“Isteʼmolchi-burchagi” undan kim koʻproq manfaatdor?

14:34 29 Avgust 2019 Jamiyat
381 0

Mamlakatimizda 1996-yil 26-apreldan amalda boʻlgan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun isteʼmolchi va sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solib kelmoqda. Qonunning 9-moddasida oldi-sotdi shartnomalarining ayrim turlari toʻgʻrisidagi qoidalar, shuningdek, ayrim turdagi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tasdiqlanadi, deb belgilab qoʻyilgan boʻlib, shunga asosan Hukumatimizning bir qator qarorlari ham qabul qilingan. Shulardan biri Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekis­ton Respublikasida chakana savdo qoidalari” va “Oʻzbe­kis­ton Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarini) ishlab chiqarish va sotish qoidalari”dir.

“Oʻzbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari”ning 12-bandida “mazkur qoidalardan tegishli koʻchirmalar sotuvchi tomonidan koʻrgazmali va qulay shaklda xaridorlar eʼtiboriga yetkaziladi”, deb belgilab qoʻyilgan. Shuningdek, qoidalarda xaridorlar eʼtiboriga yetkazilishi lozim boʻlgan bir qator zaruriy maʼlumot (hujjat)lar ham keltirib oʻtilganki, ularni qayerga va qanday joylashtirilsa maqsadga muvofiq boʻladi, degan savol tugʻilishi tabiiy. Bu yerda bizga “Isteʼmolchi burchagi” sifatida koʻpchiligimizga tanish boʻlgan maʼlumotlar oynasi yordamga keladi.

Albatta, qonun hujjatlari bilan “Isteʼmolchi burchagi” qanday shaklda boʻlishi kerak, unda nimalar oʻz aksini topishi lozim va boshqa shu kabi aniq-tiniq koʻrsatmalar berilmagan boʻlsa-da, qonunlar va qonunosti hujjatlari talablari, bu borada toʻplangan tajribadan kelib chiqib, “Isteʼmolchi burchagi” qanday boʻlishi kerak, degan savolga javob berishga harakat qilib koʻramiz.

Shuningdek, maqsadimiz masalaning bundan kim koʻproq manfaatdorligini, isteʼmolchimi yoki mulkdormi, degan tomonlarini ham ochib berishga intilishdan iborat.

Shu oʻrinda, maqola matnining ayrim joylarida shaxsiy mulohazalarga asoslanuvchi, bahsli fikrlar ham keltirilayotganini inkor etmaymiz. Shu bilan birga, bugun biz ushbu maqola bilan isteʼmolchiga emas, koʻproq sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi)ga murojaat qilishni niyat qildik. Zero, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) siymosidagi mulkdorning faoliyatini emin-erkin, qonun-qoidalar talablari asosida olib borishidan barchamiz birdek manfaatdormiz.

Avvalambor, “Isteʼmolchi burchagi” isteʼmolchilar tanishishi uchun qulay joyga oʻrnatilgan boʻlishi kerak. Savdo doʻkonida oʻrnatilgan ushbu maʼlumot oynasi savdo rastasining ortida, xaridor yetib bora olmaydigan joyga oʻrnatilgan boʻlsa, ayting-chi, bundan nima mantiq va nima maʼno? Shuningdek, maʼlumotlar oynasiga oʻta mayda, oddiy koʻz bilan oʻqib boʻlmaydigan yozuvlar qoʻyilgan boʻlsa, bundan kimga nima naf? Demak, uning oʻrnatilgan joyiga har bir isteʼmolchi (xaridor, mijoz) erkin oʻtib bora olishi va bemalol tanisha olishi kerak. 

“Isteʼmolchi burchagi”da nimalar joylashtirilishi maqsadga muvofiq?

