Noz-ne’matlar uvoliga qolyapmiz. Bunga kim aybdor?

19:29 13 Iyul 2018 Iqtisodiyot
1311 0
Foto: “Xalq so‘zi”

Yurtimizda ayni pishiqchilik. Saraton taftidan meva-sabzavot, poliz mahsulotlari birin-ketin pishib yetilmoqda. Natijada bozorlarda narx-navo barqarorlashyapti. Ro‘zg‘or uchun muhim mahsulotlar — piyoz, sarimsoqpiyoz, baqlajon, pomidor, bodring kabi sabzavotlar, kartoshka, olxo‘ri, olma, o‘riklarni maqbul narxlarda olasiz. Bu hosil cho‘g‘ining balandligidan, albatta.

Iste’molchi uchun narx qancha arzon bo‘lsa, shuncha yaxshi. Ammo bog‘bonu dehqonga-chi? Ular xizmatiga yarasha daromad olyaptimi?

Sirtdan qaraganda, hammasi joyida. Chunki rasmiy ma’lumotlarda keltirilishicha,mahsulot yetishtirish hajmi ham, uning eksporti ham avvalgi yillardagiga qaraganda ancha oshgan. O‘sish bormi, demak, foyda ham bor. Bu isbot talab qilmaydigan haqiqat.

“O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyatidan ma’lum qilishlaricha, joriy yilning birinchi yarmida 593 ming 310 tonna sarxil va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilinib, o‘sish sur’ati 173 foizni tashkil etdi. Qiyoslaydigan bo‘lsak, o‘tgan yilning shu davrida xorijga 342 ming 407 tonna mahsulot sotilgan.

Garchi, qo‘lga kiritilgan natijalar ijobiy bo‘lsa-da, joylarda real holat bilan yaqindan tanishganimizda, vaziyat sizu biz o‘ylaganchalik emasligiga ishonch hosil qildik. Mavjud imkoniyatdan to‘liq foydalana olinmayotgani, mahsulotni saqlash, eksport qilish bo‘yicha yaratilgan tizim to‘liq ishlamayotgani oqibatida, afsuski, mashaqqatli mehnat evaziga yetishtirilgan noz-ne’matlar uvol bo‘lmoqda.

Fermer yordamga muhtoj

“Qibray oltin mevasi” fermer xo‘jaligi rahbari Zarina Jumanazarova 4 gektarlik bog‘idagi olxo‘ri hosilini nima qilishini bilmay, boshi qotgan. Mana, ikki yildirki, fermer mevalarni sarflangan xarajatni qoplaydigan darajadagi narxda sota olmayapti.

“Xaridorlarning yo‘qligidan o‘tgan yili hosilning katta qismi yer bilan yakson bo‘ldi. Bu hol joriy mavsumda ham takrorlanib, pishib yetilgan mevalar “oqib ketmoqda”. Qilgan mehnatingga achinasan, kishi. To‘liq hosilga kirgan daraxtlarni kesib tashlashga esa ko‘zing qiymaydi. Uvoli bor-da!Fermerlarni qo‘llab-quvvatlash uchun eksport bilan shug‘ullanadigan, ayni vaqtda mahsulotni qayta ishlaydigan korxonalar mas’uliyatini oshirish, ular sonini ko‘paytirish lozim. Afsuski, bugun har ikki tarmoq ham ko‘ngildagidek ishlamayapti. Qaniydi ular erta bahordanoq biz bilan shartnoma tuzishsa-yu, bor hosilimizni sotib olishsa. Shunda fermer o‘z yumushi bilan mashg‘ul bo‘lar edi”, - deydi u.

To‘g‘ri, fermerlarga ko‘mak berish, hamkorlar topish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, poytaxt viloyatining Qibray tumanida shu yilning o‘tgan olti oyi davomida 7 million 190 ming AQSH dollari miqdorida meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi. Prognoz ko‘rsatkichlari 120 foiz uddalangan. Mahsulotning asosiy qismi iyun oyida chet elliklarga yetkazib berildi. Ya’ni bir oy davomida xorij bozorlariga chiqarilgan meva-sabzavotlarning umumiy hajmi 5 million 193 ming dollarga teng bo‘ldi. Biroq ushbu raqamni bundan bir necha barobar oshirish uchun imkoniyatlar yetarli. Nega undan foydalanilmayapti?

Tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Ne’matilla Soatov mazkur raqamlarni quyidagicha sharhlaydi:

— Avvalo, bu tabiiy omillar bilan bog‘liq. Yurtimizda iyun — ayni pishiqchilik oyi. Qolaversa, biz “O‘zagroeksport”dan yordam kutdik. Natija bo‘lmagach, fermerlarimiz o‘z kuch va imkoniyatlarini ishga solishdi.

To‘g‘ri, bu jarayon ancha og‘ir kechdi. Fermerlarning har tomonlama mukammal va yetuk rahbar bo‘lishini davrning o‘zi taqozo etmoqda. U, albatta, bozor ilmi, marketingini yaxshi o‘zlashtirishi lozim. Taassufki, hozircha hamma ham bunday salohiyatga ega emas.

Tumandagi “Baytqo‘rg‘on. Aripov Hayitboy” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi jamoasi 21,5 gektar maydonda dehqonchilik qiladi. Ular yig‘ishtirib olingan meva-sabzavotlarning bir qismini ichki bozorga yo‘naltirib, qolganini qayta ishlamoqda. Bunda fermer tashabbusi bilan zamonaviy korxona, 2000 tonna mahsulot saqlashga mo‘ljallangan muzlatkich qurib bitkazilgani ayni muddao bo‘ldi.

Korxona bir kunda 10 tonna mahsulotni qayta ishlash quvvatiga ega. Ammo xaridor yo‘qligi uning kam quvvat bilan ishlashiga sabab bo‘layotir. Fermer xo‘jaligi omborida 600 ming dollarlik 10 dan ortiq turdagi, zamonaviy dizayndagi bejirim idishlarga qadoqlangan mahsulotlar saqlanmoqda. Ular, asosan, chet ellik xaridorlarga mo‘ljallangan, lekin hali eksport qilingani yo‘q.

Fermer xo‘jaligi rahbariyati “O‘z bozorimizni topib olgunimizga qadar mutasaddilar bizga yordam berishlari lozim”, degan qat’iy fikrda. Ehtimol, bu ham to‘g‘ridir. Yil boshida “O‘zagroeksport” AJga qilingan murojaat izsiz ketmadi. Eksportchilar xaridorlarni boshlab kelishdi. Qo‘l olishdilar. Ajablanarlisi, shu bo‘yi xaridor ham, eksportchi mutaxassislar ham dom-daraksiz ketishdi.

Fermer yordamga muhtoj. U mahsulot yetishtirish hadisini olgan. Bozor sir-asrorlarini, ayniqsa, eksportni o‘rganish uchun esa bir oz fursat kerak. Ana shu pallada eksport bilan shug‘ullanuvchi mutasaddi tashkilotlar bu bo‘shliqning o‘rnini to‘ldirib tursalar, ayni muddao bo‘lar edi.

Ming tonnadan ortiq hosil dalada qolmoqda...

O‘ylab qolasan, kishi. Poytaxtimizning shundoq biqinida, ya’ni mahsulotni eksportga chiqarish, qayta ishlash yoki bozorlarga yetkazib berish uchun logistika imkoniyatlari katta bo‘lgan joyda noz-ne’matlar uvol bo‘layotgan ekan, markazdan olis hududlarda ahvol qanday? Ushbu savolga javobni Qashqadaryo viloyati misolida izlaymiz.

Tan olish kerak, hududda iqtisodiyot tarmoqlari, ayniqsa, qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, tashqi bozorga raqobatdosh mahsulotlar chiqarish, eksport qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Xususan, tumanlarda fermerlar va aholi tomorqalarida serdaromad meva-sabzavot ekinlari ekish, ularni urug‘lik, mablag‘, o‘g‘it, yonilg‘i bilan ta’minlash ishlarini tashkil etishga ko‘maklashuvchi ishchi guruhlari faoliyat yuritmoqda. Biroq ayrim mutasaddilarning e’tiborsizligi tufayli ko‘plab fermerlar mahsulotiga xaridor topa olmay xarajatiga kuyib qolmoqda. Holbuki, davlatimiz rahbari tomonidan har bir tumanda meva-sabzavotni eksport qilishga ixtisoslashtirilgan tuzilmalar tashkil etish, fermerlarning tashqi iqtisodiy faoliyatiga ko‘maklashish muhim vazifa etib belgilangan.

