“Issiq non” — achchiq haqiqatlar aks etgan film

22:45 16 Dekabr 2018 Madaniyat
1853 0

15 dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyida rejissyor Umid Hamdamov tomonidan suratga olingan “Issiq non” badiiy filmining ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun maxsus namoyishi boʻlib oʻtdi.

Avvalo, shuni aytish kerakki, filmning faqat OAV xodimlari uchun maxsus namoyishi uyushtirilganiga qaramay, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi targʻibot boʻyicha masʼul mutasaddilarining oʻz vazifasiga oʻta sovuqqon va masʼuliyatsizlik bilan yondashuvlari bois bu haqda sohaning deyarli hech bir vakili xabar topgani yoʻq. Shu bois tadbirga barmoq bilan sanarli jurnalistlar tashrif buyurdi, xolos. Bugungi tezkor zamonda esa hatto oddiygina telegramm messenjeri orqali axborot tarqatish bilan ham zalni bemalol toʻldirish mumkin edi. Masalan, telegrammda qariyb 400 nafarga yaqin OAV xodimlari hamda blogerlarni jamlagan va mamlakatimizdagi oʻzgarishlar hamda yurtimiz hayotiga doir eng soʻnggi maʼlumotlar yuzasidan muntazam fikr almashinib boriladigan ikkita guruhning har birida loaqal bir martadan maʼlumot qoʻyilganida edi, shubhasiz, “Oʻzbekkino” MA rahbariyati “Ikki oyda — 10 ta premyera” taqdimotida koʻklarga koʻtargan filmlarning biri deyarli boʻm-boʻsh zalda — faqat kino sohasiga eng yaqin mutaxassislar ishtirokidagina oʻtmagan boʻlur edi.

Endi film haqidagi mulohazalarga qaytsak. “Oʻzbekkino” Milliy agentligining buyurtmasiga koʻra, “Oʻzbekfilm” kinostudiyasi tomonidan tasvirga olingan mazkur kinokartinaning yaxlit kompozitsion xulosasi bitta: inson hayotning, tiriklikning, borliqning achchiq haqiqatlariga qarshi qoʻya oladigan oʻz yolgʻoniga — umidga ega boʻlib yashashga mahkumdir. Bu umid bizni kurashishga, hayotdan bahra olib, garchi oʻzimizni ovuntirib, aldab, ishontirib boʻlsa-da, taqdirning tahqirli zarbalariga koʻnikib yashashga undab turadi. Biz esa umidimizni soʻndirmasdan, oʻzimizning yolgʻon haqiqatlarimizni kamalakranglarga boʻyab, yashashda davom etamiz...

Katta isyonning kichik debochasi

Film bosh qahramon — Zulfiya (debyutant aktrisa Zarina Ergasheva) ismli 13-14 yoshlardagi qizchaning maktab-internatdan koʻchib, endi oyisi bilan yashashi haqidagi orzular ogʻushida, quvonch bilan bu maskanni tark etishidan boshlanadi. Ammo Zulfiya darhol birinchi yolgʻonga duch keladi: buvisi (Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Munavvara Abdullayeva) uni onasining oldiga emas, oʻzining uyiga — uzoq qishloqqa olib ketadi. Zarina yoʻlda xarxasha qiladi, buvisi bilan emas, oyisi bilan yashamoqchi ekanini aytib, janjal koʻtaradi. Biroq buvisining “Onang shahardan uzoqqa ketgan ekan, hali-beri qaytmaydi, qaytishi bilan oldiga olib boraman”, degan vaʼdasidan soʻng tinchlanadi. Lekin qishloqqa yetib kelishgach, hovli ostonasini hatlab oʻtmaydi, tashqarida muk tushib oʻtirib oladi.

Kartina ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyor Umid Hamdamov tajribali operator Jahongir Ibragimov bilan birga aynan shu epizodda yuqoridan olingan kadr yordamida tomoshabin uchun ajoyib yechimni beradi: nabira va buvi oʻrtasida koʻz ilgʻamas, ammo katta chegara bor. Zulfiya buvisi istagan hayotda yashamoqchi emas, uning oʻz hayoti, oʻz qarashlari, oʻz haqiqatlari mavjud hamda ularga kimningdir daxl qilishini istamaydi. Ayni shu palladan eʼtiboran odatda mualliflik filmlari uchun xos boʻlgan obrazli ifodalar yordamida tomoshabinga kartina maqsadini bayon etishga kirishilgan va bu holat toki asar yakuniga yetib, titrlar koʻringuniga qadar tez-tez, eng muhimi, muvaffaqiyatli tarzda almashinib boradi.

