Iste’dodli shoir va chin inson edi

14:30 27 Aprel 2018 Madaniyat
908 0

Andijonda O’zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf xotirasi va adabiy merosiga bag’ishlangan tadbirlar o’tkazildi.

Tadbirlar erta tongdan Marhamat tumanidagi shoir tug’ilib o’sgan Qovunchi qishlog’idan boshlandi. Shoir qabri ziyorat etilib, Qur’on tilovat qilindi, milliy udumga ko’ra, osh tortildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Andijon shahrida tashkil etilgan Muhammad Yusuf xiyobonida shoir byusti poyiga gulchambarlar qo’yildi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, shoir-yozuvchilar, she’riyat ixlosmandlari, shuningdek, poytaxtimiz Toshkent shahridan, Farg’ona, Namangan, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlari hamda qo’shni Qirg’iziston Respublikasining O’sh shahridan tashrif buyurgan mehmonlar, adabiyot muxlislari qatnashdi.

Anjumanda shoirning hayoti, faoliyati va ijodi haqida xotiralar esga olindi, samimiy dil izhori yanglig’ yangrovchi she’rlari o’qildi.

— Muhammadjon bilan birga o’sganmiz, — deydi shoirning sinfdoshi Yo’ldoshali Daminov. — U iste’dodli shoir bo’lish bilan birga, avvalo, chin inson edi. Do’stlarimizdan kimningdir boshiga musibat tushganini eshitsa, albatta, holidan xabar olardi. Qo’lidan kelgan yordamni ayamasdi. Biz, bolalikdagi do’stlari uni cheksiz hurmat qilardik.

Muhammad Yusuf hayoti hamda ijodiga bag’ishlangan tadbirlar shoir tug’ilib o’sgan xonadonda, tahsil olgan 25-umumta’lim maktabida, tuman markazidagi “Turon” o’quv markazida ham o’tkazildi.

Saminjon HUSANOV,
«Xalq so’zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?