— Mahsulotlarimizni eksport qilish bo‘yicha sun’iy to‘siqlar yo‘q, — deydi Nishon tumanidagi “Sohibqiron shirin mevalari” fermer xo‘jaligi rahbari Dilmurod Jahongirov. — Lekin ichki va tashqi bozorlardagi narxlar eksportga katta ta’sir qilyapti. O‘zimizdan qiyos: xo‘jaligimizdagi 51 gektar sug‘oriladigan yerning 42 gektariga piyoz ekkan edik. Eksportga ko‘maklashish maqsadida respublikadan kelgan mutasaddilar viloyat va tuman hokimligi, “O‘zagroeksport” vakillari bilan birgalikda maydonni ko‘zdan kechirib, mahsulotning katta-kichikligiga qarab, saralab bering, sotamiz, deyishdi. Lekin hech kim so‘ramadi.

Biz“O‘zagroeksport”ga shu haqda bir necha marta xat bilan chiqdik, javob bo‘lmadi. Natijasini o‘zimiz aytamiz, deyishdi, hamon jimjitlik. Vaholonki, “O‘zagroeksport” tomonidan piyozning bir tonnasiga 60 dollargacha narx belgilab berilgan. Mahsulotimizni shu narxda sotib olishlari kerak edi, ammo hosil taroziga tushgach, har xil vajlarni aytib, o‘zlari belgilagan narxda ham olishmadi. Avval “kalibrovka”ni, ya’ni katta-kichikligini muammo qilishdi. Mayli, deb bu boradagi talabiga ham ko‘ndik. “O‘zagroeksport” vakilining dabdurustdan “Buyurtmachi kelmadi, jahon bozorida narx tushib ketdi, biz ololmaymiz, o‘zlaring harakat qilinglar”, degani hammasidan oshib tushdi.

Shundan so‘ng rossiyalik ishbilarmonlar bilan shartnoma tuzib, mahsulotni sotishga urinib ko‘rdik. Piyozning bu yurtda ham, Yevropada ham narxi tushib ketganligi tufayli amaliy natijaga erisha olmadik.

Hozir ming tonnadan oshiq piyoz hosili dalada yotibdi. Ko‘rib turibsiz, keyingi kunlarda havo harorati ko‘tarilib ketyapti, bu hosilni nobud qiladi. Shu haqda o‘ylasam, yuragim orqaga tortib ketadi. Axir oz emas, qariyb 400 million so‘m xarajat qilganmiz...

“Hozir piyoz olyapmiz, hali “chesnok” olmaymiz”

Koson tumanidagi “Boyterak” fermer xo‘jaligi tasarrufidagi yer maydoni unchalik katta emas — 28 gektar. Bu joyda, asosan, g‘alla va paxta yetishtiriladi.

Xo‘jalik rahbari Baxtiyor Primov mutasaddilarning ko‘rsatmasi bilan“to‘qsonbosti” usulida 2 gektar yerga sarimsoqpiyoz, 6 gektarga achchiq qalampir ekadi.

— Hosilni sotish haqida o‘ylamay, ekaver, deyishdi, — deya eslaydifermer. — Kattakonlarning gapini qog‘ozga tikibbo‘lmaydi-ku?! Og‘zaki buyruq berildi. Shartnoma ham, bo‘nak puli ham yo‘q. Bu ishlar xarajatsiz bo‘lmaydi, albatta. Mablag‘ sarfladik, ishchi yolladik. Hosil yetildi. Hozir 20 tonna sarimsoqpiyoz xaridorini kutib yotibdi. Achchiq qalampir ham shu oy oxirida tayyor bo‘ladi. Yana bir gektar yerda eksportbop mahsulot — bulg‘or qalampiri yetishtirganmiz. Ularni ichki bozorga chiqarish o‘zini oqlamaydi, xarajatni qoplamaydi.

