“Islomxo‘ja” — stereotiplarni parchalagan film

17:04 20 Avgust 2018 Madaniyat
1460 0
Foto: Jahongir Ahmedov

Avgust milliy kinematografiya sohasida o‘ziga xos inqilob yaratgan oy bo‘ldi. Avvalo, 7 avgust kuni davlatimiz rahbarining “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 14 band va 7 ilovadan iborat, shu paytga qadar bizda “Kino aslida san’atmi yoki sanoatmi?!” singari savollar tufayli pufakdek shishib kelgan va qachondir yorilishi aniq ko‘rinib turgan muammolarning yechimini topib bergan, kinematografiya sohasiga yondashuvda amal qilib kelayotgan demagogik qarashlarni, boshqacha aytganda, stereotiplarni “sindirgan” mazkur qaror xususida ortiqcha to‘xtalib o‘tirmayman. Bu haqda 15 avgust kuni Xalqaro press-klubda alohida ko‘rsatuv tayyorlandi, unda mamlakatimizning manaman degan kinoshunoslari, kinorejissyorlar, dramaturglar, prodyuserlar o‘zlarining dil so‘zlarini batafsil bayon etishdi.

Ikkinchi inqilobiy voqea xuddi shu kuni — Xalqaro press-klubning yig‘ilishidan so‘ng bo‘lib o‘tdi. Ya’ni shu paytgacha kino san’atida (sanoatida emas!) asrlar osha muhim sanalgan eskicha yondashuvlar, “Film mana shunday bo‘lishi kerak, tamom-vassalom!” singari qat’iy cheklashlarni, inson taxayyulining cheksiz parvoziga qo‘yilgan temir zanjirlarni parchalab tashlagan “Islomxo‘ja” filmining ommaviy axborot vositalari vakillari, kino ichida va kino atrofida “yurganlar” uchun taqdimoti uyushtirildi.

Ochig‘ini aytaman, o‘sha kuni taqdimotga borolmadim. Ammo kechga yaqin ijtimoiy tarmoqlarda, messenjerlarda film haqida tarqalgan xabarlar, postlarni o‘qigach, borolmaganim qattiq alam qilgani ham rost. Ayniqsa, jurnalist va blogerlardan Aziza Qurbonova “diletant” sifatida bildirgan fikrlarga, Anora Sodiqova oddiy tomoshabin bo‘lib yozgan mulohazaga, Shahnoza To‘raxo‘jayevaning aktyorlar jamoasi mehnatini uy bekasi maqomida turib, to‘rt va besh balli tizim asosida baholaganiga guvoh bo‘lgach, “Shuuuuncha umid va shuuuncha ishonch baribir oqlanmabdi-da...” degan o‘y ko‘nglimdan o‘tgani ham yolg‘on emas. Biroq bularning barchasi filmni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, qalbim bilan anglaganimdan, undagi har bitta epizod, har bitta detalni san’atshunos sifatida yurak va aql prizmasidan o‘tkazganimdan so‘ng kech kuzning tongidagi beqaror tuman yanglig‘ mutlaqo tarqab ketgani ham haqiqat...

Devorga qaraganda, miltiqni ham ko‘rish kerak

Anton Pavlovich Chexovning bir mashhur iborasini ko‘pchiligimiz bilamiz. Uni aksariyat jurnalistlarimiz tez-tez takrorlab turishni ham yoqtirishadi-yu, ammo negadir “Islomxo‘ja” filmi haqida mulohaza yuritilganida, ularning ayrimlari bu oddiy haqiqatni unutib qo‘yishgandek... “Agar asar muqaddimasida devorda miltiq osilib turgan bo‘lsa, asarning yakunida u otilishi kerak”, deydi buyuk dramaturg. “Islomxo‘ja” haqida diletantlarcha qilingan, biroq shunga qaramay, hali katta sahnada xalq e’tiboriga havola etilmagan filmning yuzaki “tahlili” asarning obro‘sini balki tushirib yuborishi mumkinligini ham o‘ylamagan qadrli jurnalistlarimiz va blogerlarimiz esa negadir rejissyor tomonidan o‘ylangan “topilma”lar, operatorning o‘ta mukammal tarzda olgan kadrlari, ijrochilarning voqelikka nisbatan munosabatini so‘z bilan emas, ko‘z qarashlari hamda yuzdagi mimikalar orqali yetkazib berishga intilganini (ochig‘ini aytish kerak, har qanday aktyor uchun o‘z munosabatini so‘zsiz ifodalab berish obrazning to‘laqonli chiqishi yo‘lidagi eng og‘ir, eng mashaqqatli jarayonlardan biri hisoblanadi) filmning kamchiligi o‘laroq baholashgan. Kamchilik deb baholashgan-u, biroq bironta ham arzirli, tosh bosadigan dalilni keltira olishmagan.