Zulfiya ichkariga kirmasdan hovli darvozasi oldida xayol surib oʻtirarkan, samolyotning tovushini eshitadi. Biroq ming tikilmasin, osmonda hech narsa koʻrinmaydi...

Kadr almashinib, keng dala, unda qoʻllarini peshonasiga soyabon qilib osmonga tikilayotgan olti-yetti yoshlardagi qizaloq va uning dorivor giyohlar terayotgan onasi gavdalanadi.

— Oyi, samolyot koʻrinmaydimi? — deya savol beradi qizaloq.

— Yoʻq, qizim, koʻrinmaydi, — deydi onasi xotirjam ishini qilarkan.

— Nega koʻrinmaydi? — yosh bolalarga xos tarzda savolini davom ettiradi qizcha.

— Chunki u juda balandda, shuning uchun koʻrinmaydi, — deydi onasi.

Ochigʻi, bu epizodni koʻrganimda, dastavval, “Zulfiya xayol suryapti, samolyot motorining ovozi uni uzoq oʻtmishga itqitib tashladi, mana bu qizcha uning oʻzi, bu esa oyisi”, degan fikrga kelgandim. Adashgan ekanman. Keyinchalik Zulfiyaning hayotida katta rol oʻynovchi bu ayol uning kelinoyisi — odamlar nazdida nahangga yem boʻlgan togʻasining xotini (aktrisa Feruza Sayidova), qizcha esa uning togʻavachchasi ekan.

Shu yerda kinokartinaga kelajagi mavhum, zimmasiga qanday “yuk” tashlangani film mobaynida biron marta ham “yarq” etib koʻrinmagan bir personaj kirib keladiki, uni ham aytib oʻtmaslik insofdan boʻlmas edi. Zulfiya xayol surib oʻtirarkan, telbaligi velosipediga turli konserva bankalarini ulab olganidan ham sezilib turgan soʻloqmondek yigit unga savol beradi. Xayrulla ismli bu telbani tosh otib haydagan Zulfiya ana shundan keyingina hovliga kiradi.

Ochigʻini aytish kerak, butun kinokartina davomida atigi uch marotaba koʻringan, velosipedi singanidan soʻng umuman “yoʻqolib” qolgan ushbu personajning vazifasi nimadan iborat ekanini mutlaqo tushunib boʻlmadi. Chunki u na biron masalani yechishda ishtirok etgan, na biron qahramonning xarakterini boʻrttirib koʻrsatishga xizmat qilgan. “Rejissyor telba obrazi orqali hayotning biron haqiqatini baralla aytmoqchidir”, degan mulohaza ham, afsuski, oʻzini oqlamadi...

Shunga qaramay, kinokartinani muvaffaqiyatsiz, deb boʻlmaydi. Undagi ramzlar, ifodalar, biron kadr yordamida rejissyorlik yechimlarining tomoshabinga singdirilishi, bu yechimlarning har kimda oʻziga xos savollar tugʻdirishi va har bitta odamni oʻsha savollarga oʻz hayotidan kelib chiqib javob topishga majburlashi oldida mazkur kamchilik, hatto, bilinmay ham ketgan, deyish mumkin.

Masalan...

Hayot yamoqlarini qayta-qayta yamab oʻtgan umr

Shunday insonlar borki, ichi toʻla dard. Ichi toʻla alam. Ichi toʻla anduh. Ammo ularning na dardini, na alamini, na anduhini his qilasiz... Ular hayotini qayta boshdan qurgandan koʻra, “yamoq”larini berkitib oʻtishni maʼqul koʻrishadi. Shunga koʻnikishgan, baxtni ham, saodatni ham, tiriklikning mohiyatiyu hayotning mazmunini ham ana shu yamoqlarda, deb bilishadi...

Zulfiya hovliga kirgach, tinimsiz jiringlayotgan telefon ovozini eshitadi. Telefon apparatini qidirib, xonama-xona izgʻiydi, ammo topolmaydi. Soʻng nigohi mehmonxonadagi katta seyf, seyfning ichidan chiqib turgan simlarga tushadi. Ovoz seyf ichidan chiqqanini anglab, uning kalitini qidiradi.

