Issiqkoʻl forumi: Dunyoni maʼnaviy birlik qutqaradi

16:54 10 Oktyabr 2018 Madaniyat
520 0

Ijodkorning umri uning bu dunyoda yashagan yillari bilan oʻlchanmaydi. Bu xulosa boshqa kasb egalariga ham tegishli, ammo qalam ahliga koʻproq daxldor. Chunki yozuvchining mahorat bilan bitilgan asarlari mustahkam qasrlar, mahobatli imoratlardan koʻra koʻproq yashaydi, asrdan asrga, davrdan davrga oʻtganida maʼno-mohiyatini yoʻqotmaydi.

XX asr badiiy adabiyoti va tafakkurining yorqin siymolaridan biri Chingiz Aytmatovning mualliflik umri, boshqa ijodkor tengdoshlari qatori, sobiq tuzum tamoyillari barcha-barchaning qon-qoniga, oʻy-fikriga singib ketgan yillarga toʻgʻri keldi. U adabiyotga hukmron firqa mafkurasi tamoyillari “yagona oliy qadriyat, toʻgʻri va adolatli yoʻl” sifatida koʻklarga koʻtarilayotgan bir paytda kirib keldi. Milliy mavzuda yozilgan togʻ va dasht qissalari (“Jamila”, “Yuzma-yuz”) unga mislsiz shuhrat olib keldi. Oʻquvchi bu ikki asarda real hayotiy voqelik va uning adabiyotdagi real tasviri bilan yuzma-yuz keldi.

Chingiz Aytmatov oʻtgan asrning saksoninchi yillari oʻrtalarida dunyoning turli mintaqalarida, jumladan, Qirgʻizistonda ham yuz bera boshlagan ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-axloqiy ziddiyatlarga, hukmron tuzum tanazzuliga, kutilgan va kutilmagan talotoʻplarga guvoh boʻldi. Koʻz oʻngida “zoʻr bilan boʻlgan imorat” – shoʻrolar saltanati quladi. Ayni shu yillari eʼlon qilingan oʻtkir publitsistik maqolalari, qissa va romanlari badiiy jihatdan mukammal, taʼsirchan va kuchli mantiqiy mushohadaga asoslangani, hayotga, konkret voqelikka, odamlarning oʻy-xayollariga bevosita bogʻliqligi bilan boshqa ijodkorlar asarlaridan ajralib turardi. Ularda nainki bugunning, ayni chogʻda ertaning, yaqin kelajakning, bir millat yoki mamlakat emas, butun insoniyat, yer yuzida tinch-totuv hayotni saqlab qolish bilan bogʻliq oʻtkir muammolar, boshqalar aytishga jurʼat etmayotgan achchiq haqiqatlar yuzaga chiqdi. Adib yozuvchi sifatidagina emas, keng qamrovli davlat va jamoat arbobi, chuqur mushohadali faylasuf, tinchlik-totuvlik elchisi, qardoshlik-dildoshlik targʻibotchisi sifatida ham dunyoga tanildi (Umri davomida yozgan asarlari bugunga qadar dunyo xalqlarining 191 tilida chop etilgan). 1986 yili uning bevosita tashabbusi bilan Issiqkoʻl boʻyida oʻtkazilgan, dunyoning oʻn sakkiz buyuk isteʼdodi – Petr Ustinov, Federiko Mayor, Lisandro Otero, Devid Bolduin, Artur Miller, Klod Simon, Aleksandr King va boshqalar ishtirok etgan xalqaro forum adibga yanada katta shuhrat keltirdi.

– Issiqkoʻl forumini oʻtkazish gʻoyasi dabdurustdan paydo boʻlgani yoʻq, albatta, – degan edi adib suhbatlaridan birida. – Biz bunda bugungi kunimizning real voqeligi va holatidan kelib chiqdik. U oʻzida, avvalo, inson tafakkurining yangilanishini mujassamlantiradi. Ochigʻi, bundan oʻn-yigirma yil ilgari davrning eng dolzarb masalalari yuzasidan gaplashib olish maqsadida butun jahondan maslakdoshlarni bir joyga toʻplash, fikr-mulohazalarni emin-erkin bayon qilish hech kimning xayoliga ham kelmagandi. Bu muhim gʻoya oʻz vaqtida pishib yetildi va amalga oshdi. Garchand biz tamomila boshqa-boshqa odamlar, siyosiy, madaniy tuzumlarimiz keskin farqli, dunyoviy voqea-hodisalarga munosabatimiz ayricha boʻlsa-da, men baribir til topishimizga, hammamizga bevosita daxldor muammolar yechimini topish yoʻllarini qidirishda, amaliy harakatlar qilishda fikran yaqinlashishimizga ishongan edim. Bu ishonch tusmol yoki tavakkalga asoslanmagandi: men bu odamlarning kimligini, har birining imkoniyat darajasini, oʻy-xayollarini, dunyoqarashini, ong-sezimini yaxshi bilardim, aksariyati taklifimni rad etmasligini yurak-yuragimdan sezardim, chunki biz tez-tez turli xalqaro anjumanlarda, rasmiy marosimlarda uchrashib, suhbatlashardik, fikr-mushohadalarimiz, nuqtai-nazarimiz, oʻzaro boʻlsa-da, koʻpincha insoniyatni jiddiy xavotirga solayotgan muammolarga, mantiqsiz harbiy poygaga, soxta daʼvat va chaqiriqlarga, sarf-xarajatlarga borib taqalardi. Xuddi shu suhbatlarning mantiqiy rivoji sifatida sayyoramiz va, umuman, insoniyat taqdiriga bogʻliq global tashvishlar haqida oʻylaydigan, nimalarnidir taklif etishga qodir, oʻz atrofiga bir-biriga ruhan yaqin odamlarni uyushtiradigan, ularning soʻz va boshqa imkoniyatlaridan unumli foydalana oladigan norasmiy bir uyushma tuzish zarurligiga ehtiyoj tugʻildi. Aytishim kerakki, ijodkor ziyolilarning ijtimoiy maʼnoga ega publitsistik soʻzida, taʼsirchan nutqida goʻzallik, ezgulik, yuksak insoniylik tuygʻulari ulugʻlanadi.