Fermerning yozg‘irishicha, hosilni sotish uchun bormagan joyi, kirmagan eshigi qolmagan. Axir sarimsoqpiyoz vaachchiq qalampir yetishtirish uchun 90 million so‘m xarajat qilgan.

— Tayyorlov korxonalarining oti boru, o‘zi yo‘q, — deydi Baxtiyor Primov. — “O‘zagroeksport” AJdan ham naf bo‘lmadi. Ushbu tashkilot vakillari kelib, ekinimizni ko‘rib ketishgan edi. Lekin mahsulotni sotishga kelganda “hozir piyoz olyapmiz, hali “chesnok” olmaymiz”, deyishdan nariga o‘tishmadi.

Viloyat hokimligi tomonidan Fermer xo‘jaliklarining eksport salohiyatini oshirish, mavjud muammolarni bartaraf etish va qo‘shimcha eksport zaxiralarini aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan. Unda qancha achchiq qalampir yetishtirilishi, qayerga eksport qilinishi aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Ammo uning ijrosiga mutasaddilar, tegishli sektor rahbarlari panja orasidan qarashayotgani dehqonning chuv tushib qolishiga sabab bo‘layotir.

Savollarga javob yo‘q

Ziroatchilik mashaqqatini anglash uchun bir quloch yerga urug‘ qadab, mahsulot yetishtirishning o‘zi kifoya. Biroq mashaqqatli mehnat evaziga rizq-ro‘z yaratayotgan dehqonningkosasi oqarishiga ba’zan tabiat injiqliklari, ba’zida esa e’tiborsizlik, beparvoliklar ham pand berayotgani bor gap. Bunday deyishimizning boisi shundaki, Surxondaryo viloyatidagi ekin maydonlarida o‘z xaridori, iste’molchisini kutib, piyoz, kartoshka mahsulotlari uvol bo‘lib qolmoqda. Bu esa yil bo‘yi ter to‘kkan dehqonning daromad olishi tugul, qilgan xarajatlarini qoplashi uchun ham imkon bermayapti.

— Dehqonchilikdan foyda o‘rniga katta ziyon ko‘rdim, — deydi Sariosiyo tumanidagi Gulobod mahallasida yashovchi Saidali Boboyev. — Bu yil yaxshi niyatlar bilan 20 sotix tomorqamda 8 tonna kartoshka yetishtirdim. Gapning rosti, uning 7 tonnasini suv tekinga berib yubordim. Bundan tashqari, aka-ukalarim bilan birgalikda 57 tonna piyoz yetishtirgandik. Xaridor yo‘qligi tufayli mahsulotning kilosini 300 so‘mdan sotishga majbur bo‘ldik. Davlatimiz rahbarining ichki bozordan ortgan mahsulotni chet davlatlarga sotish bo‘yicha bergan ko‘rsatmalarining ijrosi nega ta’minlanmayapti? Nima uchun mutasaddilar biz, dehqonlarning kasodga uchrashimizga tomoshabin bo‘lishmoqda? Nahotki, hozirgacha ekin maydonlarida qolayotgan piyoz va boshqa mahsulotlarni yaqin yoki uzoq xorijiy davlatlarga eksport qilishning imkoni bo‘lmasa?

Savollar ko‘p, javob esa topilganicha yo‘q. Birgina Sariosiyo tumanida fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari tomonidan yetishtirilgan 13 ming 714 tonna kartoshka, 19 mingtonnapiyoz sotilmasdan qolayotgani masalani jiddiy o‘rganishni taqozo etadi, albatta.

Eksport ham oson ish emas

Jizzax viloyatida 117 ta korxona qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bilan shug‘ullanadi. Joriy yilning birinchi yarmida ular tomonidan 11 million 200 ming AQSH dollarilik meva-sabzavot va boshqa mahsulotlar eksport qilingan. Xo‘sh, bu ozmi yoki ko‘p?