— Kalit qani? — deydi qichqirib.

— Kalitni nima qilasan? — deydi buvisi achchiqlanib.

— Oyim telefon qilgan boʻlsalar-chi? — deydi alamdan yigʻlagudek boʻlib. — Nega telefonni yashirib qoʻygansiz?

— Onang telefon qilmaydi, — deydi buvi ham jahl bilan. — Bor, undan koʻra ishlaringni qil. Darvoqe, yana kelinoying kelganida, ota-onang haqida gapirib oʻtirmagin-a... Naq sharmanda boʻlasan-a...

Shu soʻzlardan soʻng tomoshabin kampir nimanidir yashirayotgani, bu haqiqat oddiy emasligi va uning ochilishi kelgusida katta ahamiyatga ega boʻlishi muqarrar ekanini his qiladi. Shunga qaramay, oʻzini bu haqiqatdan ham koʻra kuchliroq boshqa haqiqatlar kutib turganini xuddi Zulfiya singari hali toʻliq his qilolmaydi...

Kelinoyi hovliga kirib kelib, Zulfiya bilan koʻrishish asnosida oʻz yumushlariga kirisharkan, unga “Oyingiz yaxshi yuribdilarmi, birga olib kelmabsiz-da”, deya soʻz qotadi. Buvi Zulfiyaning javobini ham kutmasdan oʻzi bu savolga javob berib qoʻya qoladi.

— Yuribdi, borib koʻrdim, sogʻ-omon. Yana yangi ish boshlamoqchimishmi-yey... Shaharda osonmi?! Shaharliklar senga oʻxshagan bekorchi emas. Bosh qashlashga vaqti yoʻgʻu...

Kelin buvining javobini eshitarkan, paxsa devorning nuragan qismlarini qoʻli bilan paypaslab yamayveradi, yamayveradi... Uning boshidan esa qaynona sochayotgan somon parchalari xuddi qor misoli aylanib tushaveradi...

Hamma bilgan... haqiqatlar...

Baʼzan shunday boʻladiki, kimdir sizdan nimanidir yashirayotganini bilasiz. Nimani yashirayotganini ham bilasiz. Ammo uning bu “qilmishi” sizga zarardan koʻra koʻproq foyda keltirishini ham yaxshi tushunasiz... Ana shu hayotga koʻnikib, ochilishi sizning foydangizga emas, ziyoningizga xizmat qilishini anglaganingiz uchun ham, mazkur haqiqatlarni unutib, eslamaslikka intilib yashaysiz...

Film mualliflarining eng katta yutugʻi shundaki, ular ayni shu vaziyatni mohirona tarzda ekranlashtira olganlar. Masalan, buvi Zulfiyadan koʻp narsani berkitayotgani va aynan nimalarni berkitayotgani bir soatu qirq daqiqalik kinokartina mobaynida asta-sekin ochilib boraveradi. Xususan, otalari koʻlda nahangga yem boʻlganiga ishonadigan boshqa nevaralar, turmush oʻrtogʻi allaqachon oʻlganiga oʻzini ishontirgan kelin, bir umr oʻqituvchilik qilib, butun bir boshli qishloqqa maʼrifat ziyosini tarqatgan, ammo farzandlarining biri yengiltakroq, ikkinchisi esa umuman bezori qimorboz boʻlib ulgʻaygan, maʼjoziy maʼnoda aytganda, oʻzi boʻzchi boʻla turib, belboqqa yolchimagan buvidan farqli oʻlaroq, haqiqatni bilishga intiladigan (biroq oʻzi ham tez-tez yolgʻonlar toʻqib turadigan hamda bu yolgʻonlariga, eng avvalo, oʻzi chin dildan ishonadigan) injiq va qaysar Zulfiya barchaning hayotini izidan chiqarib yuborishiga oz qoladi. Oqibatda buvi salomatligini yoʻqotib, kasalxonaga tushadi. Kelin esa oʻzi bilgan, lekin farzandlaridan ham yashirib kelayotgan haqiqati: erining qimorda katta pulni boy berib, Rossiyaga qochib ketgani hamda boshqa ayolni topib, undan farzandli boʻlganidan endi yana bir odam — Zulfiya ham xabar topgani bois qattiq eziladi. Uning savollariga, Rossiyaga borib erini qidirib topishi kerakligi haqidagi maslahatlariga esa birgina jumla bilan javob qaytaraveradi:

— Tirik boʻlganida, allaqachon qaytardi... U oʻlgan...