Bu – isbot talab qilmaydigan haqiqat. Muhimi, bunday chiqishlar ijtimoiy adolatning qaror topishida, grajdanlik masʼuliyatini his etishda, nimalarnidir boshqalardan koʻra avvalroq sezish va ogoh boʻlib yashashda choʻng ahamiyat kasb etadi, chunki ularda jamiyatning maʼnaviy-axloqiy qiyofasi, kasalliklari aniq ifodalanadi. Hayotni bezash, insonning moddiy va maʼnaviy ehtiyojlarini toʻla qondirish, yoshlarni millatparvar va vatansevar qilib tarbiyalash, yot gʻoyalar taʼsiridan asrash, oʻtmish tarixga munosabat, ulugʻ ajdodlar merosidan bahramandlik kabi vazifalarga badiiy adabiyot kabi publitsistika ham bevosita daxldor. Shunday ekan, soʻz sanʼati sohiblari muloqoti hech qachon izsiz ketmaydi.

Oʻtgan asrning soʻnggi choragida oʻtkazilgan Issiqkoʻl forumi tinchlik-totuvlik, yaxshi qoʻshnichilik, sayyoramizda inson hayotini saqlab qolish, yer, suv va havoni kelgusi avlodlarga musaffo holda qoldirish masalalarida maʼnaviy jihatdan birlashish, masʼuliyatni toʻla his etish, befarq boʻlmaslik, imkoniyatlardan maqsadga muvofiq va hammaning manfaatiga mos ravishda foydalanish zarurligini koʻrsatdi. “XXI asr madaniyatining global va milliy aspektlari” mavzusida oʻtgan bu anjumanda Chingiz Aytmatov maʼruza qilib, yer yuzida tiriklikni saqlab qolishda bundan buyon milliy madaniyatlar va ularning oʻzaro uygʻun holda rivojlanishi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi, degan, avvallari hech qayerda aytilmagan fikrni oʻrtaga tashladi. Dunyo bu dadil fikrni eshitdi va unga eʼtibor qaratdi. 2004 yili Issiqkoʻlda YUNЕSKO shafeligida oʻtkazilgan Yevroosiyo sammitida, adib vafotidan soʻng 2013 yili Bishkek va Choʻlpon-otada boʻlib oʻtgan “Chingiz Aytmatovning Issiqkoʻl forumi: milliy madaniyatlar dialogi va sivilizatsiyalarning oʻzaro yaqinlashuvi” shiori ostidagi muloqotda ayni shu gʻoya yana bir bor oʻz tasdigʻini topdi. Bu tasdiq insoniyat hayotini jiddiy xavf ostida qoldirayotgan muammolar yechimini topish yoʻlidagi amaliy harakatlarni birlashtirishda yangicha, “umumbashariy tafakkur zarurligini” anglatgani bilan ham ahamiyatli boʻldi.

Bu muhim gʻoya Chingiz Aytmatovning koʻplab asarlari, publitsistik maqolalari, xalqaro anjumanlardagi nutqlari, davra suhbatlarida ham mavjud boʻlib, adib dunyoqarashi naqadar kengligidan, dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlardan yaxshi xabardorligidan dalolat edi.