— Eksport uchun imkoniyat katta, mahsulotni dalaning boshida yoki bozordan ham xarid qilishingiz mumkin, — deydi Jizzax shahridagi “Bo‘ston agro eksport” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Avaz Malikov. — Biroq mahsulotlarni xorijga olib chiqishda muammolar paydo bo‘lmoqda. Biz yaqinda piyoz eksport qildik. Ularni yig‘ib, mashinaga ortishga ikki kun vaqt ketdi. Vagonga buyurtma berish, uni rasmiylashtirishga yana ikki kun kerak bo‘ldi. Ortilgan mahsulotni Qozog‘istonga yetkazgunimizcha esa uch kun vaqt yo‘qotdik. Manzilga borgach, ne ko‘z bilan ko‘raylikki, ertagi piyozimiz “suv”ga aylanib qolibdi. Ham mahsulotimizga, ham xarajatimizga kuydik. Bunday holatda yana eksport qilishga yuragimiz dov bermayapti.

Tadbirkorning kuyinganicha bor ekan. Boshqa eksportchilar bilan suhbatlashganimizda, ular ham vagon topish muammo ekanligini aytishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Jizzaxdan ortilgan mahsulot Xovos temir yo‘l stansiyasida bir-ikki kun, hattoki uch kunlab qolib ketarkan. Bu esa tez buziluvchi va aynuvchi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishga sezilarli ta’sir ko‘rsatayotgani tabiiy, albatta. Shuning uchun ayrim tadbirkorlar vaqtni yo‘qotmaslik uchun Sirdaryo temir yo‘llaridan foydalanishga majbur bo‘lishmoqda. Uning idorasi va rahbariyati esa Toshkent shahridaki, vagonga buyurtma berishi, mahsulotlarni sertifikatlashtirish, hujjatlashtirish ishlari uchun Sirdaryo bilan Toshkent o‘rtasidagi 120 kilometrlik masofada “bo‘zchining mokisi”dek qatnashiga to‘g‘ri keladi...

Yil — o‘n ikki oy dalada mehnat qilgan dehqon esa yetishtirgan mahsulotini qimmat narxda sotgisi keladi. Meva-cheva g‘arq pishib yetilganda hosilni hech kim so‘ramasa, unga munosib narx qo‘yolmasang, sarflagan pulingni chiqarolmasang, yana mehnat qilging keladimi?!

Yechim bor, ammo...

Statistika ma’lumotlariga qaraganda, 2017 yilda mamlakatimiz bo‘yicha 3 million 14,6 ming tonna kartoshka, 11 million 433,6 ming tonna sabzavot, 2 million 94,8 ming tonna poliz, 3 million 76,3 ming tonna meva va rezavorlar, 1 million 748,9 ming tonna uzum yetishtirilgan. Bu yil bog‘dorchilik uchun qulay kelganini hisobga olsak, ushbu raqamlar ortishi, tabiiy. Ammo qarichni sal kengroq olib tahlil qiladigan bo‘lsak, ichki ehtiyojdan ortiq eksportbop mahsulotlarni sotish u qadar murakkab emas. Axir bular dunyo bo‘yicha yetishtirilayotgan 800 million tonna mevaning arzimagan ulushi, xolos. Asosiy mahsulot yetishtiruvchi hisoblangan Xitoy (dunyo yalpi mahsulotining 20 foizi), Hindiston (13 foiz), Braziliya (6 foiz), AQSH (4 foiz), Indoneziya (3 foiz) kabi davlatlarda hosildorlikni yanada oshirish evaziga eksportni ko‘paytirishga zo‘r berilayotgan bir paytda yurtimizda mavjud noz-ne’matni sifatli saqlash tugul, yig‘ishtirib olinmayotganini qanday baholash mumkin? Dehqonning ishdan qo‘li sovushida kimni ayblash mumkin?