Film mobaynida barcha haqiqatlar asta ochilib boradi, dedik. Darhaqiqat, shunday. Dastlabki epizodlarda buvi nima uchun telefonni seyfda berkitishining siri sal keyinroq ochiladi. Kampir telefonni faqat Zulfiyadan berkitmayapti. Uning bunday qilishiga boshqa bir sabab ham bor. Kampirning butun qishloq ahli “Koʻlda nahang yutib yuborgan”, deb biladigan (shunday boʻlsa-da, aslida bunday ekaniga hech kim ishonmaydi, shunchaki, ana shu haqiqat barchani birdek qanoatlantirgani bois hamma oʻzini bunga ishongandek tutadi) oʻgʻli baʼzan Rossiyadan qoʻngʻiroq qilib qolishi mumkin. Shunday paytda buvi uyda boʻlmasa-yu, goʻshakni nabiralardan biri yoki kelin koʻtarib qolsa bormi?!

Nozanin nega qizini quchmadi?!

Kinokartinada yana bir personaj borki, garchi u ekranda bir necha daqiqa koʻringan boʻlsa-da, uning zimmasiga katta vazifa yuklatilgani darhol anglashiladi. Bu Nozanin — Zulfiyaning onasi, buvining qizi obrazidir.

Nozanin kimningdir katta vaʼdalariga uchib shaharga ketgan. U yerda turmush qurib, farzandli boʻlgan, ammo eri bilan hayoti iziga tushib ketmagan. Turmushi buzilgach esa farzandini maktab-internatga bergan. Qiz toki buvisi kelib olib ketmagunga qadar ana shu yerda voyaga yetgan. Toʻgʻri, asardagi ayrim epizodlarda keltirilgan iboralardan qizgina onasi bilan birga qishloqqa tez-tez kelib turgani, bu yerda koʻpchilikni tanishi oydinlashadi. Ammo har gal shaharga qaytgach, u yana oʻzining qadrdon internatiga, onasi esa doimiy azob-uqubatga toʻla hayotga qaytishga majbur boʻlishgan.

Kelinoyisi bilan shaharga kelgan Zulfiya bozorda undan qochib, oyisini qidirib ishxonasiga boradi. Ammo onasi uni sovuqqina kutib oladi, hatto qizining erkaliklariga nisbatan “Meni sharmanda qilyapsan”, degan soʻzlarni aytaveradi. Ona uchun qizining iltijolari, yalinishlari bir pul. U yangi hayot boshlash arafasida, qizi esa bunda unga xalal berishi muqarrar. Bir qarashda, Nozanin onasiga nisbatan nechogʻli beshafqat boʻlsa, qiziga nisbatan ham shunchalar bagʻritoshdek koʻrinadi. Ammo...

Taqdimotdan soʻng rejissyorga ona nega bunday qilgani, nima uchun qizini loaqal quchib qoʻymagani xususida savollar ham berildi. Rejissyorning minimalizm haqidagi javoblariga qoʻshilgan holda, bu borada oʻzimning xulosalarimni aytsam.

Mening nazarimda, Nozanin aslida qiziga nisbatan bagʻritosh emas, u Zulfiyani juda ham yaxshi koʻradi. Lekin ayni damda u ham ilojsiz. Chunki, birinchidan, Nozanin ham inson, u ham oʻzining hayotini izga solishga, yana turmush qurish, baxtli boʻlishga haqli. Shuncha vaqt mobaynida balki qizi u bilan yashagandir, balki shu bois qayta turmushga chiqolmagandir, oʻz hayotini Zulfiyaning baxti, kelajagi uchun qurbon qilgandir. Ana endi hammasi oʻzining nazdida iziga tushib turgan bir paytda nega orqaga qaytishi kerak?!

Ikkinchidan, agar Nozanin ayni epizodda Zulfiyani bagʻriga bosganida edi, qizaloq onasining mehrini his qilgan, uning iltimoslariyu yalinishlariga ham qaramay, yana va yana shaharga kelavergan, Nozaninning hayotini yangidan boshlash xususidagi barcha oʻy-fikrlari, rejalarini balki chippakka chiqargan boʻlur edi.

