Italiya matbuoti: “Markaziy Osiyoda hech qachon bugungi kundagidek yaqin hamkorlik munosabatlari kuzatilmagan”

10:23 04 Dekabr 2018 Jamiyat
541 0

Rimdagi nufuzli “EastWest Magazine” axborot-tahliliy jurnalining navbatdagi sonida Oʻzbekistonda olib borilayotgan tashqi siyosat va buning natijasida Markaziy Osiyoga ijobiy taʼsir koʻrsatayotgan oʻzgarishlarga bagʻishlangan maqola chop etildi.

Dunyo nigohi

Materialda taʼkidlanishicha, yaqin-yaqingacha mintaqada “casus belli”, yaʼni mojarolarga sabab boʻlish ehtimoli bor muammolar nihoyatda koʻp edi. Suv, energetika va chegaralar bilan bogʻliq masalalar bunga misol sifatida keltirib oʻtiladi. Ammo rasmiy Toshkentning yangi tashqi siyosati tufayli muammolar hamkorlik uchun muhim elementga aylandi.

Markaziy Osiyoda suv-energetika masalalarining hal qilinishi, “EastWest Magazine” sharhlovchilarining fikricha, oʻzbek diplomatiyasi erishgan eng katta yutuqlardan biri va umuman, xalqaro diplomatiya tarixida oqilona murosaga erishishning yuqori darajasi sifatida qoladi.

“Soʻnggi yigirma yil mobaynida suv resurslari va Tojikistonda qurilayotgan gidroelektrostansiya tufayli mintaqada keskinlik izchil tarzda oʻsib bordi. Shavkat Mirziyoyevning hokimiyatga kelishi bilan rasmiy Toshkent va Dushanbe hamkorlik tomon muhim qadamlar tashladi... Ikki mamlakat aloqalari misli koʻrilmagan darajada yaxshilanib, oʻzbek kompaniyalari qoʻshni davlatda obyektlar qurilishida ishtirok etishi maʼlum boʻldi”.

Markaziy Osiyoda hech qachon bugungi kundagidek yaqin hamkorlik munosabatlari kuzatilmagan, deb yoziladi jurnalda. Ushbu muhitning shakllanishi Shavkat Mirziyoyevning saʼy-harakatlari natijasi boʻldi. Chegaralarning ochilishi, qoʻshni davlatlar bilan havo, avtomobil va temir yoʻl qatnovining yoʻlga qoʻyilishi, oʻzaro savdo-sotiqning ortishi — bularning barchasi Oʻzbekiston Prezidentining siyosiy irodasi va faol pozitsiyasi tufayli reallikka aylandi.

“Qatʼiy siyosiy iroda mavjud boʻlsa, hatto eng qaltis masalalarni ham oʻzaro manfaatli tarzda hal qilib, konstruktiv hamkorlikni yoʻlga qoʻyish mumkin. Oʻzbekiston buni isbotladi”.

Afgʻoniston yoʻnalishida ham katta burilish yuz berib, jiddiy yutuqlarga erishildi, deydi italiyalik jurnalistlar. Bu borada ikki tendensiya kuzatilayotir. Birinchidan, uzoq yillardan buyon urush va terrordan boshi chiqmay kelgan Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun real imkoniyat paydo boʻldi. Ikkinchidan, ushbu imkoniyat Oʻzbekiston amalga oshirayotgan diplomatik saʼy-harakatlar tufayli yuzaga keldi.

Joriy yilning mart oyida Toshkentda Afgʻoniston boʻyicha boʻlib oʻtgan yuqori darajadagi xalqaro konferensiya, maqola mualliflarining qayd etishicha, xalqaro hamjamiyatning ushbu mojaro yuzasidan yakdil pozitsiyasini ishlab chiqish hamda turli davlatlar va tashkilotlar tomonidan qabul qilinayotgan dasturlarni muvofiqlashtirish uchun sharoit yaratdi. “Toshkent konferensiyasi Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish jarayonida asosiy oʻrin tutayotganini yana bir bor koʻrsatdi”.

Anvar MIRZAYEV (“Xalq soʻzi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?