Foto: Jahongir Ahmedov

Nurdan zulmatgami, zulmatdan nurgami?!

... Film qorong‘ilikda qabriston oralab kelayotgan, atrofiga fonus osilgan foytun tasviri bilan boshlanadi. Foytunchi otga asta qamchi bossa-da, ot nedandir bezovta, oldinga qadam tashlash o‘rniga ortga tisariladi. Ayni shu lahzada maqbaralar orqasidan uchta ko‘lanka paydo bo‘ladi. “Kim bu?!” deb qichqiradi foytunchi. Javob o‘rniga qilichlar qinidan sug‘uriladi, qora ko‘lankalar avval fonusni urib tushirishadi, so‘ng foytunchi badaniga sanchilgan tig‘ zarbidan qattiq qichqirib yerga qulaydi. Atrofni zulmat bosadi...

Mana shu detalning o‘ziyoq Xiva xonligining tarixda “buyuk islohotchi” nomini olgan bosh vaziri — Islomxo‘janing o‘ldirilishi butun Turkiston zaminini yana necha o‘n yillar mobaynida qora zulmatda qoldirganini ifodalamayaptimi axir?! Ammo afsuski, bu oddiy yechimning mohiyatini bizning bloger-jurnalistlarimiz anglab yeta olishmabdi...

Keling, fikrlarimizni davom ettirsak. Tadqiqotchi obrazini yaratgan aktyor Husan Jo‘rayev tomoshabin hozirgina ko‘rgan epizoddagi voqelik ta’sirida uyg‘onib ketadi. Bu uning tushimi yoki xayoloti mahsulimi, bir qarashda, o‘zi ham tushunolmayapti. Ammo eng muhimi shu bilan boshlanadi: tadqiqotchi uyg‘ondi, uning qalbida, ongida turfa savollar paydo bo‘ldi. Tomirida qon gupurib, yuragi “qaynay” boshladi. Buni tadqiqotchi uyg‘onishi bilan go‘yoki kofe yoki choy damlab ichish uchun tugmachasini bosib ishga tushirgan oynavand elektron chovgumning badiiy-publitsistik filmda eng asosiy o‘rinni egallagan mazkur qahramon o‘ziga o‘zi bergan savollar yakunida sharaqlab qaynagani misolida ham ko‘rish mumkin edi. Biroq, afsuski, mana shu kichikkina detal ham negadir e’tibordan chetda qolgan...

Badiiy-publitsistika, bu — biz bilgan kino emas! Uning yangiligi ham shu!