Ayni shu epizod kelin obraziga kontrast tarzda insonning hayot haqidagi tushunchasi hamisha ham bir xil boʻlavermasligini koʻrsatadi. Yaʼni kimdir hayot zarbalariga chidab, taqdirida qolgan yamoqlarni yamab oʻtishga ham rozi, boshqa birov esa barchasini vayron qilib boʻlsa-da, qanday oqibatga olib kelishidan qatʼi nazar, hamma narsani boshidan boshlashga urinib koʻrishdan qaytmaydi.

Inson insonga boʻri...mi?!

Filmda tushunish qiyin boʻlgan epizodlardan yana biri Zulfiyaning sinfdoshlari bilan munosabati sahnasidir. Togʻasining qayerda ekanini bilishga qiziqqan Zulfiya sinfdoshi Ahmadning nomaʼqul taklifiga rozi boʻlganida, menda bir savol tugʻildi: “Rejissyor boʻrttirib yubormadimikin?” Toʻgʻri, oʻtish yoshida, oʻsmirlik pallasida hammamiz qiziqqon boʻlganmiz, oʻylamay-netmay nimalarga qoʻl urmaganmiz, deysiz. Qolaversa, muhit mana bunday rasvo, tevarak-atrofdagilarning oʻziga nisbatan munosabati qandaydir qorongʻi, borligini, bu hayotda oʻz oʻrniga, oʻz “men”iga ega boʻlishga haqli ekanini hamma inkor etadigan qizaloq uchun birdaniga bunday qarorga kelish balki osonroqdir ham. Ammo...

Har nima boʻlganda ham, insonda umid uygʻotishi kerak edi bu sahnalar. Toʻgʻri, film ijodkorlari oʻzaro savol-javoblarda agar mana shu liniyani sof munosabatlar sari boshlab borishganida, hindcha yakun koʻrinib qolishi mumkinligidan xavotirlanishganini aytishdi. Shunga qaramay, Zulfiyaning buvisi tomonidan toʻla “izolyatsiya”ga olinishi, kelinoyisining hamma narsaga koʻnikib yashashi va uni ham shunday yashash eng maʼquli ekaniga oʻz hayot tarzi bilan ishontirishga urinishi, onasining esa qizini bagʻriga bosishdan uyalishi (qahramon qizning nazarida, hatto, hazar qilishi) oldida Zulfiyaga madad boʻladigan, uni, u orqali tomoshabinni ham ertanga yorugʻ kunlar kelishiga ishontira oladigan nimadir kerak edi... Balki bu Ahmad obrazi boʻlmasligi ham mumkindir, ammo nimadir boʻlishi kerak edi...

Ayniqsa, qizning ortidan yomon niyatda shahd bilan quvayotgan toʻrtta oʻspirin obrazi va Zulfiyaning koʻl boʻyida yigʻlab oʻtirgan kelinoyisining oldiga yetib borib, uning bagʻriga oʻzini otishi sahnasi menda “Haqiqatlar oldida baʼzan yolgʻonga ishonib yashash afzal, degan qarashni ilgari surishga xizmat qilmaydimi bu epizod?!” degan haqli bir savolni ham uygʻotdi. Qolaversa, “Xudo urganni paygʻambar hassasi bilan turtkilashi” filmni tomosha qilgan har bitta odamda hayotga, bashariyatga ishonchsizlik kayfiyatini kuchaytirib yubormaydimi?! Mayli, kundalik turmushimizda shunday voqealar ham uchrab turadi, deylik. Biroq kinokartinada shu yoʻnalish yaxshilik sari olib borilganida, filmning qadri-qimmati yanada oshmasmidi?! Nahotki, eramizdan avvalgi III-II asrlarda yashab ijod qilgan mashhur dramaturg Tit Maksiy Plavt aytganidek, “inson insonga boʻri” boʻlsa?!

 

Baxt qidirilmaydi, baxt yaratiladi

Baxt nima oʻzi?! Uni kimdir ushlab koʻrganmi? Hidlab koʻrganmi? Oʻzi kimdir koʻrganmi baxtni?

