Isroildagi elchimiz Feruza Mahmudova Innovatsion rivojlanish vazirligida muzokaralar oʻtkazdi

16:25 30 Iyun 2020 Siyosat
104 0

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Oʻzbekistonning Isroildagi Favqulodda va muxtor elchisi lavozimiga tayinlangan Feruza Mahmudova bilan uchrashdi. 

Uchrashuv davomida Isroil Davlati bilan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi ilm-fan va innovatsiya sohasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Isroil davlati Yaponiya, Janubiy Koreya va Fransiya davlatlaridan ilgarilagan holda Global innovatsion indeks boʻyicha 11-oʻrinni egallab turibdi. Isroil fan va texnika olamida dunyo boʻyicha yetakchi davlatlardan boʻlib, mamlakat yalpi ichki mahsulotining 4,3 foizi aholi tadqiqotlari va ishlanmalariga yoʻnaltiriladi. Mamlakatda har 10 ming xodimning 140 nafari olimlar.

Ibrohim Abdurahmonov vazirlik faoliyati davomida Isroil bilan qator loyihalar amalga oshirilayotgani, xususan, Nobel mukofoti laureati Dan Shextmanning Oʻzbekistonga tashrifi, Isroilning “Maya International” kompaniyasi bilan sunʼiy yoʻldosh orqali quvurlardan suv sizishini aniqlaydigan texnologiya transferi hamda havodan suv oladigan uskuna yaratuvchi “Watergen” kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalari toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Shuningdek, “Innoweek 2018” innovatsion gʻoyalar haftaligida eng yaxshi startap deb topilgan “Sleanbox” loyihasi Isroildagi nufuzli xalqaro “StartHaifa” tanlovida birinchi oʻrinni egallagani aytib oʻtildi.

Feruza Mahmudova yangi tayinlangan lavozimida yurtimizda ilm-fan taraqqiyoti uchun Isroilning tajribasidan foydalanishda bor imkoniyatlardan foydalanish zarurligini taʼkidladi.

— Ushbu sharafli va masʼuliyatli lavozimga tayinlanganimdan soʻng tashkil etilgan birinchi uchrashuvim Innovatsion rivojlanish vazirligida boʻlayotgani kelajakda Isroil va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlarning rivojlanishida innovatsiyalarning oʻrni alohida ahamiyat kasb etishiga umid bagʻishlaydi, – dedi Feruza Mahmudova. – Men yurtimizning har bir farzandi jahon andozalariga mos bilim egallashi va shu bilimlar orqali vatanimiz ravnaqiga hissa qoʻshishini orzu qilaman.

Bundan tashqari, uchrashuvda Isroilning yetakchi ilmiy tadqiqot markazlari va oliy oʻquv yurtlari bilan kartografiya va geoaxborot, bioinformatika, tibbiyot va biotibbiyot, raqamlashtirish, kibernetika va axborot xavfsizligi sohalarida hamkorlikni oʻrnatish lozimligi qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?