Isteʼmolchining mablagʻi sud orqali undirib berildi

19:06 19 Fevral 2019 Jamiyat
202 0

Illyustrativ foto

Termiz shahrining Alpomish mahallasida yashovchi fuqaro B. Hayitmurodova 2018-yilning 14-noyabr kuni Termiz shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat etdi.

Murojaatda keltirilishicha fuqaro B. Hayitmurodova yakka tartibdagi tadbirkor Gʻ. Xudaynazarovning Termiz shahri, Mehrobod mahallasi, T. Mirzayev koʻchasida joylashgan “Temir-tunuka ishlab chiqarish” sexiga oʻzi istiqomat qilayotgan uyga 2 dona temir eshik yasatish uchun 2 million 150 ming soʻm pul toʻlagan. Sex rahbari Gʻ. Xudaynazarov ushbu eshiklarni fuqaro B. Hayitmurodova xonadoniga yasab olib kelgan, biroq fuqaro ularning sifatsizligidan norozi boʻlib, eshiklarni qaytarib olib ketishini va qaytadan sifatli qilib yasab berishini yoki eshiklar uchun toʻlangan pulini qaytarib berishini soʻragan.

Oradan bir necha kun oʻtsa-da “Temir-tunuka ishlab chiqarish” sexi rahbari Gʻ. Xudaynazarov na sifatli eshiklarni va na eshik uchun toʻlangan pulni qaytarib bergan.

Mazkur murojaat Termiz shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassis xodimlari tomonidan oʻrganilganda, keltirilgan vajlar oʻz isbotini topdi. Sex rahbari Gʻ. Xudaynazarov uch kun ichida fuqaro B. Hayitmurodovaning temir eshiklar uchun toʻlagan 2 million 150 ming soʻm pulini qaytarib berishiga kelishildi.

Ammo oradan yana bir necha kun oʻtib ketgan boʻlsa-da, tadbirkor fuqaroga pullarni qaytarib bermaganligi uchun Termiz shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan Fuqarolik ishlari boʻyicha Termiz tumanlararo sudiga javobgar Gʻ. Xudaynazarovdan fuqaro B. Hayitmurodovaning manfaatiga nisbatan yetkazilgan zararni undirish haqida daʼvo arizasini kiritdi. Natijada 2019-yil 24-yanvar kuni fuqaro B. Hayitmurodovaning 2 million 150 ming soʻm puli sud qaroriga koʻra Gʻ. Xudaynazarovdan undirib berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?