Avvalambor, oʻzingizni tanishtirishdan boshlashni unutmang. Agar faoliyatingiz litsenziyalanishi shart boʻlgan faoliyat turiga kiritilgan boʻlsa, litsenziyangiz nusxasini qoʻying. “Taklif va shikoyatlar daftari”, yongʻin vaqtida evakuatsiya rejasi va xavfsizlik qoidalari, xizmatlar preyskuranti, isteʼmolchilar lozim boʻlgan hollarda qaysi idoralarga shikoyatlar bilan murojaat qilishlari mumkinligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (tegishli idoralarning telefonlari), agar mazkur korxona xizmatlaridan foydalanishda kimlardir imtiyozga ega boʻlsa, bu haqdagi maʼlumotlar, qoʻying-ki, isteʼmolchi burchagiga shularni ixcham, sodda va qulay tarzda joylashtirish maqsadga muvofiq. Shuningdek, maʼlumotlar oynasida qonun hujjatlaridan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonuni (quyida ayrim oʻrinlarda “qonun” deb yuritiladi), Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari” (quyida ayrim oʻrinlarda “qoidalar” deb yuritiladi) ham boʻlishi hamma uchun manfaatli.

Albatta, xizmat koʻrsatish turli xilda boʻlgani sababli, isteʼmolchi burchagini maʼlumotlar bilan toʻldirish ham bir-biridan farq qilishi tabiiy. Aytaylik, savdo doʻkoni va sartaroshxona oʻzlarining “Isteʼmolchi burchagi”ga bir-biridan farq qiladigan maʼlumotlarni joylashtiradilar.

Oʻzingizga qarashli korxona, tashkilotda “Isteʼmolchi burchagi”ning boʻlishi Sizning mijozlarga yaxshi munosabatingizni, eʼtiborli ekaningizni, xaridor (mijoz)ni qadrlashingizni, shuningdek, Sizning shaffof ishlashingizni, mijozlardan yashiradigan narsangiz yoʻqligini ham bildiradi. Mijoz (xaridor)lar esa buni, albatta, ilgʻab oladilar.

Shuningdek, burchakdagi maʼlumotlarni yangilab turishni ham unutmaslik kerak. Sababi, hozirgi keng qamrovli islohotlar davrida qonunlar va qonunosti hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar, hattoki ayrim qonunlarimizning toʻliq yangi tahrirda qabul qilinayotganini ham nazardan qochirmang. Balki kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar Sizga yanayam koʻproq erkinlik bergan boʻlishi yoki aksincha, qoʻshimcha majburiyatlar yuklab, masʼuliyatingizni oshirgan boʻlishi mumkin. Bundan esa, oʻz-oʻzidan, birinchi navbatda, Siz manfaatdorsiz.

