“Islomxoʻja”ni Pokistonda qanday kutib olishdi?

14:33 29 Yanvar 2019 Madaniyat
939 0

Illyustrativ foto.

Oʻzbekistonlik taniqli rejissyor Jahongir Ahmedov tomonidan suratga olingan “Islomxoʻja” tarixiy badiiy-publitsistik filmining Pokistondagi premyerasi katta muvaffaqiyat qozondi. Unda oʻtgan asrning boshlarida Xiva xonligining bosh vaziri boʻlgan Islomxoʻjaning hayot yoʻli va mamlakat boshqaruvidagi faoliyati haqida hikoya qilinadi.

“Mazkur tadbir Oʻzbekistonning Pokistondagi elchixonasi, shuningdek, Islomobod meriyasi hamda mezbon davlat “Milliy sanʼat kengashi” tomonidan tashkil etildi”, deya yoziladi “Dunyo” axborot agentligi xabarida.

Film taqdimotida Islomobodda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik missiya rahbarlari, Pokiston ijtimoiy-madaniy va ishbilarmonlik doiralari vakillari qatnashdi. Kinoasar premyerasi Pokistondagi yetakchi OAV, jumladan, “PTV News” milliy telekompaniyasi tomonidan keng yoritildi.

Elchi F. Sidiqov mehmonlarni qutlar ekan, Oʻzbekistonda olib borilayotgan koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar milliy kinematografiya hamda sanʼatni rivojlantirishga xizmat qilayotganini alohida taʼkidladi.

Namoyishdan oldin tomoshabinlar “I am Uzbekistan” (“Men Oʻzbekistonman”) nomli ixcham videorolikni tomosha qilish imkoniga ega boʻlishdi. Unda Oʻzbekistonda olib borilayotgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar xususida soʻz yuritiladi. Bundan tashqari, mamlakatning eksport, investitsiyaviy va sayyohlik salohiyati haqida ham toʻxtalib oʻtilgan.

Namoyishdan soʻng “Dunyo” agentligi muxbiri muxlislar bilan suhbatlashdi, ularning taassurotlariga qiziqdi.

Pokiston global va strategik tadqiqotlar markazi yetakchi eksperti S. Axtar:

— Filmda tarixiy faktlar va boy islom merosi batafsil tasvirlanishi Oʻzbekiston ziyorat turizmini rivojlantirish uchun sezilarli salohiyatga ega ekanligini namoyon etdi. Bundan tashqari, asar bosh qahramoni Islomxoʻja paygʻambar Muhammad sallollohu alayhi vassallamning avlodlari saidlardandir. Ularga nafaqat Pokiston, umuman, islom dunyosida alohida ehtirom koʻrsatiladi. Shuning uchun film biz uchun juda qiziq hamda hurmatga loyiq.

 

Foto: Jahongir Ahmedov.

 

“Rove Pakistan” turistik kompaniyasi ijrochi direktori F. Qozi:

— “Islomxoʻja” filmining premyerasi menda katta taassurot qoldirdi. Ushbu kinoasarni tomosha qila turib, islom sivilizatsiyasi markazi boʻlib qolayotgan Xiva, Samarqand va Buxoro kabi mashhur shaharlarga ega oʻzbek kinosanoati bunday tarixiy filmlarni yaratishga katta eʼtibor qaratishi kerak, degan xulosaga keldim.

 

Foto: Jahongir Ahmedov.

 

“Oʻzbekiston — Pokiston ishbilarmonlik kengashi” bosh kotibi A. Afzal:

— “Islomxoʻja” kinofilmi premyerasi nafaqat Oʻzbekiston tarixi va madaniyati, balki respublikaning oʻzida milliy oʻziga xoslikni saqlab qolgan zamonaviy kinematografiya taraqqiyoti bilan Pokiston jamoatchiligini keng tanishtirish nuqtai nazaridan muhim voqeaga aylandi. Oʻzbekiston tarixi, boy madaniyati hamda qadriyatlari, shuningdek, mohirona tasviriy yechimlar, yuksak malakaga ega aktyorlar mahorati pokistonlik tomoshabinlar qalbini zabt etdi.

 

Foto: Jahongir Ahmedov.

 

Pokistondagi etnik oʻzbeklar vakili professor Oʻgʻuzxon:

— Men oʻzbek tarixiga katta hurmat bilan qarayman. Hudud va umuman, jahonda turli sivilizatsiyalar hamda imperiyalarning tarixiy almashinuviga qaramay, Oʻzbekiston oʻziga xosligi va tarixiy yodgorliklari, butun islom olami uchun maʼnaviy qadr-qimmatga ega boʻlgan maʼrifiy islom merosini saqlab qola olgan.

 

Foto: Jahongir Ahmedov.

 

Muxtasar aytganda, pokistonlik muxlislar, ekspertlar va jurnalistlar siyosiy namoyanda, islohotchi hamda insonparvar odamning hayotini toʻlaqonli ochib bergan “Islomxoʻja” tarixiy badiiy-publitsistik filmining yaratilishi Oʻzbekistonda roʻyobga chiqarilayotgan keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va gumanitar oʻzgarishlarning natijasi, degan yakdil fikrga kelishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?