Istanbuldan Buxoro va Samarqand shaharlariga charter reyslar yoʻlga qoʻyiladi

12:03 29 Oktyabr 2019 Jamiyat
160 0

Oʻzbekiston Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi turizm sohasini jadal rivojlantirish toʻgʻrisidagi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda “Uzbekistan Airports” AJ tomonidan xorijiy aviakompaniyalarni jalb qilishga doir faol ish olib borilmoqda.

Taʼkidlash joizki, Turkiya aviatashuvchisi vakillarining 8 oy davomida oʻz yechimini kutayotgan masalasi Oʻzbekiston va xorij davlatlari shaharlari oʻrtasidagi aviatashuvlarni oshirish yoʻlida koʻrilgan choralar hamda “Uzbekistan Airports” AJ saʼy-harakatlari bilan hal boʻldi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida masala ijobiy hal boʻldi hamda Turkiyaning “Atlasglobal Airlines” aviakompaniyasiga parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsat berildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xabar berdi.

Maʼlumot uchun: “Atlasglobal” (2015-yilgacha “Atlasjet Havacılık A.Ş” deya yuritilgan) — Turkiyaning Yevropa va Osiyo, shuningdek mamlakat ichida muntazam va charter yoʻlovchi aviatashuvlarini amalga oshiruvchi aviakompaniyasi. “ETS Group”ga tegishli ushbu aviakompaniya Istanbuldagi yangi aeroportda joylashgan boʻlib, Dalamanda qoʻshimcha xabga ega. Mavjud maʼlumotlarga koʻra, Turkiya aviakompaniyasi jurnalist, bloger, turistik firmalar rahbarlari va xodimlari, shuningdek din arboblari va olimlarni jalb qilgan holda ikki charter reysni amalga oshirish rejalashtirilgan.

“Atlasglobal” Oʻzbekistonning “Grand Atlas Discovery” kompaniyasi koʻmagida 31-oktyabr – 4-noyabrda Istanbul-Buxoro va Samarqand-Istanbul yoʻnalishidagi birinchi charter reysini amalga oshiradi. “IATA summer 2020” yoz mavsumidan boshlab esa “Atlasglobal Airlines” aviakompaniyasi tomonidan ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida 50 aviareysni amalga oshirish rejalashtirilgan, buning natijasida esa Oʻzbekistonga 10 mingdan ziyod sayyohning tashrifi kutilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?