Chingiz Aytmatov umrining soʻnggi daqiqalarigacha milliy va umuminsoniy qadriyatlarning uygʻun rivojlanishi tarafdori boʻlib yashadi. Bugun adib tavalludining 90 yilligi dunyoning koʻplab mamlakatlarida, jumladan, Oʻzbekistonda ham davlatimiz rahbarining qarori asosida keng nishonlanayotgan ekan, adibning moviy Issiqkoʻl boʻyida tugʻilgan, madaniy dunyo eʼtirofiga sazovor boʻlgan – muammolarni faqat bugunni emas, ertani, olis kelajakni oʻylab birgalikda hal etish zarurligi haqidagi fikrlari yanada yaqqol koʻzga tashlanadi. Ikkinchidan, dunyoning bugungi ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼnaviy holati ham adabiyot, madaniyat, sanʼat sohalari namoyandalarining aniq maqsad yoʻlida birlashishlarini, bamaslahat harakat qilishlarini taqozo etmoqda. Shu boisdan ham 4-7 oktyabr kunlari Qirgʻizistonning Bishkek va Choʻlpon-ota shaharlarida Issiqkoʻl dialoglarining mantiqiy davomi sifatida “Chingiz Aytmatov va bugungi davr tahdidlari” shiori ostida oʻtkazilgan xalqaro anjuman dunyo jamoatchiligi eʼtiborini oʻziga qaratdi.

Anjuman Chingiz Aytmatovning uy-muzeyi bilan tanishish, Ota-Beyit qabristonida yozuvchi xotirasini yodga olish marosimi bilan boshlandi. Hayajonli ushbu daqiqalarda viqorli Olatogʻ etagida, 37-yilgi siyosiy qatagʻonda halok boʻlgan vatandoshlari, jumladan, otasi Toʻraqul Aytmatov bilan birga mangu qoʻnim topgan adib bugun ham butun vujudi, qoldirgan bebaho ijodiy-falsafiy merosi bilan buyuk togʻlar qulamasligi, inson oʻzining maʼnaviy qiyofasini yoʻqotmasligi, bu ona zaminda hayot va tiriklik qoʻshigʻi soʻnmasligi haqida oʻy surib yotganday tuyuldi menga. Ziyoratgohdagi yozuv – Chingiz ogʻaning “Bugun inson oldidagi eng qiyin vazifa – insonlikni saqlab qolishdir”, degan soʻzlarini oʻqib, koʻnglimdan shu mulohazalar oʻtdi.

Yigirma besh mamlakatdan kelgan taniqli jamoat arboblari, yozuvchi va olimlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari toʻrt kun davomida Chingiz Aytmatovning bu dunyoda inson hayotini, insoniy fazilatlarni asrab qolish, milliy-maʼnaviy merosni rivojlantirish, boshqalarga nisbatan kuch ishlatmaslik, zoʻravonlik qilmaslik, inson erki va tuygʻularini haqoratlash, diniy eʼtiqodni mensimaslik kabi gʻayriaxloqiy illatlarga befarq boʻlmaslik haqidagi daʼvatlarini yanada kuchaytirish yoʻllarini muhokama qildilar. Maʼruzalarda turli mintaqalarda urush harakatlari kuchayib borayotgani, qonli toʻqnashuv va mojarolar tufayli minglab begunoh odamlar uy-joyidan, mol-mulkidan ajralib qolayotgani, atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazilayotgani, oqibat natijada dunyoni iqtisodiy manfaat nuqtai nazaridan qayta boʻlaklash, ijtimoiy-huquqiy prinsiplarga amal qilmaslik harakatlari, maʼnaviy qashshoqlanish, xudbinlik, milliy tuygʻularni mensimaslik illati yuzaga kelayotgani aytib oʻtildi.

Forumda ishtirok etgan oʻzbekistonlik olimlar Ibrohim Gʻafurov, Hamidulla Boltaboyev, Zuhriddin Isomiddinov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid va boshqalar Chingiz Aytmatovning adabiy-maʼnaviy merosi dunyoda yuzaga kelayotgan ijtimoiy muammolarni hal etishda bundan buyon ham muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar. Qirgʻizistonlik hamkasblarimiz Oʻzbekistonda Chingiz Aytmatov hayoti va ijodini ilmiy jihatdan oʻrganish, asarlarini targʻib qilish, tavallud kunining 90 yilligini mamlakat miqyosida nishonlash borasida amalga oshirilayotgan ibratli ishlarga, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yaxshi qoʻshnichilik, iqtisodiy, ilmiy, adabiy-madaniy hamkorlik aloqalarini oʻzaro hurmat-ehtirom ruhida kuchaytirish borasidagi yangi siyosiy yoʻliga yuksak baho berdilar. Davlatimiz rahbarining maxsus qarori asosida tayyorlangan “Chingiz Aytmatov va Oʻzbekiston” xotira kitobi, shuningdek, adibning yangi saylanmasi, “Chingiz Aytmatov: Davr. Inson. Haqiqat”, “Chingiz Aytmatov va XXI asr” monografiyalari adibning uy-muzeyiga, Qirgʻiziston davlat Milliy kutubxonasi, Yozuvchilar uyushmasi va boshqa ijodiy tashkilotlarga, aytmatovshunos olimlarga topshirildi.

Forum yakunida anjuman qatnashchilarining dunyo mamlakatlari rahbarlari, madaniyat va sanʼat arboblariga murojaati qabul qilindi.
Ahmadjon MЕLIBOYEV,
Toshkent – Bishkek – Choʻlpon-ota.

O`zA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?