Film yakunida Zulfiya ham hammasiga koʻnikadi. Haqiqatlar nechogʻli zarur boʻlmasin, baʼzan uning oʻtkir tigʻlari insonlar qalbini, munosabatlarni, jamiyatni jarohatlashi mumkinligini, orzular qay darajada ulkan, maqsadlar qanchalar ulugʻvor boʻlmasin, odamzod oʻz imkoniyati darajasidan oshib oʻtib keta olmasligini anglaydi... Buni uning buvisi va kelinoyisi bilan nurab borayotgan hovlini qayta tiklab, paxsa devorlardagi yamoqlarni kamalakrang boʻyoqlar bilan bezayotganida koʻramiz.

Film ijodkorlari bu bilan goʻyoki “Baxt qidirib topilmaydi, baxt yaratiladi. Qoʻlingda boriga shukr qila olsang, oʻtgan kuningdan rozi boʻlsang, erisholmagan maqsadlaring yoʻlida besamar izgʻiyvermasdan, oʻzingni aldab, ovuntirib yashayolsang, mana shu — baxt”, degan fikrni ilgari surgandek. Bir qarashda, bu eng toʻgʻri yoʻldek ham koʻrinadi. Lekin baribir qandaydir umid, tomoshabin uchun nimagadir ishonish, kinokartina gʻoyasi nuqtai nazaridan aytganda, kinozaldan oʻzini aldab chiqishi uchun bir tutam nur ham kerak edi.

Yurtimizning biz bilmagan goʻzalliklari

Filmda kuchli jamoa toʻplangani undagi aktyorlarning mahorati, dramaturgiyaning salmoqli ekani, har bir voqeaga qahramonlarning munosabati toʻlaqonli shakllangani va namoyish etib berilganidagina koʻrinmaydi. Bularni yaqqol ochib berishga xizmat qilgan operatorning mahorati ham alohida eʼtirofga loyiqdir.

Qishloq manzaralari, tabiat va inson uygʻunligi, poyonsiz dengizning narigi tomonida botib borayotgan quyosh fonida bir tomonda velosipedini yetaklab ketayotgan kelin va undan yigirma qadamcha ortda kelayotgan Zulfiya tasviri... Kvadrokopter yordamida fazodan suratga olingan va ulkan ummonni eslatuvchi dengiz... Har bir kadrga boqib, postanovkachi rassom Alisher Umrzoqov hamda postanovkachi operator Jahongir Ibragimovning rejissyor oldiga qoʻygan maqsadni toʻgʻri tushunib ishlagani, umuman, bu ijodkorlar ishtirokida kuchli tandem yuzaga kelganini payqash qiyin emas.

Darvoqe, mamlakatimizning bu qadar goʻzal tabiatga ega ekanini dunyo xalqlariga bildirish yoʻlida ham mazkur kinoasar ajoyib vosita boʻlishi, shubhasiz.

Soʻngsoʻz oʻrnida

Ayrim kamchiliklarga qaramay, “Issiq non” badiiy filmi toʻla muvaffaqiyatli chiqqan, deb aytish uchun yetarli asoslar bor. Ammo...

Shu oʻrinda “Oʻzbekkino” Milliy agentligining targʻibot masalasi bilan shugʻullanadigan guruhiga baʼzi bir eʼtirozlarimni ham bildirib oʻtmoqchiman. Aslida, qaysidir davlat tashkilotining milliardlab soʻm puliga olingan, biroq na bironta maʼno, na bironta maza-matraga ega boʻlgan filmlarni oylab targʻib qilgandan koʻra, magʻzi toʻq, ertaga agar oʻz tematikasi boʻyicha har qanday xalqaro tanlovga tavsiya qilinsa, hech shubhasiz, biron nufuzli sovrinni olib kelishi muqarrar boʻlgan mana shunday asarlarni koʻrsatib berish kerak edi. Kinorejissyorlarning chinakam mashaqqati evaziga yaratilgan bunday kinokartinalar balki hech bir reklamaga muhtoj ham emasdir, biroq loaqal OAV vakillari uchun moʻljallangan maxsus namoyishga OAV vakillarini chinakamiga chorlash oʻsha guruhning birlamchi vazifasi emasmi axir?!

Bilmadim... Balki bu borada ularning ham oʻzlari qattiq ishonadigan oʻz haqiqatlari bordir...

Hasan TOSHXOʻJAYEV, sanʼatshunos.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?