Isroil Madrimov: «Uolker gapiraversin, hammasi ringda hal boʻladi»

19:54 26 Iyul 2020 Sport
312 0

Xabaringiz bor, 15-avgust kuni Isroil Madrimov professional boksda oʻzining navbatdagi jangini oʻtkazadi. Ushbu bellashuv Madrimovning faoliyatida muhim ahamiyatga ega. Zero, boʻlajak jang gʻolibi WBA kamarining vaqtinchalik chempioni nomiga sazovor boʻladi. Raqib esa amerikalik tajribali bokschi Erik Uolker.

Kuni kecha Uolkerning boʻlajak bahs oldidan Isroil haqidagi fikrlari keng tarqaldi. Unda amerikalik bokschi shunday degan edi:

Madrimov havaskor boksda yaxshi natijalar koʻrsatgan, biroq professional boksda yetarlicha xatolarga yoʻl qoʻymoqda. Men unga ilk magʻlubiyatini taqdim qilaman. Pandemiya davrida ham mashgʻulot qilib, sport formamni ushlab turibman. Bor eʼtibor 15-avgust kuni boʻladigan jangga qaratilgan”, – deydi Uolker.

Biz hamyurtimiz bilan bogʻlanib, raqibining mazkur gaplariga nisbatan fikri bilan qiziqibgina qolmay, baʼzi savollarni ham berib koʻrdik.

Ha mayli, xohlaganicha gapiraversin. Hamma narsa ringda hal boʻladi. Xudo xohlasa, bu raqibimni ham magʻlub etaman”, – deydi Madrimov.

– Raqibning janglari qanchalik oʻrganib chiqilmoqda?
– Erikning avvalgi janglarini koʻrib, tahlil qilib chiqdik. Hozirgi mashgʻulotlarda unga qarshi taktikalar ustida ishlayapmiz.
– Aynan unga qarshi bahs varianti qanday paydo boʻldi?
– “Matchroom boxing” va “DAZN” tashkilotlari hozirda shu bokschi Amerikadaligi va jang oʻtkazishga tayyor ekanini bildirishdi. Keyin biz bu taklifni qabul qildik.
– Ayrim manbalar boʻlajak jang WBA kamari uchun boʻladi deb koʻrsatmoqda. Shunga aniqlik kiritib oʻtsangiz.
– Ha inshoolloh, shu kamar. Yanayam aniqrogʻi, vaqtinchalik jahon chempionlik kamari uchun boʻladi.

Maʼlumot uchun, Erik Uolker 1983-yil AQSHda tavallud topgan. Professional boksda 22 ta jang oʻtkazib, ulardan 20 tasida gʻalaba qozongan (9 nokaut) va 2 bor magʻlub boʻlgan (ochkolar boʻyicha). Isroil Madrimov esa 5 ta jang oʻtkazib, ularning barchasida raqiblarini nokaut evaziga magʻlub etgan.

Taʼkidlash joiz, Madrimov bilan bir kechada yana bir vakilimiz Shahram Gʻiyosov ham oʻz vazn toifasida meksikalik Fransisko Roxoga qarshi jang qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?