Shu yerda bitta misol keltirib oʻtaylik. Siz mebel mahsulotlari bilan savdo qiluvchi doʻkondorsiz. Qonunning 18-moddasiga koʻra, isteʼmolchi maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan eʼtiboran oʻn kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga, bunday tovar sotuvda boʻlmasa, pulini qaytarib olishga haqli. Almashtirib olish tartibi va almashtirib berilmaydigan tovarlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tasdiqlaydigan qoidalar bilan belgilanadi, deb koʻrsatib oʻtilgan. Demak, xaridor nooziq-ovqat tovar unga berilgan paytdan boshlab 10 kun mobaynida, agar bundan uzoqroq muddat sotuvchi tomonidan eʼlon qilinmagan boʻlsa, sotib olingan tovarni aynan shunday oʻlcham, shakl, gabarit, fason, rangdagi yoki komplektatsiyadagi boshqa tovarga xarid qilingan joyda va sotuvchi tomonidan eʼlon qilingan boshqa joylarda narxida tafovut boʻlgan taqdirda sotuvchi bilan zarur hisob-kitob qilgan holda almashtirishga haqlidir (qoidalarning 27-bandi). Aytaylik, men tufli sotib oldim. Uyga kelgach, menga tuflining qaysidir isteʼmol xossasi (misol uchun, rangi) yoqmay qoldi. Garchi tufli barcha talablarga javob bersa-da, yaʼni menga loyiq, sifatli boʻlgani holda, men uni 10 kun ichida almashtirib olish huquqiga egaman. Biroq isteʼmolchining bu huquqini barcha tovarlar uchun ham tatbiq qilib boʻlmaydi. Bu yerda Siz — mebel sotuvchi uchun muhim boʻlgan narsa qonunning ikkinchi qismidagi almashtirib olish tartibi va almashtirib berilmaydigan tovarlar roʻyxati degan tushunchalardir. Sababi “Oʻzbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari”ning 1-ilovasiga koʻra, mebel mahsulotlari “Zarur sifatdagi, qaytarib olinmaydigan yoki shunga oʻxshash tovarga almashtirilmaydigan nooziq-ovqat tovarlari roʻyxati”ga kiritilgan. Bundan kelib chiqadiki, xaridor zarur sifatdagi mebel mahsulotini, qaysidir isteʼmol xossalari yoqmagani boisidan (aytaylik, mebelning rangi quda tomonga maʼqul kelmagani sababidan) unga berilgan paytdan boshlab 10 kun mobaynida tovarni aynan shunday oʻlcham, shakl, gabarit, fason, rangdagi yoki komplektatsiyadagi shunday tovarga yoki bosh­qa tovarga almashtirib ololmaydi. Albatta, agar Siz shartnoma tuzish paytida shunday holatlarda ham almashtirib berishni vaʼda qilgan boʻlsangiz, bu istisno sifatida qaraladi va Siz almashtirib berishingizga toʻgʻri keladi yoki mebelda nuqsonlar boʻlsa, bu yerda isteʼmolchining nuqsonli tovarni almashtirib olish boʻyicha qonuniy huquqi vujudga keladi.

Yana bir holat: qonunning 15-moddasida keltirib oʻtilganidek, uzoq muddat davomida foydalaniladigan tovarni taʼmirlashga ketadigan vaqtda foydalanib turish uchun isteʼmolchining talabiga binoan nuqsonli tovar qaytarib berilganidan keyin uch kun ichida unga ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovar berib turiladi (sotuvchining hisobidan uning oʻzi yoki vakili eltib beradi). Qonun talabidan kelib chiqilsa, Siz tomoningizdan isteʼmolchiga sotilgan divanda nuqsonlar aniqlanib, uni taʼmirlatib berish uchun 5 kun vaqtingiz ketsa, isteʼmolchiga uyda foydalanib turishi uchun xuddi shunday divan berib turishingiz, uni oʻzingiz eltib ham berishingiz kerak edi. Lekin qoidalarning 2-ilovasida “Xaridorning taʼmirlash davrida unga tekin berib turish yoki xuddi shunday marka (model, artikul)dagi tovarni almashtirish toʻgʻrisidagi talabi tatbiq etilmaydigan uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar roʻyxati” tasdiqlangan boʻlib, mebel mahsulotlari mazkur roʻyxatga kiritilgandir.

Yuqoridagilardan kelib chiqilsa, doʻkoningizda eʼtibor bilan tashkillangan “Isteʼmolchi burchagi” boʻlishidan va unda qoidalarning 1- va 2-ilovalarini aniq-tiniq qilib joylashtirilishidan, birinchi navbatda, Siz manfaatdorsiz.

“Isteʼmolchi burchagi” — muammoli holatlarda Sizga yordamchi.

Aytaylik, isteʼmolchi “qonunning mana shu moddasida bunday deyilgan, bu yerda men haqman, siz esa nohaqsiz”, deb turib oldi. Shunda maʼlumotlar oynasiga joylashtirilgan qonun Sizga yordamga keladi. Qonun kitobini qoʻlga olib, oʻsha moddani isteʼmolchi bilan birgalikda koʻzdan kechirdingiz, qarangki, ushbu holatda Siz haq ekansiz. Isteʼmolchi ham qonun boʻyicha ushbu holatda nohaqligini koʻrgach, biroz hovuridan tushar, men qonundan ham ustunman, deb turib olmas, axir.

