Isteʼdodli sportchilarning imkoniyatini yuzaga chiqarish uchun zamonaviy sharoit bilan birga tajribali murabbiylar zarur

16:10 06 Sentyabr 2019 Jamiyat
199 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 4-sentyabr kuni jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida koʻtarilgan masalalar, berilgan topshiriqlar bizga muhim dastur boʻldi.

Bu borada erishgan natijalarimizdan quvonamiz, albatta. Lekin davlatimiz rahbari taʼkidlagan baʼzi masalalarga jiddiy eʼtibor qaratsak, ularni oʻz vaqtida hal qilsak, yutuqlarimiz yanada zalvorli boʻladi.

Darhaqiqat, 2019-2023-yillarda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasi hamda aholining jismoniy tayyorgarligini belgilovchi bir qator loyihalarni oʻtkazish tizimi joriy etilgani Sirdaryo viloyatida sportning yanada ommalashishida muhim ahamiyat kasb etayotir.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus hamda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida viloyatimizda joriy yilning oʻtgan davrida 4 sport obyekti foydalanishga topshirildi.

Ayni paytda viloyatning 13 isteʼdodli sportchisi 2020-yilda Yaponiyaning Tokio shahrida boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI paralimpiya oʻyinlariga yoʻllanmani qoʻlga kiritish uchun xalqaro musobaqalarga qizgʻin tayyorgarlik koʻrmoqda. Jumladan, akademik eshkak eshish sport turidan 8 nafar – Alisher Yarov, Anatoliy Krasnov, Shahboz Abdujabborov, Luiza Islomova, Shahzod Abdurahmonov, Luiza Gafurbayeva, Mehroj Mamatqulov, Abduaziz Rahimjonovlar murabbiy Sergey Tyan qoʻl ostida tayyorgarlik koʻrmoqda. 2 nafar erkin kurashchi – Maxsud Veysalov hamda Nigora Bakirova, 1 nafar yengil atletikachimiz – Safina Saʼdullayeva yozgi Olimpiya oʻyinlariga, yengil atletikachi Natalya Semyonova XVI Paralimpiya oʻyinlariga beriladigan yoʻllanma uchun astoydil tayyorgarlik koʻrmoqda.

Server Ibragimov toʻpponchadan oʻq otish boʻyicha respublikada birinchilar qatorida yoʻllanmaga ega boʻlib, kelgusi yil Yaponiyada oʻtadigan XVI Paralimpiya oʻyinlarida mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.

Nafaqat yoʻllanmani qoʻlga kiritgan yoki litsenziya uchun kurash olib borayotgan, balki xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etgan sportchilar oilasidan muntazam xabar olib turilibdi. Muammolari oʻrganilib, “Yoʻl xaritasi”ga asosan zarur choralar koʻrilmoqda. Bu sportchilarimizning ustozlari nazoratida alohida shugʻullanishi uchun sport zallari, maydonlari ajratilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qoʻmitasi tomonidan sportchilarning oʻquv-yigʻin mashgʻulotlari va musobaqalarda ishtirok etishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda.

Oʻtgan yilgi Osiyo oʻyinlari va Paraosiyo oʻyinlarida viloyatdan 4 nafar sportchi ishtirok etib, 1 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi. Umuman, 2018-yilda sirdaryolik sportchilar turli xalqaro va mamlakat musobaqalarida jami 944 ta medalga sazovor boʻldi. Shundan 228 tasi oltin, 283 tasi kumush va 433 tasi bronza medallaridir. Joriy yilning oʻtgan davrida esa Jahon, Osiyo va mamlakat miqyosdagi turli musobaqalarda 428, jumladan, 84 oltin, 118 kumush va 226 bronza medali qoʻlga kiritildi.

Bu sportchilarimiz bilan shaxsan uchrashib, alohida suhbatlashdim. Ularning orzu-oʻylari bilan qiziqdim, dardu tashvishlarini tingladim va koʻzlaridagi olovni, qalblaridagi gʻalabaga boʻlgan shijoatni koʻrib, oʻzim ham ruhlandim.

Sportchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishgan 3 nafar sportchiga Guliston shahridan uy-joy va 10 nafariga viloyat hokimligining qimmatbaho sovgʻalari berildi. Yaxshi natijalarni qoʻlga kiritgan boshqa sportchilar ham munosib taqdirlandi.

Beshta muhim tashabbusining ikkinchi yoʻnalishi – yoshlarni jismoniy chiniqtirish va sport sohasida oʻz qobiliyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoit yaratib berish yuzasidan viloyatda tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 7 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan 295 ming 5 nafar yoshlarning 30 foizi sport seksiyalariga jalb etilgan.

Viloyatda aholini ommaviy sportga koʻproq jalb qilish maqsadida turli tadbir va targʻibot-tashviqot ishlari olib borilayotir. Jumladan, “Yoshlar haftaligi” doirasida oʻtkazilgan 34 sport tadbirida jami 3 ming 740 sportsevar yigit-qiz ishtirok etdi. “Xotin-qizlar haftaligi” doirasida oʻtkazilgan 28 tadbirda esa 1 ming 680 xotin-qiz qatnashdi. Shuningdek, “Mahalla haftaligi” va “Nuroniylar haftaligi” doirasida oʻtkazilgan 32 tadbirda 2 ming 368 havaskor sportchi qatnashdi. “Taʼlim haftaligi” doirasidagi sport musobaqalarida esa yoshlar faol ishtirok etdi.

Viloyatimizdagi 4 ixtisoslashgan bolalar va oʻsmirlar sport maktabi oʻz sport zallariga ega. 16 bolalar va oʻsmirlar sport maktabi 1,5 milliard soʻmlikdan ziyod sport jihozlari bilan taʼminlandi.

Davlatimiz rahbari raisligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishidan soʻng oʻz imkoniyat va sharoitlarimizni yana bir bor atroflicha oʻrganib, chamalab chiqdik. Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasiga, barcha federatsiyalarga saralab olingan sportchilarni yaqin fursatlarda Olimpiadaga yoʻllanma oʻynaladigan musobaqalarga munosib tayyorlash va Olimpiadaga litsenziyani qoʻlga kiritishi uchun yanada keng sharoit yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdik.

Sirdaryoda yuksak isteʼdodli sportchilar yetarli. Lekin ularning isteʼdodini roʻyobga chiqarish uchun yuqori darajadagi murabbiylar zarur. Ayni paytda Olimpiada litsenziyasini qoʻlga kiritishga akademik eshkak eshish, erkin kurash, boks, yengil atletika va oʻq otish sport turlari boʻyicha sportchilarimizni tayyorlash uchun bizda jahon, Osiyo va turli xalqaro musobaqalarga munosib tayyorlay oladigan murabbiylar yetishmaydi. Buni tan olmay ilojimiz yoʻq.

Yuqorida taʼkidlangan sport turlari boʻyicha Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan vaqtincha boʻlsa-da, yuqori malakali sport murabbiylari ajratilsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi.

Gʻofurjon MIRZAYEV,

Sirdaryo viloyati hokimi.

OʻzA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?