“Istiqbol zamon bolalari“ maktabi yangi binoda. U yerda 5 ta xorij tili mukammal oʻrgatiladi

16:35 23 Sentyabr 2019 Jamiyat
417 0

Namangan shahridagi “Istiqbol zamon bolalari“ nodavlat taʼlim muassasasining faoliyat boshlaganiga uncha koʻp vaqt boʻlgani yoʻq. Shunga qaramayuning nufuzi ortib borayotir. Oʻquvchilar orasida nafaqat mamlakatimiz,balki xalqaro miqyosdagi fan olimpiadalari, sport, sanʼat, musiqa va boshqa yoʻnalishlarda muvaffaqiyat qozonayotgan isteʼdodlarning bisyorligi buning isboti.

Taʼlim sohasida qariyb 40 yillik tajribaga ega boʻlgan, jahonning koʻplab ilgʻor davlatlarida boʻlib, ulardagi taʼlim-tarbiya jarayonlarini mukammal oʻrgangan Matluba Madaminova rahbarlik qilayotgan oʻquv muassasasi jamoasi yaqinlashib kelayotgan 1-oktyabr - Oʻqituvchi va murabbiylar kunini munosib tarzda kutib olmoqda. Tabarruk soha egalarining kasb bayrami arafasida “Istiqbol zamon bolalari“ oʻzining boshlangʻich sinf oʻquvchilariga moʻljallangan yangi binosini ishga tushirdi.

1 - 4-sinf oʻquvchilari tahsil oladigan mazkur binoning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ham ishtirok etdi. U Prezidentimiz tomonidan taʼlim sohasiga, oʻqituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani, bugungi yangilanishlar davrida nodavlat taʼlim muassasalarining oʻrni haqida gapirdi.

Zamonaviy binokorlik talablari darajasida barpo etilgan ikki qavatli maʼrifat maskanida barcha sharoitlar yaratilgan. 420 oʻringa moʻljallangan bino qurilishiga qariyb 2 mlrd. 750 mln. soʻm mablagʻ sarflangan boʻlib,ayni paytda maktabda 252 nafar oʻquvchiga 38 nafar pedagog saboq bermoqda.

Ilm dargohida koreys, yapon, arab, rus hamda ingliz tillari ham mukammal oʻrgatiladi. 4500 dan ortiq badiiy hamda ilmiy adabiyotlar bilan boyitilgan kutubxona, sport zali, shaxmat xonasi, zamonaviyaxborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan sinf xonalari oʻgʻil-qizlarni kamolot sari yetaklaydi. Eʼtiborli jihati, taʼlim dargohi Janubiy Koreya elchixonasi qoshidagi til markazi bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Muassasaga chet ellik oʻqituvchilarning jalb etilishi taʼlim sifatini yuqori darajaga olib chiqishga xizmat qilmoqda.

Bu yerda yaponiyalik Emino Sugiyama oʻquvchilarga saboq beradi.

“Istiqbol zamon bolalari“ nodavlat taʼlim muassasasi oʻziga hos faoliyatining bunday koʻrinishlari uning kelajagi yorqinligidan dalolatdir.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?