Aziza Qurbonovaning ““Islomxo‘ja”ni ko‘rgan yosh tomoshabin uni “yaxshi ko‘rib qololmaydi”... Ushbu tarixiy shaxsning qirralarini ochib bera oladigan faktlar, voqealarning aksariyati “hikoya qiluvchi-roviy-tadqiqotchi” zimmasiga osongina yuklatilgan. Tarixda ochiq qolgan savollarni o‘rtaga tashlashi — yaxshi, biroq huda-behuda ekranda ko‘rinaverishi va kadr ortida ketma-ket yodda qolmaydigan axborot aytishi dinamikani so‘ndirgan… Uning filmdagi ishtirokini keskin kamaytirib, o‘ta muhim bog‘lovchi vazifasida qolgani ma’qulmidi?” deya bildirgan fikrlari avvalboshda menda qiziqish uyg‘otgan, filmni xuddi bizning ko‘zimiz ko‘p ko‘rib, qulog‘imiz o‘rganib qolgan, Afzal Rafiqov bariton ovozi bilan sharhlab boradigan odatiy hujjatli filmlar singari olingan oddiy kartina sifatida tasavvur qilgandim. Adashgan ekanman! Negaki, filmni tomosha qilgach, rejissyor asarda Islomxo‘janing hayot yo‘li, taqdiri, uning o‘limi atrofidagi haqiqatlarni ochishda, nafaqat bizga, hatto fanga ham noma’lum bo‘lgan ko‘plab faktlarni tomoshabinga oddiy tilda yetkazishda tadqiqotchining roviyligidan o‘ta mahorat bilan, yuksak badiiyatdan chekinmagan holda, unumli foydalana olganining guvohiga aylandim. Ayniqsa, tadqiqotchining goh-gohida o‘sha davr ruhiga “singib ketgani”, voqealarning tarix va kelajak o‘rtasida kechishi har qanday tomoshabinni befarq qoldirmaydi, degan fikrdaman. Qolaversa, tarixiy jarayonni faktlar, aniq hujjatlardan chekinilmagan, o‘ta badiiylashtirilib yuborilmagan tarzda, ammo o‘ta hujjatli ham qilib yuborilmagan shakldagi badiiy ko‘rinishda ifodalashda ayni shu yo‘l eng maqbulidir. Bunga jahon kinematografiyasidan istalgancha misol keltirish ham mumkin.

Yarmi singan g‘isht... va sukunat

Bloger filmni tahlil qilarkan, “Yana men ishonmaymanki, (balki ishonamanki, deyilsa, to‘g‘riroq bo‘larmidi! — ta’kid bizniki) Isfandiyorxon zamonida xon saroyining zinapoyasi yarmi ko‘chgan g‘ishtli bo‘lmagan...”, deydi. Bunga biz ham ishonamiz. Axir Islomxo‘ja davrida barcha soha gullab-yashnagan, bunyodkorlik-ku inchunin... Ammo yarmi singan g‘isht rejissyor yoki operatorning e’tiborsizligi mahsuli emas. Bu ham tomoshabinga o‘sha davrning nechog‘li qaltisligini, Islomxo‘ja esa qanday xavfli yo‘lni tanlaganini bildiradi. Buni tushunish uchun esa diletant tahlilchi yoki oddiy tomoshabin bo‘lishning o‘zigina kifoya qilmaydi.

Filmni oddiy tomoshabin sifatida ko‘rgan, biroq uning ruhiyati, mazmun-mohiyatiga kirib borolmagan, shunga qaramay, o‘zining fikrlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali bemalol bildirish huquqiga o‘zini ega deb bilgan blogerlarimiz Ulug‘bek Qodirov(Islomxo‘ja)ning “g‘o‘dayib uyoqdan-buyoqqa yurishi”, “kuchli aktyorlar va boshqa sohalardan qo‘shilib qolgan “aktyor”larning ulkan jamoasi faqat shiddat bilan u yoqdan bu yoqqa yurish va ko‘zi bilan “ataka” qilish uchun ishlatilgani”dan qoniqishmaganini aytib, ulardan SO‘ZLASHni talab qilishadi. Bunga muhim argument sifatida “bizning tomoshabin ko‘p eshitgandan ko‘ra, ko‘rishni yaxshi ko‘radigandek…” deya mulohaza bildirishadi. To‘g‘ri, siz xayol surib o‘tirarkansiz, aktyorlar gapirib tursa, to‘satdan “uyg‘onib” ketganingizda, voqea nimaga kelganini, gap nimada ekanini darhol anglab olishingiz oson bo‘lar, ammo ishoning, bu uslub kadr ichida ketayotgan voqelikni osongina ifodalashda aktyorlarga ham katta yordam bergan bo‘lur edi. “Islomxo‘ja”ning yana bir yutug‘i shuki, yuqorida yozganimdek, har qanday san’atkor uchun o‘ta murakkab bo‘lgan vazifa — voqelikka nisbatan o‘z munosabatini so‘zsiz aks ettirib berishdek mashaqqatli yumush aktyorlar jamoasi tomonidan juda ham mukammal, juda ham ishonarli tarzda bajarilgan. Buni esa tanqid qilish emas, faqat va faqat olqishlash kerak, aslida...

