Istiqlol qishloq xoʻjaligi sohasida tub islohotlarga yoʻl ochdi

12:04 25 Avgust 2020 Iqtisodiyot
210 0

Mustaqillik — oliy inoyat. Har harfida inson manfaatlari, erki, shaʼni, qadr-qimmati mujassam buyuk neʼmatdir bu. Davlat taraqqiyoti, mamlakat xavfsizligi, xalq farovonligi asosi tinchlikdir aslida...

Ozodlik nashidasi yerga boʻlgan munosabatni ijobiy tomonga oʻzgartirgani sir emas. Yerdan foydalanish, yer mulkiga egalik qilish huquqi yildan-yilga takomillashib borayotgani sohadagi islohotlar sabablidir. Buyuk mutafakkir shoirimiz Alisher Navoiy aytganlaridek, har erta bahorda yerga urugʻ qadab, rizq yoʻlini ochadigan, xonadonlarimizdagi toʻkinlik va fayzu baraka sababchisi boʻlgan dehqonu fermer, mirishkorlarga eʼtiborning ortgani istiqlol sharofatidir.

Ayni pandemiya sharoitida dunyo miqyosida oziq-ovqat xavfsizligi, ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarish dolzarb masala boʻlib borayotgani sir emas. Shuning uchun ham hozirda iqtisodiyotimizni, jumladan, qishloq xoʻjaligi sohasini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, oziq-ovqat ekinlari yetishtirishga alohida eʼtibor berilmoqda. Bu bilan, avvalo, yetakchi soha boʻlgan agrar soha imkoniyatlaridan yana-da toʻliqroq foydalanish, fuqarolarimizning tomorqachilik koʻnikmalarini shakllantirish, kaftdek yerdan daromad topish imkoniyatlarini ommalashtirish va bu bilan xalqning toʻkis hayotini taʼminlash, pandemiyadan ortiqcha talafotlarsiz chiqishga erishishga eʼtibor qaratilmoqda.

Raqamlarga nazar tashlasak. Keyingi toʻrt yilda hosildorligi past boʻlgan 300 ming gektar paxta va gʻalla maydonlari oʻrniga meva-sabzavot va ozuqa ekinlarini yetishtirish yoʻlga qoʻyilib, jumladan, 32 ming gektar yerda intensiv bogʻlar, 15 ming gektarda tokzorlar, 2 ming gektarda zamonaviy issiqxonalar barpo etilgani, 114 ming gektarda sabzavot va kartoshka, 72 ming gektarda dukkakli va moyli ekinlar, 52 ming gektarda ozuqa ekinlari yetishtirilayotganini taʼkidlash lozim.

Soʻnggi uch yilda esa yer-suv resurslaridan oqilona foydalanish, qishloq xoʻjaligi subyektlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarda bozor tamoyillarini, fan va texnikaning ilgʻor yutuqlarini jadal joriy etish, ekologik toza va eksportbop mahsulotlar yetishtirish orqali dehqonlar daromadini koʻpaytirish borasida eʼtiborli ishlar amalga oshirildi. Natijada oʻtgan 2019-yilda qishloq xoʻjaligi mahsulotlaridan jami 217 trillion 700 milliard soʻm yoki 2018-yilga nisbatan 12 foiz koʻp foyda olingan.

Yerni haqiqiy egasiga berish, ayniqsa, mahsulot yetishtirishdan tortib, uni sotishgacha boʻlgan agrobiznesning yaxlit zanjirini oʻz ichiga qamrab olgan klaster modelini va kooperatsiya tizimini toʻliq yaratishga jiddiy ahamiyat qaratilmoqda. Ilgari daladagi yuzlab insonlar qilgan ogʻir mehnatni bugun bitta yoki ikkita texnikaning bajarayotgani ham istiqlol bergan neʼmatlar namunasidir.

Istiqlolning yana bir muhim sharti xususida aytmasak boʻlmas. Soʻnggi uch yilda paxta va gʻalla yetishtirishda davlat buyurtmasi bekor qilinishi boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Agrar sohaning barcha yoʻnalishlarida arzon kreditlar berilishi yoʻlga qoʻyilmoqda. Joriy yilda 2 milliard AQSH dollariga teng, kelgusi 5-7 yilda esa bundan 3-4 baravar koʻp meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish rejalashtirilgan. Toʻgʻri, pandemiya sababli joriy yildagi mazkur reja bajarilishida bir qadar oʻzgarishlar boʻlgani ehtimoli ham yoʻq emas.

Soʻnggi uch yilda fermerlik harakatini rivojlantirish natijasida mamlakatimizda koʻp ming sonli fermer xoʻjaliklari shakllanib, ular bugun 10 dan ortiq yoʻnalishlarda samarali faoliyat yuritmoqda. Eng quvonarlisi, 12 mingdan ziyod fermer xoʻjaligi rahbarlarini 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tashkil etsa, 6 mingdan ortiq fermer xoʻjaliklarimizga xotin-qizlar rahbarlik qilmoqda. Shu bilan bir qatorda respublikamizning barcha hududlarida “Tomorqa xizmat”lari tashkil qilindi.

Qonunchilikda ham agrar sohaga alohida eʼtibor qaratilganini qayd etish joiz. 2017-yilning oʻzida qishloq xoʻjaligi sohasiga oid 5 ta qonun, 20 dan ortiq farmon va qaror qabul qilindi, 2 ta yangi qoʻmita va 3 ta uyushma tuzildi. Mazkur koʻrsatkichlar joriy yilga qadar bir qadar oʻsdi. Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi faoliyati tubdan takomillashtirildi.

Qarang, qancha mustaqillik bergan imkoniyatlar koʻz oldimizda yuz ochmoqda. Aslida aytganlarimiz mustaqillik inoyatlarining barchasi emas. Bu mavzuda faxrga toʻlib soatlab gapirish mumkin. Istiqlol oʻzbek zaminiga, oʻzbek dehqoniga cheksiz imkoniyatlarni bergani barobarida oldiga yerdan yana-da unumli foydalanish, hosildor, daromadbop ekin mahsulotlari yetishtirish, shu orqali iqtisodiyot barqarorligiga hissa qoʻshish kabi dolzarb vazifalarni qoʻydi. Masʼuliyatimiz: ana shu tinchlikning qadriga yetish, istiqlolni asrash, ona-Vatanga munosib boʻlish!

Barno MIRZAMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?