It dalada tiriklay koʻmib ketilgan chaqaloqni qutqarib qoldi

11:37 22 May 2019 Jamiyat
588 0

Illyustrativ foto

Bu voqea Tailandning shimolidagi qishloqlardan birida sodir boʻldi, deb xabar berdi Bi-bi-si.

Mahalliy matbuotning yozishicha, 15 yashar homilador boʻlib qolib, oʻgʻil koʻrgan qiz yuz bergan ishdan ota-onasining xabar topmasligi uchun bolasini dalaga tiriklay koʻmib kelgan.

Soʻng Ping Pong laqabli it bola koʻmilgan joyda tinmay aylanib, vovullay boshlagan hamda yerni kovlashga tushgan.

Itning egasi soʻzlariga koʻra, u hayvonning gʻalati qiliqlaridan hayron boʻlib, unga yaqinlashgan va toʻsatdan tuproq ostidan chiqib turgan chaqaloq oyogʻiga koʻzi tushgan.

Shunday keyin, mahalliy odamlar goʻdakni zudlik bilan shifoxonaga olib borganlar. Shifokorlar bolani yuvib-tarab, uning sogʻlom ekanini bildirganlar.

Ping Pongning egasi Usa Nisayha mashina urib ketganligi tufayli itning bir oyogʻi ishlamay qolgani, shunday boʻlsa ham, u bir oyogʻi bilan tuproqni kovlay olganini taʼkidlagan.

“Sodiq va gapga kirgani uchun undan voz kechmaganman. U chorvani dalaga olib chiqishda menga yordam beradi. Uni butun qishloq yaxshi koʻradi”, - deya soʻzlagan janob Nisayha mahalliy gazetaga.

Hozirda, chaqaloqning onasi bolasini tashlab ketish va qasddan qotillikka qoʻl urishga urinishda ayblanmoqda.

Politsiyaga koʻra, yosh ona qilgan ishidan qattiq afsusda ekanini bildirgan.

Qizning ota-onasi chaqaloqni asrab olishga qaror qilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?