorlikda mazkur hududlarga zaʼfaron ekishni boshlab yuborishdi. Korxonaning tumandagi boʻlimiga Italiyaning Breshia shahridan maxsus yuk mashinalarida 5 millionta yuqori navli zaʼfaron piyozboshlari keltirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan dorivor oʻsimliklar klasterlarini tashkil etish boʻyicha belgilab bergan vazifalar asosida Oʻzbekistonning “BMB TRADE GROUP” va Italiyaning “OPERA SRL” kompaniyalari hamkorligida taʼsis etilgan ushbu qoʻshma korxona dorivor oʻsimliklar yetishtirish, qayta ishlash, sotish klasteri sifatida faoliyat koʻrsatadi. Mazkur qoʻshma korxona tomonidan Baxmalda umumiy qiymati 25 million yevro miqdoridagi zaʼfaron yetishtirish va qayta ishlash loyihasi amalga oshirilmoqda.

Shartnoma shartlariga koʻra Italiyalik hamkorlar ekiladigan urugʻlik materialning dastlabki qismi, yaʼni 5 million dona zaʼfaron piyozboshisini belgilangan muddatda Oʻzbekistonga yetkazib keldi, uning umumiy hajmi 64,5 tonnani tashkil etdi.

Urugʻlik kelishi bilan tumanning Uzunbuloq qishlogʻida qoʻshma korxonaga ajratilgan yer maydonida ekish ishlariga kirishib ketildi. Shu munosabat bilan zaʼfaron ekish texnologiyasini oʻrgatishga bagʻishlangan koʻrgazmali seminar ham tashkil etildi. Yaqinda Italiyadan keyingi partiya 75 million zaʼfaron piyozboshi olib kelinishi kutilmoqda.

Mazkur loyihaning afzalligi shundaki, keyingi yildan zaʼfaron qayta ishlanib, qadoqlangan holda Italiyaning “GEOS GROUP” xolding tarkibidagi “GESFARM” kompaniyasiga yetkaziladi. Shu maqsadda mazkur kompaniya bilan 12 million yevro miqdorida oldindan shartnoma imzolangan.

Tolibjon ERGASHEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?