Mazkur burchakka joylashtirilgan “Taklif va shikoyatlar daftari” mulkdor mulkining himoyachisi. Nega dersiz? Qanchalik urinmang, qoʻl ostingizda ishlovchi barcha xodimlarni toʻliq nazorat qila olmaysiz. Shundoq ham Sizning bundan tashqari qiladigan ishlaringiz koʻp. Lekin sotuvchilar xaridorlarga qoʻpol munosabatda boʻlishi, ularni aldashi, oxir-oqibat bilib-bilmagan holda xaridorlarni Sizning doʻkoningizdan bezdirishi ham mumkin. Lekin “Taklif va shikoyatlar daftari”ni yuritishga eʼtibor qaratsangiz, unga isteʼmolchilar tomonidan yozilgan tanbehlardan toʻgʻri xulosa chiqarib borsangiz, aybdorlarga choralar koʻrib borsangiz-chi? Bu bilan bir qancha koʻngilsizliklarning oldi olinadi, toʻgʻrimi?

Yana bir gap. Isteʼmolchi (xaridor, mijoz) qaysidir idoralarga murojaat qilib, Sizga ortiqcha boshogʻriq keltirganidan koʻra, shu joyning mulkdori, xoʻjayini — Sizga murojaat qilgani, muammoni oʻzingiz hal qilganingiz yaxshi emasmi?

Bu Sizning imijingizni yanada oshirib, xaridorlarning Sizga nisbatan yanada ishonchi ortishiga va ularni koʻpaytirishga ham hissa qoʻshadi. Bir mijoz oʻnlab yangi mijozlarni yetaklab kelishidan umidvormisiz? Unda shu bir mijoz yuzlab mijozlaringizni olib ketib qolishi mumkinligini ham unutmang.

Isteʼmolchi arzimagan bitta tovarni almashtirib berilmayotganidan shikoyat qilib, yuqori idoralarga murojaat qilsa, qaysidir bir nazorat qiluvchi idorada esa Sizni yoqtirmaydigan, tirnoq ostidan kir qidirib yurgan odam oʻtirgan boʻlsa-chi? Undan koʻra, isteʼmolchi tarafida turing, vaziyatni oʻz qoʻlingizga olib, nazoratingiz ostida ushlang. Siz hal qiling!

Hurmatli mulkdor, korxonangizga kelib, biror holat yuzasidan shikoyatini bildirgan va oxir-oqibat oʻzining haqligini isbotlay olmay (mayli, oʻsha holatda u nohaq boʻlgan boʻlsayam), yutqazgan mijoz (xaridor) ustidan ustun kelganingizni gʻalaba sifatida nishonladingizmi? Demak, siz bankrotlik tomon dadil qadamlar bilan bormoqdasiz. Mijoz (xaridor) sizning korxonangizni yomon taassurotlar bilan tark etgach, ertaga eshigingizdan yana kulib kirib kelmasligi aniq. Chunki atrofda Sizning doʻkoningiz kabi, balki undan afzalroq boʻlgan doʻkonlar yuzlab topiladi. Buni raqobat deb qoʻyibdi.

Bugun davlat va Hukumat Sizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgani, faoliyatingizni rivojlantirishingiz uchun sharoit yaratib berishga intilayotgani sir emas. Chunki Siz qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratib, odamlarni ish bilan taʼminlayapsiz, qoʻlingizda ishlovchi odamlarning uylaridagi qora qozoni qaynab turibdi, soliqlar toʻlab, davlatimiz byudjetining daromad qismini toʻldiryapsiz. Biroq, Sizga jaraq-jaraq pullar qayerdan kelyapti, daromadingiz manbai kim? Albatta, isteʼmolchilar. Dunyoda, birinchi navbatda, rivojlangan mamlakatlarda “Isteʼmolchi (mijoz) hamisha haq” degan sermaʼno tamoyil bejiz amaliyotga kiritilmagan.

Gʻayrat MAMATQULOV,

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Fargʻona viloyati hududiy birlashmasi raisi oʻrinbosari


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?