O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, dunyo bo‘yicha har gektar bog‘dan o‘rtacha 11,3 tonna meva olinsa, bu ko‘rsatkich AQSHda 23 tonna, Indoneziyada 22 tonna, Braziliyada 16,5 tonnani tashkil etmoqda. Ushbu raqamlar zamirida, shubhasiz, moddiy manfaatdorlikning yuqoriligi mujassamdir. Natijada olma, nok, behi kabi urug‘li mevalar eksportida Xitoy, uzum yetkazib berishda Chili va AQSH, o‘rik, shaftoli, olxo‘ri kabi danakli mevalar savdosida Ispaniya yetakchilik qilmoqda. Haqli savol tug‘iladi: O‘zbekiston qachon ular safidan joy oladi?

Meva-sabzavotlarni sarxil holida eksport qilish imkoni bo‘lmayotgan ekan, unga qo‘shimcha qiymat qo‘shishning yo‘llari ko‘p-ku? Masalan, keyingi paytda jahonda muzlatilgan meva-sabzavotlarga talab ortib boryapti. AQSH va Shvetsiyada bunday mahsulotlar iste’moli aholi jon boshiga 50 kilogrammni tashkil etayotgani buning yaqqol dalilidir. Natijada “shok” usulida muzlatilgan meva-sabzavotlar yetkazib berish hajmi yiliga 3,7 foiz o‘smoqda. Yoki bo‘lmasa, sabzavotlar sharbatiga talab kuchaymoqda. Masalan, Germaniyada karamdan olingan sharbat sevib iste’mol qilinadi.

Davlatimiz tomonidan eksportni rag‘batlantirish, buning uchun zarur qulaylik va imtiyozlar yaratish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rilayotgan hozirgi sharoitda ham mutasaddilar bu masalaga yuzaki munosabatda bo‘lar ekan, orzular ro‘yobga chiqmasdan qolib ketaveradi. Yangi savdo yo‘laklarini o‘zlashtirish tugul, mavjud bozorni ham boy berib qo‘yishimiz hech gap emas. Chunki bozor iqtisodiyotida raqobatga dosh berganlargina o‘z joyini muqim saqlab qoladi.

Demak, bugun meva-sabzavot mahsulotlari narxining tushib ketgani dehqonning ziyon ko‘rishiga asos bo‘la olmaydi. “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyati mutasaddilari yurtimiz dehqon va fermerlarini o‘ylantirayotgan ushbu masalaga o‘z munosabatlarini bildiradi, degan umiddamiz. Zero, “Xalq so‘zi” nazoratidagi mazkur mavzuga yana qaytamiz.
Rahmatilla ShЕRALIYEV,
Ahad MUHAMMADIYEV,
Ilhom RAHMATOV,
Tolibjon ERGASHЕV,
“Xalq so‘zi” muxbirlari.

Infografika. “Xalq so‘zi”


Tahririyatdan:
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligining statistik ma’lumotlari asosida tayyorlangan mazkur infografikadan ham ko‘rinib turibdiki, mamlakatimizda meva-sabzavot eksporti bemisl darajada oshib bormoqda. Bunga, chindan-da, hech qanday shubha yo‘q. Ammo maqolada ko‘tarilgan masalalar hal etilib, eksportchi tuzilmalar dehqon, fermer hamda bog‘bonlarga mashaqqatli mehnat evaziga yetishtirilgan noz-ne’matlarni sotishda yaqindan ko‘mak berishganida, amaliy yordamlarini ayashmaganda edi, natijalar bundan uch-to‘rt karra yuqori bo‘lgan, o‘sish ko‘rsatkichi qariyb 300 foizga emas, balki 500 foizga ham yetishi turgan gap edi.

Ta’kidlash kerakki, hali ham kech emas. Yurtimizda pishiqchilik mavsumi kuzakkacha davom etishini inobatga olsak, vaziyatni o‘nglash, barcha uchun manfaatli tezkor yechimga kelish, amaliy chora-tadbirlar ko‘rish uchun yetarlicha fursat bor.

O‘ylaymizki, mutasaddilar bu borada chuqurroq mushohada yuritib, ushbu masala yuzasidan o‘zlarining munosabatlarini bildiradilar, pirovardida meva-sabzavot eksportida bundan-da yuksak ko‘rsatkichlar qayd etilaveradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?