Yana qanday detallarga ahamiyat qaratish kerak edi?!

Hali ko‘p yozishim, juda ham ko‘p detallarni jamoatchilik e’tiboriga havola qilishim mumkin edi, ammo filmning keng omma uchun mo‘ljallangan premyerasi bo‘lib o‘tmagani, qolaversa, odamlar avvalgidek katta narsalarni o‘qishga qiziqmasliklari tufayli gapni qisqa qilishni ma’qul topdim. Shunga qaramay, blogerlarimiz e’tibor berishi kerak bo‘lgan yana ayrim detallarni sanab o‘tmoqchiman.

1. Islomxo‘janing o‘z o‘limini bila turib o‘limga rozi bo‘lib, “kundaga boshini qo‘yib bergani”ni mantiqsizlik sifatida baholaganlar uchun aytaman: bu — tarix! Uni siz ham, rejissyor ham o‘zgartirolmaydi! Islomxo‘ja balki o‘z o‘limini aniq bilmagandir, biroq aqlli va uzoqni ko‘ra oladigan siyosatchi sifatida u mazkur voqea qachondir sodir bo‘lishini bilgan. Shunga qaramay, o‘z prinsiplaridan voz kechmagan, qochishdan ko‘ra, o‘limga tik boqishni afzal bilgan. Barcha buyuk siyosatchilar bunday vaziyatda aynan shunday yo‘l tutadilar! Bunga tarixdan istalgancha isbot topish mumkin.

Qolaversa, agar Islomxo‘ja o‘shanda o‘ldirilmaganida, balki tarix g‘ildiragi boshqa yo‘ldan ketgan bo‘lar, sizu biz esa Vatanga xiyonat va vatanparvarlik kontrast qo‘yilgan mazkur film ustida mulohaza yuritib o‘tirmasmidik?

Foto: Jahongir Ahmedov

2. Islomxo‘ja xon nomidan gapirib, xalqni talayotgan amaldorlarga qattiq kurashadi, ammo bugungi kun tili bilan aytganda, “samosud”ga yo‘l qo‘ymaydi. Qozining hukmisiz hech bir jinoyatchiga jazo tayinlamaydi. Bu ham uning adolatparvar va xalqparvar bo‘lgani, qonunni qattiq hurmat qilgani va unga bo‘yinsunganini ko‘rsatadi.

3. Asfandiyorxon taxtga o‘tirganida va undan keyingi epizodlarda uning ko‘ksi bo‘m-bo‘sh edi, biroq kichik xotini Azizaposhshabika (Islomxo‘janing qizi) xonning yoniga otasining o‘ldirilishi tufayli adolat istab kelganida, Asfandiyorning ko‘ksini chor Rossiyasining orden-medallari bezab turardi. Mana shu detalning o‘zi ham Asfandiyorxon qanday murakkab davrda nechog‘li murakkab vaziyatda qolganini, xoin saroy ayonlari va istilochi imperiyaning “chizgan chizig‘i”dan bir qadam ham chetga chiqa olmaganini ifodalashga xizmat qilgan. Buni bironta ham so‘z ishlatilmagan bo‘lsa-da, Azizaposhshabika ham tushunib yetgani, xon rafiqasini yupatishga urinmasin, o‘ziga belgilab berilgan chegaradan chiqib ketolmagani ham filmning badiiy qimmatini oshirgan epizodlardan bo‘lgan, desak, adashmaymiz. Ammo negadir bu detalga ham bironta bloger-jurnalist umuman ahamiyat qaratmagan...

Chumchuq so‘ysa ham, qassob so‘ygani yaxshi

Xullas, kimningdir mehnati mahsulini kamsitishdan ilgari (ayniqsa, bildiradigan fikri ko‘pchilikning dunyoqarashini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan, el nazaridagi bloger va jurnalistlar!) o‘zingizga bir savol bering: men shu sohaning mutaxassisimanmi?! Biron fikr bildirsam bo‘ladimi? Chunki dono xalqimizning purma’no bir hikmati borki, chumchuq so‘ysa ham, qassob so‘ysin...

Hasan TOSHXO‘JAYEV, san’atshunos.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?