Isroil tanklari Gʻazodan uchirilgan raketalarga javob zarbasi berdi

10:56 02 Aprel 2019 Jamiyat
311 0

Isroil tanklari XAMAS harakati pozitsiyalarini oʻqqa tutdi, deb xabar berdi Bi-Bi-Si. Isroil mudofaa vazirligi buni Gʻazo sektoridan otilgan raketalarga nisbatan javob ekanligini aytmoqda. Ikki oʻrtada munosabatlar soʻnggi bir hafta yanada taranglashgan.

Isroil mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabariga koʻra, yakshanbaga oʻtar kechasi Gʻazo sektoridan Isroil hududiga bir nechta raketa uchirilgan. Jami besh raketa uchirilgan, ularning birortasi ham aholi yashaydigan joylarga tushmagan. Raketa bilan nishonga olish natijasida Isroil tomonidan jabrlanganlar boʻlmagan.

Shundan soʻng Isroil tanklari XAMAS harakatining Gʻazodagi nuqtalarini tanklar bilan oʻqqa tutgan. Hozircha hujum tafsilotlari yoʻq.

Gʻazo sektorini oʻqqa tutilishidan bir necha soat oldin 40 ming atrofidagi odam ”Buyuk qaytish marshi” norozilik namoyishiga chiqqan edi. Ular Isroil va Gʻazo sektorini ajratib turuvchi devor oldida namoyish oʻtkazayotgan boʻlgan.

Bu norozilik bir yildan beri davom etmoqda.

Isroil mudofaa vazirligi vakillariga koʻra, shanba kungi namoyish tinch oʻtgan. Gʻazo sektori rahbariyati esa namoyish davomida uch nafar 17 yoshli falastinlik oʻsmir otilganini aytmoqda.

”Buyuk qaytish marshi” bir yil oldin 2018 yilning 30 mart kuni boshlangan edi.

Shundan beri har dam olish kunlari oʻtkaziladi.

Namoyish ishtirokchilari endilikda Isroilga tegishli boʻlgan yerlarga undan qochganlar va ularning avlodlarini qaytarishni talab qilmoqda.

Bir yillik namoyish davomida 200 atrofida falastinlik halok boʻldi, minglab odam jarohatlandi.

Gʻazo sektoridan Isroilga esa minglab yonuvchi qorishmali raketa uchirildi. Ular yongʻin va vayronagarchilik keltirib chiqargani aytiladi.

BMT Isroilni tinch namoyishchilarga qarshi haddan ziyod kuch ishlatishda ayblaydi. Isroil oʻzini mudofaa qilishga haqqi borligini va chegaralarini qoʻriqlayotganini aytadi. 

Ikki tomon ham tinch muzokaralardan boʻyin tovlamoqda.

Oʻtayotgan hafta boshida ikki oʻrtadagi qarama-qarshilik yanada keskinlashdi.

Unga Gʻazo sektoridan uchirilib, Tel-Aviv shimolidagi uyni buzgan raketa sabab boʻldi.

Natijada yetti kishi jabrlangan.

Isroil hukumati tomonidan tarqatilgan tasvirlarda raketa bir qavatli uyning tomini buzgani koʻrish mumkin boʻlgan. Yana devorlarning bir qismi buzilgan, deraza va eshiklar singan. Uy yonida turgan mashina zarar koʻrgan.

Isroil javob tariqasida Gʻazo sektoriga bir necha zarba berdi. Isroil armiyasi vakillarining xabar berishicha, nishonlar orasida XAMAS harakatining siyosiy rahbarlari ofisi hamda guruhning harbiy razvedka shtabi boʻlgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?